Muazzin
Islom haqidagi tushunchalarning bir qismi |
Usul al-Fiqh |
---|
Fiqh |
Ahkom |
Yuridik lavozimlar va unvonlar |
|
Muazzin (arabcha — eʼlon etuvchi, chaqiruvchi) — masjidda azon aytib, namozga chorlovchi shaxs; xalq tilida soʻfi deb ham ataladi.[1]
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Muazzin uchta asosiy vazifani ado etadi: namozxonlarni toʻplaydi, imomni chaqiradi va namoz boshlanganligini eʻlon qiladi. Ushbu uch majburiyat vaqt oʻtishi bilan maʻlum oʻzgarishlarga uchragan. Dastlab Muazzin musulmonlar yashaydigan uylarni aylanib chiqib ularni shu tariqa namozga toʻplashi lozim boʻlgan. Minora paydo boʻlishi bilan Muazzin azonni uning tepasiga chiqib aytadigan boʻlgan. Ilk islom davrida shaharning jome masjidida namoz paytida hokimning oʻzi imomlik vazifasini bajargani tufayli Muazzinning zimmasiga namozxonlar toʻplanganlaridan soʻng hokimni chaqirish ham yuklatilgan. Bu tajriba 8-asr oʻrtalarigacha davom etgan. Ibodat boshlanganligani eʻlon qilish uchun maxsus chaqirish - iqoma xizmat qilgan, u orqali dastlabki vaqtlarda masjidga hokim kelgani bildirilgan. Muazzin ilk islom davrida hokimning xizmatkori va yordamchisi hisoblangan. Davr oʻtishi bilan azon aytish murakkablashgan, oʻz tarkibiga kalimai shahodatni kiritgan va ibodatning oʻziga xos turiga aylangan. Shunga muvofiq Muazzinlik ham yangacha talqinga ega boʻlgan. Uning faoliyat doirasi kengaygan. 7-asr oxiridayoq Misrda Muazzin zimmasiga tunda qoʻshimcha namozlarni oʻqish yuklatilgan. Bundan tashqari 9-asrning ikkinchi yarmida Muazzinning maxsus xonasida namozxonlar tunda Qurʼondan sura, oyatlarni tilovat qilishlari lozim boʻlgan, 12-asrning ikkinchi yarmida, Salohiddin davrida Muazzin kechki azon paytida aqida oʻqiy boshlagan, 14-asr boshidan esa, juma kunlari ertalab minorada zikr tushilgan. Muhammad (sav) huzurlarida ikki Muazzin - habash choʻri oʻgʻli Bilol ibn Raboh va Abu Bakr ra)ning mavlosi Ibn Umm Maktum boʻlishgan. Shuning uchun masjidlarda ikki Muazzin boʻlishi maqtovga sazovor deb bilingan. Biroq kichik masjidlarda Muazzinning vazifasini koʻpincha imomning oʻzi bajargan va bajarmoqda. Muazzinlik vazifasi koʻpincha merosiy boʻlgan. Xalifa Usmon (ra) davrida (644-656) Muazzinlar maosh oladigan boʻlishgan. Oʻrta asrlarda Muazzinlar tashkilot (korporatsiya)ga birlashganlar, uning tepasida rais al-Muazzinin turgan. Muazzin vazifasini tahoratsiz, mast, aqli noraso kishilar va ayollar bajarishi mumkin emas. Minoralar paydo boʻlishi bilan nazariy jihatdan Muazzinni balandlikdan turib masjid atrofidagi uylarning haramiga va ichkari qismiga koʻz tashlamasligi uchun koʻzi koʻr boʻlishi afzal deb bilingan. Hozirgi paytda musulmon mamlakatlarida Muazzinlar ovoz-kuchaytirish moslamalaridan foydalanadilar.
Muazzinni vazifasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |