[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Isitma

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Isitma — odam va issiq qonli hayvonlar organizmining qoʻzgʻatuvchi omillar (xususan, mikroblar)ga nisbatan maxsus reaksiyasi; himoyalanish usullaridan biri. Gavda temperaturasining koʻtarilishida namoyon boʻladi, koʻpgina kasalliklarda kuzatiladi. Gavda temperaturasining koʻtarilishi bilan oʻtadigan hamma kasalliklar qadimdan isitma deb atalgan. Isitma hozir mustaqil kasallik deb hisoblanmasa ham, baʼzi kasalliklar hamon isitma deb ataladi (masalan, bezgak isitmasi, iskabtopar isitmasi, Ku isitmasi). Isitmaning infeksion va noineksion xillari farq qilinadi. Isitma yuqumli kasalliklarda ham, yuqumsiz kasalliklarda ham chiqaverishi mumkin.

Koʻpincha kasallik mikroblari (va viruslari) chiqargan modsalar va ularning parchalanish mahsulotlari, organizmga hazm yoʻlidan boshqa yoʻl bilan kiritilgan yot oqsillar (baʼzan vaksinalar)ning parchalanish mahsulotlari, shuningdek, organizmning oʻz toʻqima va hujayralari shikastlanganda (masalan, ichga qon quyilganda, jarohatlanishda, toʻqimalar ezilganda va hokazo) hosil boʻladigan moddalar taʼsirida isitma chiqadi. Organizmda moddalar almashinganda kimyoviy reaksiyalar roʻy berishi toʻfayli baʼzi aʼzolarda, masalan, jigar va muskullarda doim issiklik hosil boʻlib turadi, shundan maʼlum bir qismining badanda ushlanib qolishi gavda temperaturasining koʻtarilishiga sabab boʻladi. Yuqorida aytilgan moddalar bosh miyadagi termoregulyasiya markaziga bevosita yoki retseptorlar orqali taʼsir etganda isitma paydo boʻladi. Gavda temperaturasi tez koʻtarilganda teri tomirlari torayib (spazm), sovuq seziladi va muskullar titraydi (qarang Jun-jish). Gavda temperaturasi juda yuqori koʻtarilgan vaqtda organizmdan issiqlik chiqib ketishi kuchayib, issiqlik hosil boʻlishi vaqtincha muvozanatlanadi. temperatura tushayotganda organizmdan issiqlik chiqib ketishi yanada kuchayadi (badan terlaydi, teri tomirlari kengayadi). temperatura birdaniga-juda tez (kritik) yoki sekin-asta (litik) tushishi mumkin.

Baʼzi mikrob zaharlarining katta dozalari termoregulyasiya markazini qoʻzgʻatgach, ketidan susaytirishi mumkin. Shu sababli kasallik (masalan, difteriya)ning ogʻir — toksik xili deyarli isitmasiz oʻtishi mumkin. Keksalar va ozgʻin, bedarmon kishilar ogʻir infeksion kasalliklar bilan ogʻriganda baʼzan isitma chiqmaydi.

Gavda temperaturasining koʻtarilish darajasiga qarab isitma subfebril (38° dan past), oʻrtacha (39,5° gacha), yuqori yoki baland (4 G gacha) va baʼzan, haddan tashqari yuqori (41° dan ortiq) boʻladi. Gavda temperaturasining 40-4G gacha koʻtarilishi bosh ogʻrigʻi, darmonsizlik, ishtaha boʻgʻilishi, meʼda sekretsiyasining susayishi va boshqa hodisalarga sabab boʻlsada, hayot uchun xavfli emas. Lekin isitmali baʼzi kasalliklarda bemorning alaxlashi, behush boʻlib qolishi, moddalar almashinuvi va ovqat hazm qilishning buzilishi, asosan, temperaturaning koʻp koʻtarilishiga emas, balki shu kasallikdagi intoksikatsiya xususiyatlariga va shuning natijasida orga-nizmdagi turli funksiyalarning buzilish darajasiga bogʻliq. Bu holda bemor atrofida hamshira yoki boshqa tibbiyot xodimi, shuningdek, bemorning yaqin kishilari boʻlib sovuq kompress qoʻyishi va bexosdan oʻrnidan turib ketmasligini nazorat qilib turishi shart.

Kasallik sababini bartaraf qilmay turib, isitmani sunʼiy yoʻl bilan tushirish bemorning kayfiyatini yaxshilasa ham, naf bermaydi, aksincha, tashhis (diagnoz) ni qiyinlashtiradi. Isitma chiqqanda organizmning immun xususiyatlari kuchayib (Immunitet), infeksion jarayonlar susayadi, shu bois ayrim hollarda (zaxmning 4-bosqichi, epidemik ensefalit va boshqalar) davo maqsadida sunʼiy isitma yuzaga keltiriladi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil