[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Immunitet

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Immunitet (lotincha: immunitas — biron narsadan xalos, ozod qilish, qutulish) — tirik mavjudotlarning oʻz butunligi va biologik noyobligini buzuvchi „yot“ omillardan himoyalanishi, qarshilik koʻrsatishi, rezistentligi. „Yot“ omillarga bakteriyalar va ularning toksinlari, [viruslar], [zamburugʻlar], sodda jonivorlar, [gelmintlar], koʻchirib oʻtkazilgan aʼzo va toʻqimalar, organizmning oʻzgargan oʻz xujayralari (masalan, oʻsmasimon hujayralar) va boshqalar kiradi. Bu omillar organizm uchun irsiy begona boʻlgan kimyoviy agentlar — [antigenlar] tutadi.

Organizmni infeksion agentlar va boshqa yot moddalardan himoya qilish omillari tabiati boʻyicha uchga boʻlinadi:

  1. Filogenetik immunitet — anatomik va fiziologik belgilar bilan taʼminlanib, nasldan naslga oʻtadigan nomaxsus himoya omillari yoki organizmning nomaxsus rezistentligi. Bu omillar patogen agentlar bilan birinchi boʻlib aloqa qiladi,. shuning uchun ularning faoliyati hisobiga odam organizmining koʻpgina yuqumli kasallik qoʻzgʻatuvchilariga chidamliligi taʼminlanadi.
  2. Tugʻma immunitet (turga xos, tabiiy) — bir biologik turning maʼlum bir patogen agentga nisbatan chidamligi bulib, nasldannaslga oʻtadi. Masalan, it, qoramol, tovuklarning oʻlat kasalligi qoʻzgʻatuvchilari odamlarga yuqmaydi, oʻz navbatida odamlardagi zaxm, qizamiq, virusli gepatit, OITS qoʻzgʻatuvchilari hayvonlarda kasallik qoʻzgʻatmaydi. Turga xos immunitet uzoq yillar davomida evolyusiya natijasida makroorganizm bilan patogen mikroorganizmlarning oʻzaro munosabati oqibatida vujudga kelgan.
  3. Orttirilgan immunitet — hayot davomida organizm immun sistemasining yot antigenlar bilan taʼsirlashuvi hisobiga yuzaga keladigan himoya boʻlib, nasldan naslga oʻtmaydi.

Orttirilgan immunitet tabiiy va sunʼiy boʻladi. Tabiiy immunitet oʻz navbatida yana ikkiga boʻlinadi:

  1. tabiiy faol immunitet — yuqumli kasallikdan sogʻaygandan soʻng yuzaga keladi;
  2. tabiiy sust immunitet — onadan bolaga yoʻldosh va sut orqali oʻtadi.

Sunʼiy immunitet ham ikki xil boʻladi:

  1. sunʼiy faol immunitet vaksinalar bilan emlaganda hosil boʻladi;
  2. sunʼiy sust immunitetzardob, qon, immunoglobulin va plazmalar yuborilgandan soʻng yuzaga keladi. Orttirilgan immunitet mikrobga qarshi (antibakterial immunitet) va uning toksinlariga qarshi (antitoksik immunitet) vujudga keladi. Antibakterial immunitet oʻz navbatida steril va nosteril turlarga bulinadi. Steril immunitetda kasallikdan soʻng patogen mikrob organizmda saqlanib qolmaydi (koʻpgina yuqumli kasalliklarga xos). Nosteril immunitetda kasallik qoʻzgʻatuvchisi organizmda saqlanib qolishi mumkin (masalan, sil, ich terlama, shol, gepatit kabi kasalliklarda), lekin odamda kasallik belgilari kuzatilmaydi, ammo immunitet maʼlum bir sabablarga koʻra susaysa, kasallik qaytalanishi (retsidiv) mumkin.

Adaptiv immunitet bir organizm limfoid hujayralarini ikkinchi organizmga koʻchirib oʻtkazilganda, ularning faolligi hisobiga yuzaga keladi. Masalan, oq qon kasalligida oʻzgargan qon hujayralari oʻldirilib, donor sogʻlom odamdan koʻmik koʻchirib oʻtkaziladi. Toʻqima va aʼzolarni donordan retsipiyentga koʻchirib oʻtkazishda rivojlanadigan qimoya transplantatsion immunitet deb ataladi. Bu himoya koʻchirib oʻtkazilgan toʻqima va aʼzolarning bitib ketmasligiga va ularning nekrozga uchrashiga sabab boʻladi.

Muayyan toʻqima va aʼzoda maʼlum bir omilga qarshi rivojlangan himoya mahalliy immunitet deb ataladi. Bu himoya sirtqi immun sistema aʼzolarining faolligi hisobiga yuzaga keladi.

Organizmda uni kasallik qoʻzgʻatuvchi har xil mikroorganizmlar va boshqa „yot“ omillardan himoya qiluvchi tabiiy vositalar mavjud (organizmning nomaxsus rezistentligi): teri va shilliq qavatlarning mexanik toʻsiqlik vazifasi, limfa tugunlaridagi yalligʻlanish, organizm suyuqliklarining (soʻlak, koʻz yoshi, meʼda-ichak, nafas va siydiktanosil yoʻllarining shilliq moddalari, limfa, qon zardobi tarkibidagi lizotsim, interferon, komplement, properdin kabi omillar) bakteritsid va normal mikrofloraning antagonistik taʼsiri, fagotsitoz qiluvchi hujayralar va tabiiy killerlar faolligi, organizmning fiziologik reaksiyalari va boshqalar. Nomaxsus chidamlilik qudratli himoya omili boʻlib, makroorganizmning ichki muhiti barqarorligi gomeostazini doimiy ravishda taʼminlab turadi. Organizm limfoid toʻqimalarining „oʻzinikini begonadan“ ajrata olish qobiliyati umurtqali organizmlarda immun omillar sistemasi sifatida shakllangan. Organizmda, irsiy jihatdan begona boʻlgan antigenlarga qarshi immun javob qon limfoid aʼzolarda (immun sistema) maxsus antitelolar va limfotsitlar yordamida amalga oshiriladi.

