Gotika
- Ushbu maqola me'moriy tarz haqidadir. Shu atamaning boshqa maʼnolari uchun Gotika (maʼnolari) maqolasiga qarang.
Gotika (italyancha: gotico — german qabilalaridan gotlar nomidan olingan), gotika uslubi — Gʻarbiy, Markaziy va qisman Sharqiy Yevropa mamlakatlarida oʻrta asrlar sanʼatida hukm surgan badiiy uslub. "Gotika" termini Uygʻonish davrida qoʻllanila boshlagan. 12-asrda roman uslubi oʻrniga yuzaga kelgan. Gotikada yetakchi oʻrinni meʼmorlik egalladi, unda meʼmorlik, haykaltaroshlik va rangtasvir (asosan vitraj)ning uygʻunligi buyuk namunasi boʻlgan ibodatxona alohida oʻrin tutadi. Ibodatxona qurishning yangi loyiha tizimi ishlab chiqildi: bosh tarzi uchli ravoqli va gumbazlari qovurgʻali (nervyur), ogʻirligi arkbutanlar orqali tashqi devor va tayanch ustunlar (kontrfors)ga oʻtkazilgan sinchli tuzilma. Gumbaz toʻshamalari yengil qalamalar bilan toʻldirilgan, ustun oralaridagi yirik oynalar vitrajlar bilan bezatilgan, gʻarbiy tarzida minoralar (balandligi-150 m gacha) qurilgan. Bu yangi loyiha neflar kengligi va bino balandligini birmuncha oshirgan. Shuning hisobiga inshoot yengil, mujassamotiga koʻra koʻkka choʻzilgan. Ichi va tashqarisi haykallar va nafis tosh oʻymakori bezaklar bilan bezatilgan. Mujassamotida panjarali baland minoralar muhim oʻrin tutgan. Gotika meʼmorligiga uchli vimperglar, deraza va peshtoqlar, doira shaklidagi oynalar, bezak qism (fial)lar va sh.k. meʼmoriy shakllar xos.
Gotika 12-asr oʻrtalarida Shim. Fransiyada yuzaga keldi. 13-asr 1-yarmida yuksak darajada rivojlandi. Shu yerda gotikaning tosh ibodatxonalari oʻzining mumtoz shakliga ega boʻldi. Bibi Maryam ibodatxonasi (Notrdam, 1163—1257), Shartr (1194-1260), Reyms (1211-1311), Amyen (1220—88) va b.dagi ibodatxonalar gotikaning yuksak namunasidir.
Niderlandiya, Shim. Germaniya, Skandinaviya, Ispaniya, Italiya, Polsha, Chexiya, Latviya, Estoniya va b. joylarda ham gotika mahalliy anʼanalar taʼsirida rivojlandi. Gotikaning ilgʻor usullari Uygʻonish davri va barokko meʼmorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
Gotika tasviriy sanʼati diniy va dunyoviy dunyoqarashlardagi uygʻunlikni saqlagan holda rivojlandi, ayni vaqtda voqelikni uning hodisalari bilan birga aks ettirishga intildi. Ibodatxonalar bezagida haykal va relyeflar (mas. Reyms ibodatxonasida 2300 dan ortiq haykal), vitrajlar (Sen-Deni, Shartr va b.da) keng qoʻllangan, tasviriy sanʼat asarlari meʼmoriy mujassamotga boʻysundirilgan. Diniy mavzudagi asarlar bilan bir qatorda maishiy lavhalar, mehnat jarayoni aks etgan, baʼzan hajviy lavhalar ham uchraydi (Parij, Amyen, Strasburg va b. joylardagi ibodatxonalar). Amaliy bezak sanʼati yuksak darajada rivojlandi: tosh va fil suyagi oʻymakorligi, metall buyumlar, emal va sh.k. Rangtasvirda nisbatan kitob miniatyurasi keng taraqqiy etdi, unda tarixiy va maishiy lavhalar haqqoniy aks ettirildi.
Oʻzbekistan hududida 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida gotika uslub-belgilari meʼmorlikda paydo boʻldi (mas, Toshkent sh.dagi Kirxa binosi).
Neʼmat Abdullayev.[1]
Gotika (italyancha: gotico - odatlanilmagan) o'rta asrlarda rivojlanayotgan G'arbiy, Markaziy va Sharqiy Yevropani o'z qamroviga olgan san'at turidir. Gotika roman tarzini o'rnini bosib kelgan. Gotik tarz asosan me'morlikda ishlatilish bilan bir qatorda, o'z ichiga haykaltaroshlik, rassomlik, kitob miniaturasini ham olar edi.
Gotika XII asrda Fransiyaning shimolida kelib chiqgan va XIII asrda Germaniya, Avstriya, Chexiya, Ispaniya va Angliyaga tarqalgan. Gotika Italiyaga boshqa davlatlarga qaraganda kechroq kirib kelgan. Sharqiy Yevropaga gotika undan ham kechroq kirib kelgan va uzoqroq saqlanib qolgan (XVI asrgacha)
XV-XVI asrlarda qurilgan gotik binolarga «neogotika» termini ishlatiladi.
1980-yillarda «gotika» termini submadaniyat (gotik submadaniyat) va musiqada (gotik rok) ishlatila boshladi.