[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Qandli diabet

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qandli diabet, qand kasalligi — organizmda insulin tanqisligi va moddalar almashinuvi buzilishi natijasida kelib chiqadigan kasallik. Qand kasalligi sharq xalq tabobat tarixida juda qadimdan maʼlum. Abu Ali ibn Sino bu dardga alohida eʼtibor beradi. "Suv qanday ichilgan boʻlsa, shu holda chiqadi", deb yozadi u. Bemorning koʻp suv ichishi boshqa kasalliklarni ham keltirib chiqaradi va bemor juda ozib ketadi. Davolarga toʻxtab tabib: "Bemorga sovuq mizojli suyuqliklar ichir, sovuqjomga sol, nordon ayron ichir, mevalar ber, yalpiz damlab ichir, yaʼni bemorni hoʻlla, sovut", deydi. Bu — kasallik odam badanida issiqlikning oshib ketishi tufayli paydo boʻlishini bildiradi. Qand kasalligi tarixiy tibbiy manbalarga koʻra, nasliy boʻlishi ham mumkin. Qandli diabetda qonda qand moddasi keskin koʻpayib, siydik bilan chikib turadi (tarkibida qand moddasi boʻladi), tashnalik, ozib ketish, quvvatsizlik, badan qichishishi va boshqalar alomatlar kuzatiladi.

Kasallikning irsiy yoki hayotda orttirilgan, shuningdek, insulinga bogʻliq (diabetning 1turi) va insulinga bogʻliq boʻlmagan (diabetning 2turi) turi farq qilinadi.

Diabetning 1 turi koʻpincha oʻsmirlik yoshida uchraydi. Bunda bemor organizmida meʼda osti bezi hujayralari insulin ishlab chiqara olmaydi va ularni davolashda qand miqdorini pasaytirish maqsadida insulin preparatlari qoʻllanadi.

Qandli diabetning 2 turida meʼda osti bezi orolcha hujayralaridan insulin ishlab chiqarish saqlanib qoladi, bunda qon tarkibidagi insulin miqdori meʼyorida yoki undan sal yuqoriroq boʻladi.

Biroq, toʻqimalarning insulinga nisbatan sezgirligi keskin pasayishi tufayli toʻqimalar tomonidan glyukozani oʻzlashtirish hamda foydalanish kamayadi va u qon tarkibida toʻplanib qoladi, natijada qonda qand koʻpayib, siydik bilan chiqib turadi, bemor juda semirib ketadi. Diabetning bu turi bilan, asosan, oʻrta va keksa yoshdagilar kasallanadilar. Kasallik asta-sekin, zimdan rivojlanadi, u boshlanishida ogʻiz qurishi, chanqash, ozish kabi alomatlar yaqqol bilinmaydi. Bemorni koʻproq holsizlanish, toliqish, tashnalik bezovta qiladi. Qon tarkibidagi glyukoza miqdori yuqori boʻlishiga qaramay, diabetning 2 turida qon tarkibida atseton modsasining ortishi va uning siydikda paydo boʻlishi juda kam kuzatiladi. Bunday bemorlar insulin qabul qilmay yashashlari mumkin. Ularga parhez, jismoniy mashqlar bilan shugʻullanish, qand miqdorini kamaytiruvchi dorilar qabul qilish yaxshi naf beradi.

Qandli diabet — bir umrlik kasallik, uni butun hayot davomida davolash zarur. Toʻlatoʻkis davolanmaydigan va qon tarkibidagi glyukoza miqdori uzoq vaqt yuqori saqlanadigan bemorlarda Qandli diabetning tomir asoratlari — diabetga xos angiopatiyalar (makro va mikroangiopatiyalar) namoyon boʻladi.

Bu barcha aʼzolarning (teri, muskullar, nerv va hokazo) kapillyarlarini shikastlaydi. Diabetga xos mikroangiopatiyalar buyrak, koʻz, oyoq va boshqalar aʼzolarda koʻproq va ertaroq kuzatiladi.

Qandli diabet ateroslerozning rivojlanishi, oʻz navbatida, yurakning ishemik kasalligi (stenokardiya, miokard infarkti), miyada qon aylanishining buzilishi (bosh aylanishi, miya insulti) va hokazoga olib keladi.

Qandli diabetning har ikkala turida ham davolashdan asosiy maqsad iloji boricha qondagi qand miqdorini sogʻlom kishilardagi koʻrsatkichga yaqinlashtirish, yaʼni kompensatsiya holatiga erishishdir. Qondagi qand miqdorini meʼyorida saqlab turishning asosiy yoʻli qondagi glyukozani iloji boricha teztez aniklash; bunday nazorat Qandli diabetning insulinga bogʻliq 1turida juda zarur. Uy sharoitida mustaqil holda qondagi glyukoza miqdorini aniqlashda maxsus reaktiv qogʻozlardan foydalanish mumkin. Buning uchun ukol igna yordamida barmoqdan bir tomchi qon reaktiv qogʻozga olinadi (qon qogʻozni bir chetidagi chiziqchalarga tushiriladi). Bir daqiqadan soʻng qogʻozdagi qon paxta bilan artib tashlanadi va yana bir daqiqa oʻtgach, reaktiv qogʻoz rangi shkala bilan solishtiriladi. Rangi eng yaqin boʻlgan shkala koʻrsatkichi shu qondagi glyukoza miqdorini mmol/l (mg%) da ifodalaydi. Xuddi shunday usulda uy sharoitida siydikdagi qand miqdorini ham bemorlarning oʻzlari mustaqil maxsus reaktiv qogʻozlar yordamida aniqlashlari mumkin. Agarda qonda yoki siydikda glyukoza miqdori baland boʻlsa, darhol tegishli davo muolajalarini amalga oshirish lozim. Bulardan tashqari, bemorlar tana vaznlarini ham haftada bir marotaba nazorat qilishlari hamda uni oʻz boʻyi, yoshi va kasbiga mos boʻlgan meʼyorda saqlab turishlari kerak.

Qandli diabetda davo har bir bemorning umumiy ahvoli, kasallik alomatlari, qon, siydik tahlili va boshqalarga qarab tayinlanadi, u bosqichmabosqich olib boriladi. Davolanish muddati kasallikning ogʻirengilligi, oʻtkazib yuborilgan yoki yangiligi va turiga bogʻliq.