Bugun profilaktika yuqumli kasalliklarning paydo boʻlishi va tarqalishini oldini olishdan ogoh etuvchi eng samarali chora-tadbirlardan hisoblanadi. Maxsus profilaktika (vaktsinatsiya) — bu aholi oʻziga profilaktik emlanish yoʻli bilan u yoki bu infeksiyaga nisbatan qarshilik koʻrsatish demakdir. Oxirgi 40 yilda profilaktik emlanish qizamiq, difteriya, koʻk yoʻtal, poliomielit, epidemik parotit, “V” gipateti, qizilcha, sil, gripp, epidemik parotit va qoqshol kabi yuqumli kasalliklar bilan kurashishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Maxsus profilaktika usullarini qoʻllash tufayli asosiy yuqumli kasalliklar er yuzidan mutlaqo kamaytirildi, hatto tugatildi ham. Buning hammasi vaksinani qoʻllash evaziga amalga oshirildi. Chinchechak izsiz yoʻqotildi, shol (poliomielit), qizamiq, koʻkyoʻtal, difteriya, tepki kabi kasalliklar esa minimal darajaga tushirildi. Darhaqiqat, har qanday yuqumli kasalliklarning oldini olish, yaʼni yoʻlini qirqishda vaksina, immunzardob va immunoglobulinlar muhim ahamiyatga ega. Bular ichida eng salmoqlisi vaksinadir.

Odam va hayvonning yuqumli kasalliklarigi qarshi immunoprofilaktika va immunoterapiya maqsadida faol immunitet hosil qilishi uchun ishlatiladigan biologik moddalar “vaksinalar” deyiladi. Vaksinalar bir nechta muhim talablarga javob berishi, chunonchi organizm uchun zararsiz, unga yuborilganda tana haroratini oshirmasligi (apirogen), yuqori darajada immunogen, oson yoʻl bilan olinadigan, uzoq vaqtgacha sifati buzilmay va emlashga qulay boʻlishi kerak. Vaksinalar maxsus tanlab olingan viruslarning yoki mikroorganizmlarning shtammlaridan tayyorlanadi. Bunday shtammlar vaksina shtammlari deyiladi. Ular boshqa shu turdagi shtammlardan avirulentligi (zahari past) va yuqor darajada immunitetligi (kuchli immunitet chaqiradi) bilan farq qiladi.

Tirik vaksinalarning kamchiligi ham mavjud: darhaqiqat organizm uchun mutlaqo irsiy jihatdan begona boʻlgan nuklein kislota (oqsil) kiritiladi. Organizmdagi avirulent shtammlar patogenlik (zaharga taʼsir etuvchi) tomonga oʻzgarishi va vaksina tarkibidagi shtammlari oʻstirilayotgan, ekmalardagi begona mikroorganizmlar bilan moslashishi mumkin. Tirik vaksinalarni saqlash muddati juda qisqa. Undan tashqari immuntanqisligi bor odamlarda turli xil noxush asoratlar qoldirishi xavflidir.

Oʻldirilgan vaktsinalar yuqori darajada immunitet chaqiradigan zaharli shtammlardan tayyorlanadi. Buning uchun aburulent shtammlar tanlab olinib, fiziologik eritmada suspenziya tayyorlanadi va fizik (qizdiriladi yoki kimyoviy omillar yordamida undan oʻldirilib, undan vaksina tayyorlanadi. Oʻldirilgan vaksinalar tirik vaksinalardan quyidagi xususiyati bilan ustun turadi. Turgʻunligi, xavfsizligi, tez va oddiy uslubda tayyorlanishi, arzonligi, uzoq vaqt saqlanishi hamda bir necha antigenlarni qoʻshish mumkinligidir. Salbiy tomonlari: mikroorganizmlarning toʻliq oʻldirilganligini nazorat qilish qisqa va kuchsiz immunitet chaqirishi, shuning uchun qayta rivaksinatsiya qilish parenterial yoʻl bilan kiritilgani bois mahalliy immunitetning rivojlanmasligi, immunozaif organizmga kiritilganida allergik reaksiyalar berishi mumkin

Emlash yoshiga va epidemiologik holatga koʻra oʻtkaziladi. Tana harorati koʻtarilganda, ogʻir yuqumli kasalliklardan soʻng, ogʻir kechadigan surunkali infeksiyalarda, yurak etishmovchiligi va baʼzi aʼzolar faoliyati buzilganda, homiladorlik vaqtida, koʻkrak suti bilan emizayotgan paytda, allergik holatlarda, organizmda immunitet tanqisligi kuzatilganida, stress paytida emlash man etiladi.


Vaksinalarga qarshi kuchli immunitet hosil boʻlishi organizmning immun tizimiga vaksinaning tarkibi va sifatiga, toʻgʻri va etarli miqdorda yubrilganiga, vaksinatsiya va reavaksinatsiya qilish orasidagi vaqtga ham bogʻliq.