Marv
Marv (turkmancha: Merw; ruscha: Мерв; forscha: مرو, Marv, xitoycha: 木鹿, Mulu; Avestoda: Mouru) — bir vaqtlar Saljuqiylar davlati (arabcha: السلاجقة al-Salājike, forscha: سلجوقيان Saljūkiyān)ning poytaxti boʻlgan Oʻrta Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biri. Bayramali shahri (Turkmaniston) yaqinida joylashgan. Marvning qoldiqlari 5 qalʼa (Erk qalʼa, Gabr qalʼa, Sulton qalʼa, Abdullaxon qalʼa, Bayramalixon qalʼa) xarobalaridan iborat. Marv xarobasida XIX asrning 80-yillaridan V. A. Jukovskiy, 1946-yildan M. Ye. Masson rahbarligidagi Janubiy Turkmaniston arxeologik kompleks ekspeditsiyasi, keyingi yillarda Ashxobod, Toshkent, Moskva va SanktPeterburgdan kelgan arxeologlar guruhi qazishma ishlarini olib borgan. Marvning eng qadimiy qismi — Erk qalʼa (maydoni 12.ga) miloddan avvalgi birinchi mingyillikning 1-choragidan mavjud boʻlgan. Marvning ravnaq topgan (Parfiya va ilk sosoniylar) davri mil. av 2— milodiy 3-asrga toʻgʻri keladi. Bu davrda Marv Gabr qalʼa va Erk qalʼa hududlaridan iborat boʻlib, Erk qalʼa Marvning arkiga aylangan. Shahar va uning atrofi (60 km²) mudofaa devori bilan oʻrab olingan. Milodiy III asrdan M. Sosoniylar davlati tarkibiga kirgan, VII asrda esa arablar tomonidan bosib olingan. VIII asr oʻrtasida Marv — Abu Muslim harakati markazi.
IX asrda Marvda ilm-fan ravnaq topdi, u arab xalifaligining Xuroson va Movarounnaxr noibligining poytaxti rolini oʻynadi. Maʼmun ibn Horun ar-Rashid davrida Marvda Bagʻdod akademiyasining asosini tashkil etgan marvaziylar maktabi tarkib topdi. Oʻrta asrdagi Marvning ravnaq topgan davri XI—XII asrlarning 1-yarmiga toʻgri keldi; bu davrda u buyuk Saljuqiylar davlatining poytaxti boʻlgan (Sulton qalʼa harobasida Sulton Sanjar maqbarasi joylashgan). XII asr oxiri — XII asr boshida Marv Xorazmshohlar davlatining yirik markazi boʻlgan. 1222-yilda shahar moʻgʻullar tomonidan vayron qilingan. XIII asr oʻrtasi — XIV asrda shahar qisman tiklangan (ayniqsa, uning rabod qismi). XV asr boshida Shohrux davrida qisqa muddat ravnaq topgan. Marvdan oʻrta asrlarda koʻplab olimu fuzalolar yetishib chiqqan. 1510—24 va 1601 — 1747 yillarda Marv forslar qoʻlida boʻlgan. Marv urushlari tufayli inqirozga yuz tutgan (1790) va markaz Marvdan 30 km gʻarbga Mari shahriga koʻchgan[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |