[go: up one dir, main page]

Tasviriy sanʼat — rang-tasvir, haykaltaroshlik, grafikani birlashtirgan nafis sanʼat turi; voqelikni uning osongina ilgʻab olinadigan fazoviy shakllarda koʻrgazmali obrazlarda aks ettiradi. Tasviriy sanʼat turlari oʻz xususiyatlariga qarab real borlikni obyektiv mavjud sifatlari — hajm, rang, fazo, shuningdek, predmetning moddiy shakli va nurhavo muhiti, harakat va oʻzgarishlari hissini yaratadi, bunda tasvirning hissiy konkretliligidan illyuzionizmga oʻtish mumkin. Tasviriy sanʼat faqat koʻrish mumkin boʻlgan narsalarnigina tasvirlab qolmay, balki asarlarida hodisalarning vaqtinchalik rivoji, uning u yoki bu qismi (fabula), erkin hikoyanavislik, dinamik harakatlarni ham aks ettirib, dunyoni gʻoyaviy oʻzlashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi. Tasviriy sanʼat insonning ruhiy qiyofasini, uning oʻzgalar bilan oʻzaro munosabatlarini, tasviriy holatning psixologik va emotsional mazmunini ham yoritadi. Baʼzan mavjud boʻlmagan, rassom tasavvurining mahsuli boʻlgan obrazlarni ham yuzaga keltiradi. Insoniyat tarixidagi turli davrlarni aks ettiradi. Davrning faqat hissiy holatigina emas, balki uning gʻoyaviy mohiyati, siyosiy, falsafiy, estetik va etik gʻoyalari ham tasviriy sanʼatning mazmuniga aylanadi. Tasviriy sanʼat obrazlarining koʻrgazmaliligi rassomga hayotning muayyan hodisasiga oʻz munosabatini yuksak darajada ifodalashiga imkon beradi; shu tufayli hayotni bilishning faol shakli sifatida jamiyatning ijtimoiy hayotida, maʼlum tizimning ommaviy ongini qaror topishida muhim rol oʻynaydi. Olamni bilishning shakllaridan biri sifatida ijtimoiy ongni shakllantiradi hamda xalq orzu-umidlarini ifodalash shakli sifatida ham katta ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy sharoitda umumgʻoyaviy kurashlarning bir boʻlagi sifatida namoyon boʻladi.

Mona Lisa kartinasi

Insoniyatning mehnat faoliyati, eʼtiqodlari, diniy qarashlari zaminida tasviriy sanʼat paydo boʻlgan va rivojlangan. Qadimgi tosh asrining ilk bosqichidayoq inson oʻz ehtiyoji uchun zarur boʻlgan buyumlarni yaratish, libos, turar joylar tayyorlash jarayonida qulaylik, maqsadga muvofiqlik tushunchalari rivojlanib, ritm, simmetriya hissi ortdi. Marhumlar bilan vidolashuv, dafn marosimlarida marxumlar qabriga turli buyumlar qoʻyish odatlarida tasviriy sanʼatning fazoviy fikr yuritish, fazoviylik, kenglik, olam tushuncha va tasavvurlari shakllanib bordi. Tosh, suyak, keyinchalik sopoldan ishlangan turli shakl va haykallarda, qoyatoshlarga, gʻor devorlariga chizilgan, rangda ishlangan rasmlarda ibtidoiy insonning mehnat faoliyati, dunyo, borliq haqidagi oʻy-xayollari, oʻzga dunyo toʻgʻrisidagi tasavvurlari mujassamlashgan (qarang Ibtidoiy sanʼat).

Ijtimoiy jamoa tuzumining inqirozi hamda mehnat taqsimotining yuzaga kelishi, aqliy mehnat jismoniy mehnatdan ajralishi tasviriy sanʼat rivojida muhim oʻrinni egallaydi. Tasviriy sanʼat inson faoliyatining maʼlum sohasiga aylanib davr ruhiyati, uning siyosiy, maʼnaviy va nihoyat estetik qarashlarini aks ettiruvchi manbaga aylandi. Qadimgi Sharq mamlakatlarida, jumladan Qadimgi Misrda tasviriy sanʼat insonning dunyo, borliq toʻgʻrisidagi tushuncha va tasavvurlarini, xudolar darajasiga koʻtarilgan firʼavnlarni ulugʻlash quroliga aylandi. Yunonistonda tasviriy sanʼat jamiyatning erkin fuqarosiga qaratilgan va antik mifologiyaning gʻoyalarini plastik moddiylashtirilgan koʻrinishida kamol topdi, Qadimgi Rim realizmida murakkab inson jismi namoyon boʻldi.

Insoniyat sivilizatsiyasining muhim oʻchoqlaridan hisoblangan Oʻrta Osiyo, uning ajralmas qismi Oʻzbekiston hududida ham tasviriy sanʼat ijtimoiy hayotda muhim oʻrin egallab, davr hamda inson tafakkuridagi nozik oʻzgarishlarni oʻzida aks ettiradi. Zarautsoy rasmlari, Xorazm, Sugʻd, Baqtriya mahobatli haykal va rangtasvirlari shuning dalilidir.

O‘rta asrlar tasviriy sanʼati uslub jihatidan rang-barang, turlari keng va xilma-xil, bu davrda mahobatli haykaltaroshlikning nodir namunalari yuzaga keldi. Hindiston, Indoneziya, HindiXitoy o‘lkalarida betakror haykaltaroshlik asarlari yaratildi. O‘rta Sharq mamlakatlarida miniatyuraning o‘ziga xos turi yaratilgan bo‘lsa, O‘rta asr Yevropa madaniyatida haykaltaroshlik va rassomlik diniy eʼtiqod va dunyoqarashlar zaminida o‘ziga xos yo‘nalish va mazmun kashf etdi, ikona sanʼati ravnaq topdi. Roman uslubi va gotika barpo etilgan meʼmoriy obidalarda sanʼatlar sintezining ajoyib namunalari yaratildi.

XIII-XVI asrda tasviriy san’at

tahrir

13–16-asrlar tasviriy sanʼatida dunyoviy mavzu va qarashlarning kuchayib borishi tasvirlarda borlikda mavjud shakl va ko‘rinishlarning ortishi bilan belgilanadi. Shu harakat va taraqqiyotda tasviriy sanʼatning qonun-qoidalarini ilmiy asosda o‘rganishga qiziqish ortdi. Optika, anatomiya, perspektiva, nursoya nazariyasiga oid muhim tadqiqotlar qilindi. Moybo‘yoq texnikasi mukammallashdi, ijodkorlar antik sanʼat anʼanalariga tayangan holda Uyg‘onish davri insonparvarlik g‘oyalarini moddiylashtirishga harakat qildilar.

XVII-XIX asrda tasviriy san’at

tahrir

17–19-asrlarda tasviriy sanʼat uslub jihatidan rang-barang, milliy mahalliy maktablar rivoji bilan sanʼat olamining kengayishi boshlandi. Bu davrda, ayniqsa, monumental sanʼat o‘zining haqiqiy gullash davrini boshidan kechirdi, rassomlar, meʼmorlar, haykaltaroshlar, hunarmandlar sanʼatlar sintezining ajoyib namunalarini yaratdilar. Bu yutuqlarda rassom va haykaltaroshlarning o‘rni alohida. Tasviriy sanʼat tur va janrlari ko‘paydi, realistik yo‘nalishdagi janrlar (portret, manzara, natyurmort, maishiy janr) yetakchi o‘ringa chiqa boshladi. Uyg‘onish davri tasviriy sanʼatiga xos bo‘lgan vazminlik, chiziq, rang, faktura mutanosibligi o‘rnini jo‘shqin shakl va ranglar o‘yini egallab bezakdorlik xususiyatlarining ortishi kabilar kuzatiladi. 17-asrdan tasviriy sanʼatda klassitsizm yo‘nalishi hukm surgani holda borliqni o‘ziga o‘xshash shakllarda aks ettiruvchi asarlar yaratilishi ortib bordi. Akademik taʼlim tizimining yo‘lga qo‘yilishi professor sanʼat maktablarining taraqqiyotini taʼminladi. Mumtoz (klassik) realistik (akademik) sanʼat uslublaridan chekinish, noanʼanaviy uslublar izlashga intilish boshlandi. Bu hol impressionizm, postimpressionizm va boshqa uslublarning shakllanishi hamda rivojlanishida o‘z ifodasini topdi.

XX asrda tasviriy san’at

tahrir

20-asr tasviriy sanʼati murakkab va ziddiyatli. Bir tomonda klassik realistik sanʼatning talab va uslublari saqlangani holda uni ifodaviyligiga eʼtibor qaratilishida, ishlangan har bir obrazni chuqur majoziy mazmunlar bilan to‘ldirishga intilish kuzatilsa, aksincha noanʼanaviy tasviriy sanʼat uslubida yangi ifoda va tasvir vositalarini topishga, butunlay yangicha sanʼat yaratishga intilish harakati kuchliligi namoyon bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda tasviriy san’at

tahrir

O‘zbekiston tasviriy sanʼati jahon hamjamiyatida sodir bo‘layotgan jarayonlar bilan hamnafas bo‘lib, har bir ijodkor o‘z qarash va kechinmalarini yangicha uslub va shakllarda ifoda etishga intilishi bilan xarakterlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan Toshkent shahrida O‘zbekiston tasviriy sanʼati galereyasi barpo etilib 2004 yil avgust oyida ochildi.

Turlari

tahrir

Manbalar

tahrir