[go: up one dir, main page]

Jump to content

Ishias

From Vikipediya

Ishias (qadimgi yunoncha: ισχιας — „son“), bel-dumgʻaza radikuliti — quymich nervi kasalligi. Koʻpincha sovqotish, jismoniy zoʻriqish, turli infeksiyalar va shikastlanishlar, moddalar almashinuvining buzilishi sabab boʻladi. Oʻrta yashar va keksa kishilarda uchraydi. Asosan, quymich nervi va uning tarmoqlari borgan qism ogʻriydi. Ogʻriq umurtqa pogʻonasining bel qismiga va oyoq orqasiga ham tarqalib, vaqt-vaqti bilan, ayniqsa, bemor harakat qilganda zoʻrayadi.

Birlamchi va ikkilamchi, shuningdek, oʻtkir va surunkali (vaqt-vaqti bilan qoʻzib turadigan) ishias farq qilinadi. Gripp, revmatizm, bezgak, brutsellyoz, sil kabi kasalliklar; koʻrgʻo-shin, mishyak, alkogoldan zaharlanish; moddalar almashinuvining buzilishi (podagra, diabet, avitaminoz), shuningdek, har xil shikastlar birlamchi ishiasga sabab boʻlishi mumkin. Umurtqa pogʻonasi, umurtqalar orasidagi disklar, dumgʻaza-yonbosh va chanoqson boʻgʻimlari kasalliklari, shuningdek, ginekologik va urologik kasalliklarda ikkilamchi ishias kuzatiladi. Surunkali ishias bahor va kuzda zoʻriqadi, uzoq davom etganda boldir hech narsa sezmaydi va Axill payi refleksi yoʻqoladi.

Doim zax joyda ishlovchi kishilarda koʻproq uchraganligi uchun xalq ishiasni ham bod, goho oyoq ogʻrigʻi deya beradi.

Davosi: zoʻriqqan vaqtida oʻrinda yotish buyuriladi, issiq qilinadi, ogʻriq qoldiruvchi dorilar, parafin, balchiq qoʻyish, uqalash va boshqa fizioterapiya usullari tavsiya etiladi. Chimyon (Fargʻona), Chortoq, Jalolobod, Jayronxona (Termiz) kabi kurortlarda davolanish ham yaxshi foyda beradi (yana q. Radikulit).[1]

Manbalar

[edit | edit source]
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil