[go: up one dir, main page]

Koreya Respublikasi, norasmiy nomlari: Janubiy Koreya, Koreya (hangul: 대한민국, hanja: 大韓民國, tɛː.han.min.ɡuk̚), tinglang) Sharqiy Osiyoda, Koreys yarimorolida joylashgan mamlakatdir. Shimoldan Koreya Xalq Demokratik Respublikasi bilan chegaradosh. Poytaxti – Seul shahri aglomeratsiyasi aholisi boʻyicha jahonda ikkinchi oʻrinda turadi[1].

Koreya Respublikasi
대한민국
大韓民國
Tehan Minguk
Shior널리 인간을 이롭게 하라 (홍익인간)
"Jamiki odamzodga foyda keltir"
Madhiya: Aegukga (애국가)
Vatanparvarlik qoʻshigʻi
Location of Koreya Respublikasi
Poytaxt Seul
Rasmiy til(lar) Koreys tili
Koreys Imo-ishora tili
Hukumat Prezidentlik Respublika
• Prezident
Yoon Suk-yeol
• 
Chung Sye-kyun
Mustaqillik (Koreya Respublikasi asoslashi)
• Sana
15-avgust 1948
• 
11-fevral 1897
• 
15-avgust 1945
• 
15-avgust 1948
Maydon
• Butun
93 210 km2 (107-oʻrin)
• Suv (%)
mavjud emas
Aholi
• 2023-yilgi roʻyxat
48 076 532 (21-oʻrin)
• Zichlik 500/km2
• Jon boshiga
AQSh$ 300
Pul birligi Von (KRW)
Vaqt mintaqasi UTC+9
• Yoz (DST)
UTC+9
Qisqartma KS
Telefon prefiksi 82
Internet domeni .kr
Janubiy Koreyadagi manzara

Koreya jahonning eng qadimgi tamaddunlaridan biridir;[2] uning hududida Quyi Paleolit davridayoq odamlar yashaganligi maʼlum. Uch Koreys Qirolligining 668-yildagi birlashuvidan to 1910-yilgacha koreys xalqi yaxlit mamlakatda yashadi. Koreya boʻlinishidan soʻng 1948-yili Janubiy Koreya davlati yaratildi. Koreys Urushidan keyin Koreya Respublikasi iqtisodiyoti kuchli oʻsishni boshidan kechirib, mamlakat Katta Yigirmatalik safiga kirdi.[3] Bugungi kunda Janubiy Koreya Toʻrt Osiyo Barslaridan biri, deb hisoblanadi. Janubiy Koreya BMT, JST, OECD, APEC kabi tashkilotlar aʼzosi, AQShning yaqin hamkorlaridan biri boʻlib, xalqaro siyosatda faol qatnashadi.

Janubiy Koreya iqtisodiyoti yuqori texnologiyalar va qulay infratizimga asoslangan,[4] Samsung, LG, Hyundai-Kia kabi koreys shirkatlari elektronika, avtomobil, kema, mashina va robotlar ishlab chiqarishadi. Janubiy Koreya shuningdek taʼlimi ilgʻor mamlakatlardan biri boʻlib, aholisi ilmiy savod darajasi boʻyicha jahonda birinchi,[5] matematik savod boʻyicha esa ikkinchi oʻrinda turadi.[6]

Tarixi

tahrir

Arxeologik topilmalar daliliga asosan Koreyslar Koreya yarimorolini Ilk Paleolit davrida egallagan. Koreya tarixi eramizdan avvalgi 2333-yil Tanginning afsonaviy tarzda Koʻchoʻsonga asos solishi bilan boshlanadi.[7]

Tanginning qirolligi „Choʻson“ deb atalgan (ammo, hozirgi kunda yaqin davrdagi Choʻson sulolasidan farqlash uchun Koʻchoʻson yoki Qadimgi Choʻson deb ataladi). Koʻchoʻson Koreya yarimoroli shimoli va Manjuriyaning bir qismini egallashgacha kengaydi. Xitoyning Han sulolasi bilan bir necha urushlardan keyin, Koʻchoʻson parchalanib, bir necha davlatlarga boʻlinib ketdi va Koreyaning Uch Qirollik Timsoli davriga olib keldi.

Uch Qirollik timsoli davri davomida Buyo, Okcho, Doʻngyo va Samhan birlashmasi Koreya yarimoroli va janubiy Manchuriyani egallab oldi. Aynan shu davrda Uch Qirollik ravnaq topdi.

Uch Qirollik davri

tahrir

Eramizdan avvalgi 57-yillarda Uch Qirollik boshlandi va Silla 668-yilda Koguryo ustidan yarimorolni birlashtirguncha kengayib bordi. Bu davrda Koguryo, Pekche, Silla va Kaya yarim orolga hukmronlik qildi. Lekin Koʻruryo umuman olganda uch qirollikning eng kuchli va eng kattasi edi. Eng gullagan davrida Koʻguryo Manjuriyadagi Xitoy yerlariga hujum qildi va egallab olib katta yerga hukmronlik qildi.

Koguryo Vey, Shuy va Tang kabi xitoylar bilan bir necha marta jang qildi va chekindi, 668-yil, Shilla-Tang ittifoqi vaqt oʻtishi bilan qirollikni qulatishga olib keldi.

Eramizdan avvalgi (e. a.) II asrda Xitoy yozuvi („hanja“) ieroglifni qabul qilishi, eramizning IV asrida Buddizmning kirib kelishi Koreyaning Uch Qirolligiga teran taʼsir koʻrstatdi. Koreyslar keyinchalik ushbu taʼsirni Yaponiyaga oʻtkazdi.

667-yilda Uch Qirollikning Silla tomonidan birlashtirilishi Shimol-Janubiy Davlat davriga olib keldi. Koreya yarimorolini Silla, Manchuriyani esa Balhe boshqardi. Birlashgan Shilla davri Koreyaning madaniyati eng rivojlangan, yaʼni madaniy uygʻonish davri hisoblanadi. Shoirlik va sanʼatga dalda berildi.

Birlashgan Silla tinch munosabat olib bordi chunki Soʻng Sulolasi aggressiv emas edi. Bu davr davomida Koreya va Xitoy oʻrasida munosabatlar yaxshi boʻldi. 935-yilda Birlashgan Silla ichki nizolar taʼsirida parchalanib ketdi va oxirgi qirol Koʻryoga taslim boʻldi.

Koryo Qirolligi

tahrir

Koryo davlatiga 918-yilda asos solingan va 936-yilda butun yarim orolni birlashtirib yagona davlatga aylantiriladi. „Koryo“ soʻzi hozirgi „Koreya“ nomiga asos boʻldi. Bu sulola vakillari yarimorolni 1392-yilgacha oʻz qoʻl ostilarida ushlab turadilar. Ushbu sulola vakillari boshqaruvi davrida tegishli qonunchilik asoslari ham ishlab chiqildi. Buddizm butun yarimorol boʻylab keng tarqaldi.

Ammo 1231-yildan oʻsha davrda juda ham kuchli boʻlgan moʻgʻullar imperiyasi Koryo davlatiga hujumlarni boshlaydi, 25 yillik qarshilikdan soʻng Koryo qiroli moʻgʻullarga taslim boʻlishga majbur boʻladi. 80 yil davomida Koreya mooʻgʻullar boshqaruvi ostida yashaydi.

Fayl:Temple-at-gyeongju.jpg
Pulguksa.

XIV asrninig oʻrtalariga kelib moʻgʻullar imperiyasi asta-sekin kuchsizlana boshlaydi, har xil ichki kurashlar tufayli tanazzulga yuz tuta boshlaydi, bu esa albatta Koryo qiroli Konminga qoʻl keladi va mustaqillikni qoʻlga kiritib moʻgʻullarni mamlakat hududidan quvib chiqaradi.

Xitoyda Yuan sulolasi tanazzulga yuz tutib Min sulolasi davlati boshqaruviga kelganda Koreya davlati yangi sulola vassali ekanligini tan oladi (1368-yilda). Shunday boʻlsa-da Koreya armiyasi generali Li Son Ge zimdan Yuan sulolasini qoʻllab quvvatlab turadi, bu esa albatta oʻz natijasini beradi. Kerakli madadni olgan Li Son Ge Koryo sulolasini tugatib Choʻson nomi ostida 1392-yilda yangi davlatga asos soladi.

Choʻson qirolligi

tahrir

Choson davlati poytaxti sifatida Xanson shahri (hozirgi Seul) tanlanadi. 1394-yilda esa rasmiy din sifatida Konfutsiylik qabul qilinadi (Konfutsiylik diniga dastlab Xitoyda Konfutsiy degan odam asos solgan). XV asrda esa Qirol Sejong tomonidan hozirgi koreys alifbosi „Hangul“ga asos solinadi.

Choson 1582-yildan 1598-yilgacha yaponlarning doimiy hujumlaridan biroz kuchsizlanadi.

1627- va 1636-yillarda Manjuriyada qaror topgan Sin sulolasining Chosonga qilgan hujumlaridan soʻng Choson davlati Sin imperiyasi vassaliga aylanadi. Sin imperiyasi Xitoydagi Min sulolasini tugatib taxtga kelgan yana bir Xitoyni boshqargan sulolalardan biri.

Davlat ichki boshqaruvida konfutsiylarning taʼsiri juda ham kuchayib ketadi, bu ham davlatning tanazzulga yuz tutishiga sabab boʻladi.

XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib Yaponiya namunasidagi gʻarblashish (yevropalashish) islohotlari keng quloch yoyadi. Ayniqsa bu islohotlarda zodagon Pak Kyu Su faol qatnashadi, ammo uning oʻlimidan soʻng bu islohotlar toʻxtab qoladi.

 
Tiklangan Kobukson.

18931895-yillarda Koreyada inqilobiy harakatlar boshlanadi. Inqilobchilar qirol maʼmuriyatidan yaponlarga qarshi Xitoydan madad soʻrashni talab qiladilar, shundan soʻng qirol Xitoydan yordam soʻraydi. Xitoy oʻz armiyasining bir qismini koreyslarga yordam uchun joʻnatadi. Bu esa Xitoy va Yaponiya urushini keltirib chiqaradi (189495-yillarda boʻladi). Natijada urush Yaponiya gʻalabasi bilan tugaydi, Koreya esa amalda Yaponiya protektorati ostiga tushib qoladi.

Yaponiya anneksiyasi

tahrir

1904-yilda rus-yapon urushi boshlanadi. Garchi Koreya rasmiy ravishda urushda qatnashmagan boʻlsa-da, barcha dengiz va quruqlikda olib borilgan urushlar qisman Koreya hududida yoki chegarasida olib borildi. Urush Manjuriya hududiga koʻchganda Koreya hududi butunlay yapon askarlari qamali ostida qoladi.

Koreyaning boʻlinishi

tahrir

Rus-yapon urushi tugagandan soʻng, garchi koreys-yapon tinchlik sulhi tuzilgan boʻlsa-da, amalda Koreya Yaponiya protektorati ostiga oʻtadi va deyarli mustaqilligini yoʻqotadi. 1910-yilga kelib Yaponiya Koreyani toʻliq bosib oladi, natijada Koreya toʻliq Yaponiyaga oʻtadi.

1945-yilda Yaponiyaning II jahon urushida magʻlubiyatga uchrashi, Koreyadagi yaponlar boshqaruvining barham topishiga olib keladi. Ammo Koreyaning shimoliy qismini SSRI, janubiy qismini esa AQSh eggalab oladi.

Janubiy Koreya tarixi

tahrir

1945-yilda SSRI va AQSh Koreyani birgalikda boshqarish toʻgʻrisida shartnomaga qoʻl qoʻyishadi. Ikki katta davlat Koreyani 38-parallel chizigʻidan boʻlishib olishadi.

195053-yillarda boʻlib oʻtgan Koreya urushi Shimol va Janub oʻrtasida harbiysizlashtirilgan hudud oʻtkazilishiga sabab boʻladi. Shunday qilib bir butun Koreya davlati shimolda Kommunistik boshqaruvli Koreya Xalq Demokratik Respublikasi va janubda kapitalistik boshqaruvga ega boʻlgan Koreya Respublikasiga boʻlinib ketadi.

Birinchi respublika

tahrir

Koreya Respublikasiga 1948-yil 15-avgustda asos solingan. Li Sin Man esa KRning birinchi prezindeti etib tayinlanadi, ayni shu yilning 9-sentabrida Kim Ir Sen boshchiligidagi Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) tashkil topadi. 1948-yil KRning birinchi konstitutsiyasi ham qabul qilinadi.

Birinchi Respublika boshqaruv davri BMT, Xitoy va SSRIning qurolli kuchlarining faol ishtiroki bilan boʻlgan Shimoliy va Janubiy Koreya urushi bilan taʼriflanadi. Bu urush natijasida ikkala koreys davlati ham katta moddiy va iqtisodiy talafot koʻradi. Birinchi respublika 1960-yili aprel inqilobidan soʻng tugatiladi.

Ikkinchi respublika

tahrir

Talabalar inqilobidan soʻng vaqtinchalik davlat boshqaruviga Ho Chon ismli shaxs keladi. 1960-yil 29-iyulda saylov boʻlib oʻtadi va unda Demokratik partiya gʻalaba qozonadi. Bu esa Ikkinchi Respublikaning boshlanishiga sabab boʻladi va prezident etib Yun Bo Son saylanadi.

Harbiy hukumat

tahrir

Ikkinchi Respublika Davlat boshliqlarining muvaffaqiyatsiz olib borgan siyosati harbiylarga yoqmaydi, bu esa harbiylarning koʻtarilishiga sabab boʻladi. 1961-yili harbiy toʻntarish boʻladi va davlat tepasiga general-mayor Pak Chon Hi keladi.

Harbiylar hukumati davlatni demokratik boshqaruvga oʻtkazishlikka hayrihox boʻladi, bu esa 1963-yilda saylovga olib keladi. Saylov natijalariga koʻra general Pak Koreya Respublikasi prezidenti etib saylanadi.

Uchinchi respublika

tahrir

Uchinchi Respublika davrida Yaponiya bilan tinchlik shartnomasi tuziladi. Koreya Respublikasi oʻz hududida AQSh harbiy bazalarining joylashiga qonuniy tarzda ruxsat bergandan soʻng, AQSh bilan boʻlgan aloqalari yanada kuchayadi. Undan tashqari, Koreya Respublikasi AQSh harbiylarining Vyetnamda olib borgan urushida 320 000 askar bilan quvvatlab turadi, yaʼni Koreya Respublikasi oʻz harbiylarini Vetnamga AQSh harbiylariga yordam berish uchun yuboradi. Bu esa oʻz natijasini bermay qolmaydi, AQSh Koreya Respublikasini har tomonlama qoʻllab-quvvatlay boʻshlaydi.

Iqtisodiyot tezlik bilan koʻtarila boshladi, ayrim iqtisodiy islohotlarning oʻtkazilishi yalpi milliy mahsulotining oʻsishiga olib keladi.

Toʻrtinchi respublika

tahrir

Toʻrtinchi respublika 1972-yli Yusin konstitutsiyasining qabul qilinishi bilan boshlanadi. Bu konstitutsiya prezidentlik boshqaruvini yanada mustahkamlaydi va keng vakolatlar beradi. Bu davr juda tez oʻsib borayotgan Koreya Respublikasi iqtisodiyotining regressiyaga uchrashi bilan xarakterlanadi.

Beshinchi respublika

tahrir

1979-yilda general Pak oʻldirilishi bilan Koreya Respublikasida uzoq yillarga choʻzilgan siyosiy inqiroz boshlanadi. 8 yil davomida xalq demokratiya uchun kurash olib boradi. Uzoq davom etgan kurashlardan soʻng 1987-yilda Koreya Respublikasida demokratik saylovlar oʻtkaziladi.

1988-yilda Seulda Olimpiada oʻyinlari oʻtkaziladi. Shu yillarda Xitoy va Sovet Ittifoqi bilan aloqalar tiklanadi. 1992-yilda demokratik yoʻl bilan Kim Yon Sam saylanadi. Ammo uning boshqaruvi davrida davlat amaldorlari orasida poraxoʻrlik judayam kuchayib ketadi, bu esa davlatning yana siyosiy inqiroz yoqasiga olib kelinishiga sabab boʻladi.

1997-yil Koreya Respublikasi uchun juda ham muvaffaqiyatsiz yil boʻladi. Koreya Respublikasi iqtisodiyoti rivojlanishi pastlashib boradi, von (Koreya Respublikasi pul birligi) qadri tushib ketadi. Turizm oqimi ham ozayib boradi. 1998-yil fevral oyida prezidentlik saylovi oldidan iqtisodiy va demokratik islohotlar oʻtkazishi, Shimoliy Koreya bilan aloqalarni tiklash toʻgʻrisida vaʼdalar bergan Kim De Chjun yangi prezident etib saylanadi. 1998-yilning oʻrtalariga kelib Koreya Respublikasi oxirgi 20 yil ichida uchramagan iqtisodiy inqiroz boshlanadi, ishsizlik va inflatsiya (pul qadrsizlanishi) kuchayib ketadi. Ammo prezident oʻz vaʼdalarini bajarishi tufayli tez orada yana Koreya Respublikasi iqtisodiyoti koʻtarila boshlaydi. Shimoliy Koreya bilan ilk marta aloqalar oʻrnatiladi. 2000-yilda Koreya Respublikasi prezidenti shaxsan KXDRga rasmiy tashrif buyuradi, bu esa ikki davlat orasida ozgina boʻlsa-da iliqlikni vujudga keltiradi.

Aynan shu prezident boshqaruvi davrida Yevropa Ittifoqi bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalar yanada rivojlanadi. 2002-yil prezident Kim De Chjunga tinchlik yoʻnalishi boʻyicha Nobel mukofoti topshiriladi.

2002-yilda esa yangi prezidentlik saylovlari oʻtkaziladi, unda No Mu Xyon gʻalaba qozonadi. Uning prezidentlik boshqaruvi davrida Koreya Respublikasi iqtisodiyoti ancha rivojlanadi. Ammo 2004-yil 12-martda Janubiy Koreya Milliy Assambleyasi (Koreya Respublikasi parlamenti) vakillari Prezident No Mu Xyonni poraxoʻrlik va ayrim shaxslarga siyosiy homiylikda ayblab unga qarshi ovoz beradilar. Biroq prezidentni qoʻllab=quvvatlab turuvchi Uri siyosiy partiyasi Parlamentning prezidentga qarshi ovozlarini boykot qiladi. Bu holat mamalakatda parlament saylovlarining muddatdan avval oʻtkazilishiga sabab boʻladi va 2004-yil 15-aprelda saylovlar oʻtkaziladi. Saylov natijalariga koʻra Uri partiyasi parlamentdagi 299 oʻrindan 152 oʻrinni egallaydi. 18 yil deganda parlamentda bir partiya koʻpchilik mandatni egallaydi. Ammo 2005-yilda oʻtkazilgan saylovlarda Uri partiyasi parlamentddagi koʻpchilik mandatini yoʻqotadi.

2008-yilda oʻtkazilgan saylov natijalariga koʻra Seul shahrining sobiq hokimi Li Myon Bak prezident etib saylanadi.

Joylashuvi va iqlimi

tahrir

Geografik joylashuvi

tahrir
 
Topografiyasi.

Koreys yarimoroli Osiyoning sharqiy oxirida joylashib, uzunligi 1100 killometrni tashkil etadi. Gʻarbdan Tinch okeani bilan, shimoldan esa Xitoy va Rossiya bilan chegaradosh. Koreyaning sharqiy tomonida Sharqiy Dengiz boʻlib, uning ortida Yaponiya joylashgan. Yerining 70 foizini togʻlar egallab, qirgʻoq yoqalab 3000 minga yaqin orolchalar tarqalgan.

Koreyaning yer maydoni 222 ming 154 km2 boʻlib, kattaligi taxminan Buyuk Britaniya yoki Ruminiyaga teng. Ushbu maydonning 45.5 % yoki 100 ming km2idan qishloq xoʻjaligida foydalanish mumkin. Togʻli tumanlar butun maydonning taxminan uchdan ikki qismini tashkil etib, Portugaliya, Mojariston yoki Irlandiya maydonicha desa boʻladi.

Tebeksan togʻ zanjiri shaqiy qirgʻoq boʻylab choʻzilib, Sharqiy dengiz kuchli toʻlqinlari tomonidan yuvilib turadi. Ushbu zarba ostida katta qoya va qoya orolchalar paydo boʻlgan. Gʻarbiy va janubiy qirgʻoqlar esa qiya jarlik. Jarliklar boʻylab qirgʻoqlari moʻjizona kesilgan bogʻozli yaqin orollar joylashgan.

Yarimorolda shunday koʻp daryo va tasvirlar chizilgan togʻlar borki, shunga koreyslar koʻpincha oʻz davlatini chiroyli tillarang parchalarga qiyoslashgan. Togʻning eng baland choʻqqisi Shimoliy Koreyada joylashgan Pektusan boʻlib, Xitoy chegarasi boʻlab dengiz sathidan 2744 m balandlikka koʻtarilgan. Pektusan togʻida oʻchgan vulqonlar boʻlib, uning ogʻzida „Chonji“ deb nom olgan katta koʻl paydo boʻlgan. Bu togʻ Koreya ruhi hisoblanib, Koreya Respublikasining madhiyasi matnida bu haqda eslatilgan.

Nisbatan katta boʻlmagan Koreya yarimorolida yetarlicha koʻp katta va kichik daryolar oqadi. Ushbu suv arteriyalari koreyslar hayot tarzi va mamlakatini sanoatlashitirishda muhim rol egalladi. Koreyaning eng katta ikki daryosi – bu Naktongkang (525 km) va Koreya poytaxti Seuldan oʻqib oʻtadigan Hankang (494 km). Hankang daryosi uzoq tarixda uning qirgʻoqlarida rivojlangan aholiga muhim ahamiyatga ega boʻlganidek bugungi kunda ham zich aholining hayotida muhim ahamiyatga ega.

Koreyaning uch tomonini yuvib turuvchi dengizlar ham aholi hayotida uzoq davrlardan beri muhim rolga ega boʻldi. Shuning uchun ham dengizshunoslik va kemasozlik sanoati tez rivojlandi.

Iqlimi

tahrir
 
Seuldan oqib oʻtadigan Cheonggyecheon.

Koreya iqlimi – moʻtadil, bir-biridan keskin farq qiladigan toʻrt faslga ega. Bahor qisqa boʻlishiga qaramasdan juda ham yoqimli va quyoshli boʻladi. Yozda esa issiq va namlik yuqori boʻlib, iyul oylarida yomgʻirga boʻy boʻladi. Kuz fasli yorqin tilla va qizil ranglar bilan boʻyalib ajoyib rang-barang panoramani yaratadi. Qish sovuq va quruq kelib vaqti-vaqti bilan qor yogʻadi. Janubi-gʻarbdagi Jeju-do oroli yumshoq subtropik iqlimga ega. Koreya tumanlari oʻrtasidagi harorat farqi juda katta, oʻrtacha hisobda 6 °C dan 16 °C gacha boʻladi. Yilning eng issiq oʻyi boʻlgan avgustda esa harorat 19 °C va 35 °C orasida boʻladi, eng sovuq oyi yanvarda esa harorat minus 8 °C gacha tushib ketadi.

Bahor faslining boshlarida shamol Xitoyning shimoliy qismidagi choʻllaridan sariq qum va tuproqlarni uchurib keladi. Ammo aprel oyi oʻrtalarida haqiqiy bahor nafasini his qilish mumkin boʻladi, togʻlar va maysazorlar esa ajoyib gullarga boʻyalgan boʻladi. Shu vaqtda dehqonlar dalalarni guruch ekishga tayyorlaydi.

Koreyslarning yil fasllari orasida sevimlisi boʻlgani kuz odamni tetiklashtiradigan havo va musaffo osmonga ega boʻladi. Kuz – hosillarni yigʻishtirish vaqti hamda turli bayram va tarixiy anʼanalarga boy fasl.

Hukumati

tahrir
 
Janubiy Koreya Milliy Assambleyasi.

Koreya hukumati uchta qismga boʻlingan: ijro etuvchi, qonun chiqaruvchi va sud hokimyati. Qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar davlat darajasida faoliyat koʻrsatadi. Mahalliy vazifalarni ijro etuvchi boʻlimdagi turli vazirliklar amalga oshiradi. Mahalliy hokimyat yarim-muxtor boʻlib, oʻzining ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi boʻlimiga ega. Sud hokimiyati davlat va mahalliy darajada faoliyat koʻrsatadi.

Koreya hukumatining tuzilishi Koreya Respublikasining konstitutsiyasi bilan belgilanadi. Bu hujjat 1948-yil kuchga kirgandan buyon bir necha marta tahrir qilindi. Ammo bir necha palata xususiyatlari oldingidek qoldi; Ikkinchi Koreya Respublikasidan tashqari barcha hukumat mustaqil bosh ijro etuvchi – prezidentga ega boʻldi.

Puxta uch hokimiyatli tizim bu tekshiruv va muvozanatning ehtiyotkor tizimidir. Masalan, konstitutsiyaviy sudning sudyalari qisman ijro etuvchi, qisman qonun chiqaruvchi hokimiyat tomonidan tayinlanadi. Shuningdek, impichment rezolutsiyasi qonun chiqaruvchi hokimiyat tomonidan berilib, sud hokimiyati soʻnggi qarorni qabul qiladi.

Iqtisodiyoti

tahrir

Janubiy Koreyaning 1997-yildagi inqirozgacha boʻlgan ildam iqtisodiy rivoji „Sharqiy Osiyo Moʻjizasi“ deb atalgan. Uch dekada shiddatli iqtisodiy rivojlanish kambagʻal agrar mamlakatni dunyodagi oʻn ikkinchi iqtisodiy-eksport davlatiga aylantirdi. 1996-yil 12-dekabrda Koreya Iqtisodiy Hamkorlik va Rivojlanish Tashkiloti (IHRT)ga qabul qilinishi haqiqatan Koreya iqtisodiyotining avjiga chiqqan payti boʻldi. Koreyaning bunday tez rivoji yuqori darajadagi jamgʻarma va sarmoyaga katta yordam berdi, shuningdek milliy taʼlimning taraqqiy topishiga ragʻbat boʻldi. Shuning evaziga bugungi kunda bir qancha yosh oʻgʻil-qizlar dunyoning eng nufuzli oliygohlarida taʼlim olishmoqda.

Lekin rivojlanishga boʻlgan yoʻl oson boʻlmadi. Bu yoʻlga erishish turli qiyinchiliklarni yengib oʻtishni talab etdi. 1945-yili Yaponiya qaramligidan ozod boʻldanidan soʻng milliy iqtisodiyotni rivojlantirish xalqning hayot-mamot masalasiga aylandi. Tabiiy boyliklarning cheklanganligi, ichki bozorning zaifligi va iqtisodiy rivojlanish tajribasiga ega boʻlmasligiga qaramay, Koreya milliy iqtisodiyotning barqaror va mustaqil rivojlanishini amalga oshirdi.

1950—1953-yillarda boʻlib oʻtgan Koreys Urushi Janubiy Koreya iqtisodiyoti rivojlanishiga katta putur yetkazdi. Bir xalqning oʻzaro urushib ikki qismga boʻlinishi Koreya tuprogʻida buzgʻunchilik va alamli xotiralarni qoldirdi. Urush qurbonlari va nogironlar soni 1,5 mlnni tashkil etadi. Urushning moddiy zarar qiymati 1953-yil narxlarida 3,1 mlrd AQSh dollarini tahskil etdi.

Janubiy Koreyaning urushdan koʻrgan zarari 1953-yilgi Milliy Yalpi Mahsulot (YMM)ning 85%ini tashkil etdi. Urushdan keyingi qayta tiklanish davrida (1953-1960-yy) rivojlanish darajasi xorijiy davlatlarning yordamlari boʻlishiga qaramay past boʻldi. Shunday boʻlsa-da, 1953-yildan 1995-yilgacha oʻrtacha Milliy Yalpi Mahsulot oʻsishi 7,6%ni tashkil etdi, bu esa 21 marta oʻsganligidan dalolat berdi.

Bu vaqt davomida aholi yillik oʻsishi 2,2%, YMM real daromadi aholi boshiga 5,6%ni, yani 9,3 marta oʻsishni tahskil etdi. 1953-yildan 2007-yilgacha Janubiy Koreya YMM 2,3 mlrddan 1,2 trln AQSh dollariga oʻsdi. Aholi boshiga YMM daromadi qiymati 67 AQSh dollaridan 24 600 dollarga oʻsganini koʻrsatadi.

1960-yillarda boshlangan iqtisodiy rivojlanish ishlab chiqarish sohasida oʻz aksini topti, asosan avtomobilsozlik, neftni qayta ishlash, elektronika, kemasozlik, tekstil va poʻlatni qayta ishlash sohalari bunga misol boʻla oladi.

Koreyaning oʻsha davrdagi iqtisodiy ishlash tizimini quyidagicha izohlash mumkin. 1961-yildan boshlanib 1979-yilga qadar davom etgan qoʻmondon Pak Jong Hi davlat rahbarligi davrida dunyodagi mavjud siyosiy ziddiyat sababli Janubiy Koreyaga gʻarb davlatlari va Yaponiya sarmoya qila boshladi. Davlat koreys tilida „cheboʻl“ deb ataluvchi katta korxonalarni rivojlantirish maqsadida chet eldan kelgan sarmoyani ular uchun quyi foizlarda foydalanishiga ruxsat berildi. Bunga asos katta korxonalarning rivojlanishi, keyinchalik kichik va oʻrta biznesning rivojlanishiga sabab boʻlishiga ishonch edi. Qoʻmondon Parkning eksportga yoʻnaltirilgan iqtisodiy rivojlanish siyosati 5 yillik rejalar asosida muvoffaqiyatli amalga oshirildi.

Iqtisodiyot asosiy qismini qishloq xoʻjaligi tashkil qilgan yillar ham boʻlgan. Endilikda esa Janubiy Koreya qayta ishlash sohasi bilan gʻururlansa boʻladi, chunki 1997-yilning oʻzida YMM ning 25,7%ini ishlab chiqarish tashkil etti. 1997-yilgi YMM 5%ga, 1996-yil 6,8%ga, 1995-yil esa 8,9%ga oʻsish kuzatilgan edi. 1998-yil YMM oʻsishi 6,7% manfiy koʻrsatkichni tashkil etti. Buning asosiy sababi 1997-yilda Janubiy-sharqiy Osiyo davlatlaridagi iqtisodiy boʻhron oqibatidadir. Xorijiy sarmoyadorlarning Xitoy kabi boshqa rivojlanayotgan davlatlarga sarmoyalarini koʻchirishi bilan iqtisodiy ahvol yanada salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishiga qaramay, 1999-yil YMM oʻsishi 10,9%, 2000-yil 9,3%, 2001-yil 3%, 2002-yil 6,3%ni, 2007-yil 4,8%ni va miqdori 1,2 milliard AQSh dollarini tashkil etti.

Fan-texnikasi

tahrir
 
Janubiy Koreyada dunyodagi xotira chiplarining 45%i ishlab chiqariladi.[8]

Janubiy Koreyaning elektronika va mashinasozlik shirkatlari jahonda yetakchi oʻrinlardadir; ular qatoriga LG, Samsung va boshqalar kiradi. Butun dunyodagi LCD monitorlarning 50%i aynan Janubiy Koreyada tayyorlanadi.[9] Samsung va LG mobil telefon ishlab chiqaruvchilari orasida dunyoda yetakchi shirkatlardandir.

Janubiy Koreya aholisi elektronikadan eng koʻp foydalanuvchi xalqlar qatoriga kiradi. Internetdan foydalanuvchilarning foiz nisbatdagi soniga koʻra birinchi oʻrinda turadi.[10] 2020-yilgacha har bir koreys xonadonida kamida bitta robot boʻlishi rejalashtirilgan.[11] Bu reja orqali Koreya aholisining keksayishi va shu tufayli ishchi kuchi hamda askarlar soni kamayishi muammolari qisman hal qilinishi koʻzda tutilgan.

Koreya Respublikasi Rossiya bilan fazoviy hamkorlik olib bormoqda,[12] bu hamkorlik doirasida „Arirang-1“ va „Arirang-2“ nomli sunʼiy yoʻldoshlar uchirildi. 2008-yilning 8-aprelida Koreya oʻzining birinchi fazogiri – Yi So-yeonni koinotga uchirdi, u rus orbital kemasi „Soyuz TMA-12“da ishladi.

Aholisi

tahrir
 
Koreyslar Seuldagi istirohat bogʻida hordiq chiqarishmoqda.
Janubiy Koreyada din
Xristianlik
  
29.3%
Buddizm
  
22.8%
Von Buddizmi
  
0.3%
Konfutsiylik
  
0.2%
Cheondoizm
  
0.1%
Dinsiz
  
46.5%

Aholi soni – 51 814 400 nafar (2022). Zichlik 533 kishi. Janubiy Koreya aholisining katta qismini koreyslar tashkil etadi. Bundan tashqari mamlakatda kamida 300 ming nafar xitoyliklar istiqomat qilishadi. Janubiy Koreyaliklar oʻrtacha 81.6 yil umr koʻrishadi.

Deyarli hamma koreys tilida soʻzlashadi, maktablarda ikkinchi til oʻlaroq ingliz, yapon, xitoy, olmon va boshqa tillar oʻrgatiladi.

