[go: up one dir, main page]

Kurash – oʻzbek milliy sport turi. Belgilangan qoidaga muvofiq ikki sportchining yakkama-yakka olishuvi. Kurashish sanʼati koʻp xalqlarda qadim zamonlardan buyon maʼlum.

Tarixi

tahrir

Kurash, ayniqsa, Yunonistonda keng tarqalib, qadimgi olimpiyada musobaqalaridan doimiy oʻrin olib kelgan. Milliy kurashning xilma-xil koʻrinishlari Gretsiya, Italiya, Yaponiya, Turkiya, Eron, Afgʻoniston, Rossiya, Oʻzbekiston, Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon, Qozogʻiston va boshqa mamlakatlarda mavjud. Zamonaviy sport kurashining asosiy qoidalari XVIII asr oxiri – XIX asr boshlarida Yevropaning bir necha mamlakatlarida ishlab chiqildi. 1912-yil Xalqaro havaskorlar kurash federatsiyasi (FILA) tuzildi (hozir unga 144 mamlakat, Oʻzbekiston 1993-yildan aʼzo). Xalqaro maydonda sport kurashining yunon-rum kurashi, erkin kurash, dzyudo, sambo va boshqa turlari keng tarqalgan. Keyingi yillarda oʻzbek kurashi ham alohida kurash turi sifatida dunyo miqyosida tan olina boshlandi. Kurash insonni kuchli, epchil, chidamli va irodali qilib tarbiyalash vositalaridan biri hisoblanadi. Shifokorlar nazorati ostida 12 yoshdan kurash bilan shugʻullanishga ruxsat etiladi. Kurash azaldan oʻzbek turmush tarzining uzviy qismi boʻlganligini arxeologik topilmalar, tarixiy qoʻlyozmalar tasdiqlaydi. Qadimgi Baqtriya (Oʻzbekiston janubi) hududidan topilgan jez davriga oid silindrsimon sopol idishda ikki polvon va ulardan biri ikkinchisini chalayotgani tasvirlangan. Shu davrga mansub boshqa arxeologik topilmada esa polvonlarning Kurash usullarini namoyish qilayotgani aks ettirilgan. Bu noyob topilmalar miloddan 1,5 ming yil ilgari ham kurash ajdodlarimiz turmush tarzining bir qismi boʻlganidan dalolat beradi. Yunon yozuvchisi Klavdiy Elian (II-III asr) va boshqa tarixiy shaxslarning yozishicha, shu hududda umr kechirgan sak qabilasi qizlari oʻzlariga kuyovni yigitlar bilan kurashib tanlaganlar. Keyinchalik qizlar kuyovni shart qoʻyish yoʻli bilan aniqlashgan va bu shartda kurash musobaqasi boʻlgan. Bunga oʻzbek xalq qahramonlik dostoni – „Alpomish“dagi Barchin shartlarini misol qilib koʻrsatish mumkin. Ulardan biri ikki kurashuvchining biri oʻz raqibining belbogʻidan ushlab oʻziga tortadi, shu bilan birga oʻz raqibidan qutulishning chorasini qidiradi…". Bu taʼrif zamonaviy Kurash qoidalariga yaqindir. Shuningdek, Mahmud Koshgʻariyning „Devonu lugʻotit turk“, Alisher Navoiyning „Hamsa“, „Holoti Pahlavon Muhammad“, Zayniddin Vosifiyning „Badoyeʼ ul-vaqoyeʼ“, Husayn Voiz Koshifiyning „Futuvvatnomai sultoniy“, Zahiriddin Muhammad Boburning „Boburnoma“ asarida kurash haqida qimmatli maʼlumotlar bor. IX-XVI asrlarda kurash xalq oʻrtasida keng ommalashgan. Shu davrda Pahlavon Mahmud, Sodiq polvon kabilar kurash dovrugʻini oshirishgan.

Belbogʻli kurash

tahrir

Oʻzbek xalq yakka kurashining belbogʻli kurash deb nomlangan turi ham bor. Unga ham taalluqli koʻplab arxeologik topilmalar va tarixiy qoʻlyozmalar mavjud. Bundan 5 ming yil ilgari davrga mansub Mesopotamiya hududidan topilgan haykalchada belbogʻli kurash usulida musobaqalashayotgan polvonlar tasvirlangan. Xitoyning qadimiy „Tan-shu“ qoʻlyozmasida Fargʻova vodiysida toʻylar, sayllar kurash musobaqalarisiz oʻtmasligi yozilgan. Ahmad Polvon, Xoʻja polvon va shu kabilar kurashning ana shu turida shuhrat qozonishgan (19-asr oxiri – 20-asr boshi). Chorizm istilosi va shoʻrolar davrida oʻzbek milliy kurashini xalq turmush tarzidan sunʼiy ravishda siqib chiqarishga harakat qilindi. 20-asrning 90-yillari oxiriga kelib bu urinishlarga barham berildi. 1991-yilda kurashchilar sulolasi vakili, bir necha kurash turlari boʻyicha xalqaro miqyosda sport ustasi Komil Yusupov oʻzbekcha kurashning xalqaro andozalarga moslangan quyidagi qoidalarini ishlab chiqdi: kurash tushuvchilar 14x14m dan 16x16m gacha boʻlgan, chetroq qismi qizil rangli „xavfli chiziq“ bilan belgilangan koʻk-yashil tusli kurash gilamida tik turgan holatda bellashadilar. Gʻolib ishlatilgan usullar va maydondagi xatti-harakatlariga qoʻyiladigan baholarga qarab aniqlanadi. Kurashda boʻgʻish, raqibga ogʻriq beruvchi usullar qoʻllashga ruxsat etilmaydi, kurashuvchilarning biri koʻk, ikkinchisi yashil rangli yaktak (ayollar yaktak ichidan oq rangli futbolka) kiyadi, belga eni 4-5 sm li tasma (belbogʻ) bogʻlanadi, erkaklar 60, 66, 73, 81, 90, 100kg va 100kg dan ziyod, ayollar 48, 52, 57, 63, 70, 78 va 78kg dan ziyod vazn toifalarida kurashadilar (bolalar, oʻsmirlar, oʻspirinlar, yoshi ulugʻlar va qizlar musobaqalarida ham yosh xususiyatlari hisobga olingan holda vazn toifalari belgilanadi). Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA)ning 2003-yil Toshkentda oʻtgan kongressi har bir uchrashuvning qizgʻin boʻlishini taʼminlash maqsadida rasmiy musobaqalarda bellashuv vaqtini 3 daqiqa qilib belgiladi. Ishlatilgan usullarga bajarilishiga mos ravishda "chala", „yonbosh“, „halol“ baholari, qoidaga zid harakatlarga esa "tanbeh", „dakki“, „gʻirrom“ jazolari beriladi. Kurashuvchi „halol“ bahosini olsa (yoki raqibi „gʻirrom“ bilan jazolansa) bu uning gʻalabasini bildiradi. Ikki bor „yonbosh“ bahosini olish (yoki raqibining ikki bor „dakki“ deya jazolanishi) ham gʻalabani anglatadi. „Chala“ baholari hisobga olib boriladi va h. k. Ballar tengligida oxirgi baho olgan kurash-chiga gʻalaba beriladi, kurashchilarning baho va jazolari soni teng holatda baho ustunlikka ega boʻladi, jazolar soni teng boʻlsa oxirgi jazo olgan magʻlub hisoblanadi, agar barchasi teng (yoki baho va jazo olinmagan) boʻlsa, gʻolib hakamlarning koʻpchilik ovoziga koʻra eʼlon qilinadi.

1992-yilda Oʻzbekistonda kurash federatsiyasi, 2001-yilda Oʻzbekistonda belbogʻli kurash federatsiyasi tuzildi. 1998-yil sentabrda Toshkentda 28 davlat (AQSH, Boliviya, Buyuk Britaniya, Gollandiya, Rossiya, Oʻzbekiston, Yaponiya va hokazo) vakillari Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA) muassislari boʻlishdi va shu munosabat bilan bu yerda oʻzbekcha kurash boʻyicha yirik xalqaro musobaqa oʻtkazildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining „Xalqaro kurash assotsiatsiyasini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida“gi farmoni (1999-yil 1-fevral) oʻzbek milliy kurash ining yavada rivojlanishiga turtki boʻldi. Oʻsha yili Toshkentda oʻzbekcha kurash boʻyicha birinchi jahon chempionati, Rossiyaning Bryansk shahrida ayollar oʻrtasida xalqaro musobaqa boʻlib oʻtdi. IKA qoshida Xalqaro kurash akademiyasi, Butun jahon kurashni rivojlantirish jamgʻarmasi tuzildi, assotsiatsiya muassisligida „Kurash“ jurnal taʼsis qilindi. Adabiy-badiiy, ijtimoiy-publitsistik, axborot-reklama yoʻnalishidagi bu jurnal Toshkentda 1999-yil oktabr oyidan buyon nashr etiladi.

2000-yil Oʻzbekistonda kurash oyligi oʻtkazildi. Bu oylik davomida 2 mln.ga yaqin kishi kurash gilamiga chiqdi. Buyuk Britaniyada IKA faxriy prezidenti Islom Karimov nomidagi anʼanaviy xalqaro musobaqaga asos solindi. 2001-yildan Xalqaro kurash instituti (Toshkentda) faoli-yat koʻrsata boshladi. IKA ga 66 ta milliy federatsiya aʼzo boʻlib kirdi (2003). Yevropa, Osiyo, Panamerika va Okeaniya kurash konfederatsiya lari tuzildi. Hozirgi paytda oʻzbekcha kurash bilan xorijiy mamlakatlarda 600 mingdan ziyod kishi shugʻullanadi. Kurashning bu turi boʻyicha jahon, qita va mamlakatlar chempionatlari hamda birinchshtiklari, Oʻzbekistonda atTermiziy, Pahlavon Mahmud xotirasiga bagʻishlangan va boshqa koʻplab xalqaro musobaqalar muntazam oʻtkaziladi. Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda 22 ta olimpiada oʻrinbosarlari maktabi, 37 ta bolalaroʻsmirlar sport maktabi va 206 ta kurash maktabida sportning bu turi boʻyicha oʻquvchilarga tahsil beriladi. Oliy oʻquv yurtlarida 100 dan ortiq kurash toʻgaraklari faoliyat koʻrsatadi. Kurashchilar bilan 851 vafar murabbiy shugʻullanadi (2003). Osiyo olimpiya kengashi 2003-yilda kurashning bu turini Osiyo oʻyinlari dasturiga kiritdi. Kurash boʻyicha oʻtkazilidigan jahon chempionatlarida Bahrom Anazov, Isoq Axmedov, Maxtumquli Mahmudov, Kamol Murodov, Toshtemir Muhammadiyev, Akobir Qurbonov (Oʻzbekiston), Kubashxonim Elknur, Selim Totar oʻgʻli (Turkiya), Aleksandr Katsuragi, Karlos Xonorato (Braziliya), Pavel Melananets (Polsha), Xiroyoshi Kashimoto (Yaponiya) va boshqa gʻolib chiqdilar va sovrindor boʻldilar.

Adabiyotlar

tahrir
  • Yusupov kurash, Kurash, T., 1999; Moʻminov A., Prezident. Sport. Gʻalaba!, T., 2001.

Oʻzbek xalqining anʼanaviy sport turlaridan biri boʻlmish kurash uch yarim ming yillik tarixga ega. Kurash oʻzbekcha soʻz boʻlib, u qator qadimiy sharq adabiy manbalarida yakkama-yakka olishuv va ijtimoiy koʻngilochar sport turi sifatida tilga olingan.

Bundan ming yil muqaddam paydo boʻlgan afsonaviy Alpomish eposida kurash olis oʻtmishda Oʻzbekiston zaminida ommaviy tus olgan eng sevimli va nufuzli sport turi boʻlganligi qayd etiladi.

Qadimda va oʻrta asrlarda yashab ijod etgan qator faylasuf va tarixchilar oʻz asarlarida kurashni alohida ehtirom ila tilga olganlar.

Sharqning buyuk mutafakkirlaridan biri boʻlmish Abu Ali Ibn Sino kurash bilan shugʻullanmoq jon va tan sogʻligini taʼminlashning eng yaxshi vositasidir, deya eʼtirof etgan. Shunga qaramasdan hali-hanuz kurash aynan qachon va qaerda paydo boʻlganligi xususida aniq maʼlumotlar mavjud emas. Oʻz navbatida bunday mavhumlik qator olimlar tomonidan kurashni qadimiy sport turlaridan biri sifatida eʼtirof etilishi uchun toʻsiq boʻla olmadi.

Eramizning IX asrida kurash rivoji yangi bosqichga koʻtarildi. Oʻsha kezlarda zamonaviy Oʻzbekiston hududida istiqomat qiluvchi aholi anʼanaviy bayramlar, toʻy-hashamlar va yirik jamoatchilik tadbirlari davomida kurashdan koʻngil ochish va dam olish vositasi sifatida foydalanganlar. Keyinroq kurash koʻngil ochish vositasidan mustaqil sport turi va jismoniy chiniqish usuliga aylandi. Eng kuchli kurashchilar xalq orasida maʼlumu-mashhur boʻlib, ular haqida afsonalar toʻqila boshlandi. XII asrda yashab oʻtgan Pahlavon Mahmud buning yaqqol namunasidir. Hali-hanuz uning qabri ziyoratchilarning sevimli maskani va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

XIV asrda insoniyat tarixida yorqin iz qoldirgan tengi yoʻq sarkarda va davlat arbobi Amir Temur oʻz askarlarini chiniqtirish va jismoniy tayyorgarligini oshirish maqsadida kurashdan foydalangan. Maʼlumki, Amir Temur armiyasi zamonasining eng qudratli va yengilmas qoʻshini hisoblangan.

Vaqt oʻtishi bilan kurash zamonaviy Oʻzbekiston hududida istiqomat qiluvchi aholining eng sevimli va ardoqli anʼanalaridan biriga aylandi. Shu maʼnoda kurash oʻzbeklarning qon-qoniga singib ketgan, deb aytish mubolagʻa boʻlmaydi. Ushbu sport turiga boʻlgan muhabbat otalardan bolalarga meros sifatida oʻtib keladi. Bugungi kunga kelib birgina Oʻzbekistonda kurash bilan muntazam shugʻullanuvchilarning soni ikki millionga yetgan. Ushbu sport ishqibozlari va havaskorlarning soni esa behisobdir.

1980-yillarning boshida mashhur oʻzbek kurashi ustasi, dyuzdochi va sambochi Komil Yusupov oʻzbek kurashining boy merosini tadqiq etish ishlarini boshlab yubordi. Ushbu sport turining qayta tiklanishining faollaridan biri boʻlgan mazkur zotning asosiy maqsadi kurashning xalqaro meʼyorlarga mos boʻlgan yangicha qoidalarini ishlab chiqishdan iborat boʻldi. Toʻqsoninchi yillarning boshlariga kelib u ushbu sharafli vazifani muvaffaqiyatli ado etib oʻzbek kurashini xalqaro arenaga olib chiqishni oʻz oldiga maqsad qildi. Avvaliga u oʻzi ishlab chiqqan kurash qoidalarini jamoatchilik, mutaxassislar va ishqibozlar eʼtiboriga havola etdi.

Yangi qoidalar oʻzbek kurashining eng ardoqli anʼanalari va maxsus kiyim bosh, musobaqalarni oʻtkazish joyi va bellashuvning davom etish muddati kabi xalqaro sport meʼyorlarini oʻzida mujassam etdi. Sport mutaxassislari Komil Yusupov tomonidan ishlab chiqilgan kurash qoidalari toʻlaligicha xalqaro sport talablariga javob berishini eʼtirof etdilar. Kurash qoidalarining asosiy afzalliklaridan biri shundaki, ular yotgan holda bellashuvni davom ettirilishiga yoʻl qoʻymaydi. Sportchilardan birining tizzasi gilamga tegishi bilanoq hakam bellashuvni toʻxtatadi va kurashchilar turgan holda musobaqani davom ettirishadi. Bu hol kurashni tez sur’atlarda olib borilishi va muxlislar uchun qiziqarli va maroqli boʻlishini taʼminlaydi. Bundan tashqari kurash qoidalari belbogʻdan pastki qismni ushlovchi yoki ogʻriq qoʻzgʻatuvchi va boʻgʻuvchi uslublarni ishlatishni taʼqiqlaydi. Shu tariqa kurash sportchilarga tan jarohati yetkazilishining oldi olingan eng xavfsiz sport turlaridan biriga aylandi.

1991-yilda Oʻzbekiston oʻz mustaqilligini eʼlon qilishi kurashga yangicha hayot baxsh etdi.

Respublika hukumati 70 yil totalitar tuzum davrida oyoq-osti qilingan oʻzbek xalqining milliy qadriyatlari va anʼanalarini qayta tiklashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi. Milliy sport turi hisoblanmish kurashni qayta tiklash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida belgilandi.

1992-yilda Komil Yusupov Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti qabulida boʻldi. Boʻlib oʻtgan suhbat chogʻida oʻzbek kurashini nafaqat ona diyorimizda, balki chet ellarda ham rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Kurashni haqiqiy xalqaro sport turiga aylantirish, keyinchalik esa olimpiada oʻyinlari dasturiga kiritish eng asosiy maqsad boʻlib qolmoqda.

Oʻsha uchrashuvdan soʻng, kurashYusupov boshchiligidagi faollar gruhi oʻzbek kurashini xalqaro miqyosda rivojlantirishga qaritilgan faoliyatni boshlab yubordilar. Ular tomonidan Oʻzbekistonning turli hududlarida uyushtirilgan qator yirik musobaqalar muvaffaqiyati haqiqatdan ham barchani hayratga soldi.

Mamlakatning turli chekkalaridan kelgan minglab kurashchilar musobaqalarda ishtirok etish istagini bildirgan boʻlsa, millionlab kurash ishqibozlari ushbu jozibali musobaqalardan bahra olish ishtiyoqida respublika boʻylab stadionlarni toʻldirdilar.

Kurash faollarining saʼy-harakatlari Oʻzbekiston bilan chegaralanib qolmadi. Ular 1992-yildan boshlab Janubiy Koreya, Kanada, Yaponiya, Hindiston, AQSh, Monako va Rossiyada oʻtkazilgan qator nufuzli sport anjumanlarida oʻzbek kurashini tanitishga qaratilgan tadbirlarga bosh qosh boʻldilar.

Ushbu saʼy-harakatlar natijasida Oʻzbekiston poytaxti Toshkentda boʻlib oʻtgan kurash boʻyicha birinchi xalqaro musobaqalarda dunyoning 30 ga yaqin mamlakati vakillari ishtirok etdilar. Toshkent markazida 30 ming kishiga moʻljallangan stadion tomoshabinlarga toʻlib ketdi. Oʻzbekiston va uning tashqarisidagi millionlab teletomashabinlar televizorda batafsil olib koʻrsatilgan musobaqalarni yaqindan kuzatib bordilar. Oʻzbekiston Prezidenti sovrini tikilgan birinchi xalqaro musobaqa muvaffaqiyatli oʻtdi. Turk sportchisi Salim Tataroglu musobaqa gʻolibi boʻldi.

Birinchi xalqaro musobaqa bilan bir paytda mamlakat yana bir muhim tarixiy voqeaning guvohi boʻldi. 1998-yilning 6-sentabrida Yevropa, Osiyo va Amerikaning 28 mamlakati vakillari Xalqaro Kurash Uyushmasiga asos soldilar. XKU xalqaro miqyosda oʻzbek kurashini namoyon etuvchi rasmiy tashkilotga aylandi. Dastlabki taʼsis kongressi davomida yangi xalqaro sport tashkilotining nizomi tasdiqlandi, Kurashning xalqaro qoidalari qabul qilindi hamda XKUning boshqaruvi organi- Ijroiya qoʻmitasi saylandi. Kurashni xalqaro miqyosda rivojlantirish gʻoyasining dastlabki tashabbuskori, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov bir ovozdan XKUning Faxriy Prezidenti lavozimiga saylandi. Kurash xalqaro qoidalari muallifi Komil Yusupov esa XKU Prezidenti etib saylandi. Tashkilot ijroiya qoʻmitasi 15 kishidan iborat boʻlib, qoʻmita aʼzolari XKU kongressi tomonidan koʻpchilik ovoz asosida toʻrt yil muddatga saylanadilar. Ular, shuningdek, qayta saylanish huquqiga ham egadirlar.

1999-yilda Toshkent yana bir olamshumul voqeaning guvohiga aylandi – shu yili boʻlib oʻtgan kurash boʻyicha birinchi jahon chempionatida Yevropa, Osiyo, Afrika, shimoliy va janubiy Amerika qitʼalarining 48 mamlakati vakillari ishtirok etdi.

Yangi sport turi boʻyicha birinchi marta oʻtkazilayotgan jahon chempionatida shuncha davlat vakillarining ishtirok etishi sport olamida olamshumul voqea boʻldi. Chempionatning ochilish marosimida Oʻzbekiston davlat rahbari, XKU faxriy Prezidenti Islom Karimov oʻzbek kurashi ushbu azim oʻlka xalqi tabiatiga xos boʻlgan mardlik, jasurlik, oʻz raqibiga boʻlgan mehr oqibat, adolat, haqqoniylik va insonparvarlik kabi xislatlarni oʻzida mujassam etganini qayd etdi. Ushbu xislatlarni oʻzida mujassam etgan sport turi esa jahon miqyosida xayrixohlik ila kutib olinishi va qoʻllab-quvvatlanishi muqarrardir.

Oʻzbekistonning tomoshabinlar bilan toʻlib toshgan stadionlari ajoyib manzaraning guvohi boʻldilar. 50 dan ortiq mamlakatdan tashrif buyurgan yuzlab kurashchilar ushbu bellashuv turi boʻyicha jahonda tengi yoʻq ekanliklarini isbotlash uchun gilamga tushdilar.

Musobaqalar uch vazn toifasida oʻtkazildi −73,90 kilogramm va mutloq vazn. Bellashuvlar juda ham zavqli shu bilan birga qizgʻin ruhda oʻtdi. Musobaqa natijalariga koʻra uchchala vazn toifasida ham Oʻzbekistonlik kurashchilarning gʻoliblik shohsupasiga koʻtarilganligida alohida maʼno bor.

Oʻshandan buyon XKU yillik asosda kattalar orasida jahon chempionati bellashuvlarini muntazam oʻtkazib kelmoqda. Kurash boʻyicha ikkinchi jahon chempionati ushbu maroqli bellashuv vatanidan tashqarida oʻtkazildi.

2000-yilning iyul oyida Turkiyaning Oʻrta yer dengizi qirgʻoqlarida joylashgan Antaliya kurort shahrida boʻlib oʻtgan ikkinchi jahon chempionatida ayollar ham ishtirok etdilar. Uchinchi jahon birinchiligi 2001-yilning avgust oyida Vengriya poytaxti Budapesht shahrida boʻlib oʻtdi.

XKU kattalar oʻrtasidagi birinchiliklar bilan bir qatorda 2000-yildan buyon yoshlar oʻrtasida ham jahon chempionati oʻtkazib kelmoqda. Ushbu toifadagi birinchi ikki chempionat 2000 va 2001-yillarning may oyida Rossiyaning Tver shahrida boʻlib oʻtdi.

XKU 1999-yilning iyunida ayollar oʻrtasida birinchi xalqaro bellashuvni oʻtkazdi. Bellashuv maskani etib Rossiyaning Bryansk shahri tanlandi. Unda 9 mamlakatdan kelgan 25 jamoa ishtirok etdi. Germaniyalik Gretta Myuller musobaqa gʻolibi boʻldi. Ikki nafar Rossiya va musobaqa gʻolibining yana bir vatandoshi ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni baham koʻrdilar.

Kurash boʻyicha birinchi qitʼa chempionati 1999-yilning dekabrida boʻlib oʻtdi. Belorus poytahti Minsk kurash boʻyicha birinchi Yevropa chempionatiga mezbonlik qildi. Ayollar hamda erkaklar ishtirok etgan kurash boʻyicha birinchi Osiyo chempionati 2001-yilning aprel oyida bellashuvning vatani Toshkent shahrida boʻlib oʻtdi. 2001-yilning iyul oyida Janubiy Afrikaning Xartenbos shahrida Afrika qitʼasining birinchi qitʼa chempionati boʻlib oʻtdi. Birinchi Pan Amerika chempionati esa 2002-yilning mart oyida Boliviya poytaxti La-Pas shahrida boʻlib oʻtdi.

XKU doirasida uyushmaga aʼzo davlatlarda turli xalqaro turnirlar ham muntazam ravishda oʻtkaziladi.

Shu kabi nufuzli bellashuvlar sirasiga 2000-yildan buyon Britaniya kurash uyushmasi tomonidan oʻtkazib kelinayotgan Islom Karimov xalqaro bellashuvini keltirish mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va XKU faxriy Prezidenti sharafiga tashkil etilgan mana shunday musobaqalar dastavval 2000-yilning oktabr oyida Buyuk Britaniyaning Bedford shahrida boʻlib oʻtdi.

Ikkinchi turnir 2001-yilning noyabr oyida Buyuk Britaniyaning Dartford shahrida oʻtkazildi.

2001-yildan buyon XKU „eng yaxshi kurashchi“, „eng yaxshi hakam“, „eng yaxshi federasiya“ kabi 12 turli nominasiyada yilning eng yaxshi voqeasini va insonlarini aniqlashni yoʻlga qoʻydi. Kurash tarixida birinchi marotaba „2001-yilning eng yaxshi kurashchisi“ nominasiyasida Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan bellashuvda ajoyib oʻyin koʻrsatib gʻolib chiqqan Braziliyalik kurashchi Aleksandr Katsuragi oliy mukofot sazovori boʻldi. Budapeshtda boʻlib oʻtgan jahon chempionatida gʻolib chiqqan Polshalik Dorota Sikora „Yilning eng yaxshi kurashchi ayoli“ deb topilgan. „Eng yaxshi texnika“ nominasiyasida 2001-yilda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan ikki xalqaro turnirning mutlaq gʻolibi, oʻzbek kurashining navqiron yulduzi, ogʻir vaznli sportchi Abdulla Tangriev oliy mukofotni qoʻlga kiritdi. Bugungi kunga kelib kurash butun jahonda eʼtirof etildi. Boliviya, Kanada, AQSh, JARdan boshlab Gollandiya, Turkiya, Rossiya va Yaponiya kabi mamlakatlarda kurash maʼlumu-mashhur. Hozirda XKU Osiyo, Yevropa, Amerika va Afrika qitʼalarida joylashgan 4 qitʼa va 40 dan ortiq milliy kurash federasiyalarini birlashtiradi. XKUsining xalqaro sport tashkiloti sifatidagi nufuzi kundan-kunga ortib bormoqda. Albatta XKU Prezidenti va tashkilot ijroya qoʻmitasi aʼzolarining turli xalqaro sport uyushmalari va tashkilotlari rahbarlari bilan olib borayotgan muzokara va uchrashuvlari koʻp jihatdan bunga turtki boʻldi.

Kurash eng qadimiy bellashuv turlaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga jahon sahnasida u eng yosh sport turi hamdir. Oʻzining uzoq oʻtmishiga qaramasdan kurash faqatgina 1998-yilda jahon sport sahnasida shahdam odim tashladi. Ushbu odimlar na yengil va na qisqadir. Avval boshidanoq kurashning porloq odimlari va undan kutilgan maqsad aniq belgilangan edi. U ham boʻlsa Oʻzbek kurashini xalqaro sport turiga aylantirishdir.

Voqealar

tahrir

Kurash boʻyicha jahon chempionati

tahrir
Tartib Yil Mezbon shahar Mamlakat Natijalar
1 1999 Toshkent Oʻzbekiston bayrogʻi  Oʻzbekiston 3
2 2000 Antalya Turkiya bayrogʻi  Turkiya 4
3 2001 Budapest Vengriya bayrogʻi  Vengriya 2
4 2002 Yerevan   Armaniston 7
5 2005 Toshkent Oʻzbekiston bayrogʻi  Oʻzbekiston 13
6 2007 Ulaanbaatar Mogʻuliston bayrogʻi  Mongoliya 11
7 2009 Alushta Ukraina bayrogʻi  Ukraina 14
8 2011 Termiz Oʻzbekiston bayrogʻi  Oʻzbekiston 14
9 2013 Istanbul Turkiya bayrogʻi  Turkiya 15
10 2015 Xurramobod Eron bayrogʻi  Eron 8
11 2017 Istanbul Turkiya bayrogʻi  Turkiya
12 2019 Chungju Janubiy Koreya bayrogʻi  Koreya Respublikasi
13 2022 Puna Hindiston bayrogʻi  Hindiston

Kurash boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionati

tahrir
Tartib Yil Mezbon shahar Mamlakat Natijalar
1 2000 Tver Rossiya
2 2002 Tver Rossiya
3 2004 Shahrisabz Oʻzbekiston bayrogʻi  Oʻzbekiston 9
4 2006 Santo Domingo Dominika Respublikasi bayrogʻi  Dominikan Respublikasi 9
5 2008
6 2010 New Delhi Hindiston bayrogʻi  Hindiston 14
7 2012 Bournemouth Buyuk Britaniya bayrogʻi  Birlashgan Qirollik 7
8 2016 Kochi Hindiston bayrogʻi  Hindiston 13

Kurash boʻyicha Osiyo chempionati

tahrir
Tartib Yil Mezbon shahar Mamlakat Natijalar
1 2000 Toshkent Oʻzbekiston bayrogʻi  Oʻzbekiston
2 2001
3 2003 Tehron Eron bayrogʻi  Eron 5
4 2005
5 2006 Kobul Afgʻoniston bayrogʻi  Afgʻoniston 6
6 2008 Tehron Eron bayrogʻi  Eron 5
7 2011 Ilam Eron bayrogʻi  Eron 5
8 2012 Kochi Hindiston bayrogʻi  Hindiston 13
9 2015 Bayrut Livan bayrogʻi  Livan 14
10 2018 Pune Hindiston bayrogʻi  Hindiston 15
11 2022 Dushanbe Tojikiston 15

Kurash boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati

tahrir
Tartib Yil Mezbon shahar Mamlakat Natijalar
1 2009
2 2011
3 2013 Taypey Xitoy Taypeyi bayrogʻi  Xitoy Taypeyi 29
4 2015 Taoyuan Xitoy Taypeyi bayrogʻi  Xitoy Taypeyi 25
5 2017 Tehron Eron bayrogʻi  Eron 7
6 2019 Pattaya Thailand 15
7 2022 Chonburi Thailand 16

Kurash boʻyicha Arab davlatlari chempionati

tahrir
Tartib Yil Mezbon shahar Mamlakat Natijalar
1 2010 Bayrut Livan bayrogʻi  Livan 6
2 2011
3 2012 Bayrut Livan bayrogʻi  Livan 7
4 2013 Bayrut Livan bayrogʻi  Livan 3

Kurash boʻyicha Afrika chempionati (kattalar, oʻsmirlar, kadetlar)

tahrir
Tartib Yil Mezbon shahar Mamlakat Natijalar
1 2001
2 2002
3 2003 Pretoriya Janubiy Afrika bayrogʻi  Janubiy Afrika Respublikasi 14
4 2004 Kasablanka Marokash bayrogʻi  Marokash 8
5 2006 Vanderbijlpark Janubiy Afrika bayrogʻi  Janubiy Afrika Respublikasi 24
6 2007 Antananarivu Madagaskar bayrogʻi  Madagaskar 12
7 2008 Agadir Marokash bayrogʻi  Marokash 13
8 2009 Lusaka Zambiya bayrogʻi  Zambiya 15
9 2010 Maputu Mozambik bayrogʻi  Mozambik 15
10 2012 Brazzavil Kongo Demokratik Respublikasi bayrogʻi  Kongo Respublikasi 17
11 2013 Yoxannesburg Janubiy Afrika bayrogʻi  Janubiy Afrika Respublikasi 23
12 2014 Manzini Eswatini bayrogʻi  Esvatini 22
13 2015 Maputu Mozambik bayrogʻi  Mozambik 31
14 2016 Brazzavil Kongo Demokratik Respublikasi bayrogʻi  Kongo Respublikasi 7

European Kurash Championships

tahrir

American Kurash Championships

tahrir

The Pan American Kurash Union established in 2001, was one of the first continental unions affiliated to the IKA which started holding its own continental championships. The first Pan American continental championship among seniors was held in 2002 in La Paz, the capital city of Bolivia.

International Islam Karimov Kurash Championships

tahrir

Greece successfully hosted the Xth International Islam Karimov Kurash tournament held on the 1st of March, 2015. This event traditionally held in Greece since 2004 was initiated by the European Kurash Confederation and the Greece Kurash federation.

Havolalar

tahrir

Manbalar

tahrir