2020-yil maʼlumotlariga koʻra Janubiy Koreya aholisining 56 foizi dinsizdir.[13][14] Qolgan aholi oʻzini yo xristian, yoki buddist, deb koʻrsatgan; boshqa dinlar nihoyatda kam tarqalgan.

Madaniyati

tahrir

BTS – K-pop, rap, rock yoʻnalishlarida muvaffaqiyat qozonib kelayotgan eng mashhur guruhlardan biri. Jamoa aʼzolari Jimin, Jung Kook a V oʻzlarining chiroyi bilan nafaqat koreys balki, xitoy, yapon, thai, hind va shu jumladan oʻrta osiyolik qizlarni ham eʼriboriga tushgan.

 
TVXQ – K-pop janrida ijro etuvchi mashhur koreys guruhlaridan biri.
 
Qish Sonatasi seriali shuhrati Oʻzbekistonga ham yetib kelgan.

Janubiy Koreya ommaviy madaniyati Osiyo qitʼasi va umuman dunyoda yoyilmoqda. XXI asrda paydo boʻlgan bu fenomen koreys toʻlqini deb nomlandi. Bu fenomen oʻz ichiga K-pop (koreys pop) musiqasi, koreys teleseriallari va filmlarini oladi.

Zamonaviy texnologiyalarning koreyslar hayotiga chuqur kirib borgani ularning madaniyatiga kuchli taʼsir qildi. Koreys yoshlari orasida videooʻyinlar shunchalik ommalashganki, matchlar hatto telekanallarda ham namoyish etiladi (misol sifatida Arirang kanalida tez-tez koʻrsatiluvchi Starcraft translatsiyalarini keltirish mumkin).

Sporti

tahrir
Fayl:Fifa202 korea.jpg
2002-yilgi futbol boʻyicha Jahon Chempionatidagi Koreya koʻrsatgan natijani koreys xalqi esdan chiqarmaydi.

1988-yil Yozgi Olimpiada oyinlari va 2002-yil futbol boyicha Jahon Chempionatining juda ham yuqori saviyada oʻtkazilishi Koreya Respublikasi sporti tarixidagi eng katta yutuqlardan biri hisoblanadi. 17-Futbol Jahon Chempionati 3-ming yillikda birinchi boʻlib Koreya va Yaponiyada oʻtkazildi. Binobarin, bu Osiyo qitʼasida birinchi bor futbol Jahon Chempionatining oʻtkazilishi boldi. Va eng muhimi, Koreya Respublikasi milliy futbol terma jamoasi birinchi bor yarim finalgacha yetib keldi. Albatta, bu juda ham gʻaroyib hodisa boʻlib, koʻpchilikni hayratga soldi. Janubiy Koreyalik futbolchilarning ajoyib ishtiroki Koreyaning xalqaro arenadagi oʻrnini jadal ravishda yuqorilatdi va Koreya tovarlarining talabi oshdi. Albatta muxlislarning oʻrni ham juda katta boʻldi. Koreyalik muxlislar oʻzlariga „Red Bulls“ degan nomni shior qilishib oʻz futbolchilarini qoʻllab quvvatlashda charchamadilar va butun dunyoni hayratga soldilar. 2002-yil futbol Jahon chempionati oʻyinlarini 3,6 mln muxlis stadiondan turib va milliardlab muxlis oynai jahon orqali tomosha qilishga muvaffaq boldilar.

Fayl:Olomon sport korea.jpg
Koreya futbol ishqibozlari ommasi dengiz kabi oqqan.

Koreya maydoni boʻyicha ham, aholining soni boʻyicha ham katta davlatlar qatoridan joy olmagan boʻlsa-da, janubiy Koreya futbolchilarining ishtiroki yuqori boldi. Koreya terma jamoasi 6 marta futbol jahon chempionati final bosqichlariga chiqqan bolib, ulardan 5 marotabasi ketma-ket boʻlgan. Bu esa – misli koʻrinmagan voqeadir. Bunaqasi hali Osiyoda boʻlmagan.

Koreya sportning boshqa turlarida ham juda ajoyib natijalarni koʻrsatmoqda: short-trek, yengil atletika (marafon), dzudo, taekvando, boks, erkin va klassik kurash, kamon otish, stend oʻtish, badminton, gandbol va chim ustida xokkey sport turlari bular safidandir.

Jahon klassikasi darajasidagi Koreya beysbolchilari AQSh va Yaponiyada juda ham mashhurdir. Pak Chan Ho „Houston Astros“ safida juda ham muvaffaqiyatli ishtirok etib kelayotgan boʻlsa, Kim Ben Hen „Florida Marlins“, So Je Ung – esa „Tampa Bay Devil Rays“ safidadir. Qolaversa bir necha koreys futbolchilari Yevropa va Yaponiya klublarida toʻp surishadi.

Shuningdek, Koreya golf boʻyicha ham oʻz yutuqlari bilan faxrlanadi. Koreya golfchilari Pak Se Ri, Kim Mi Hen, Han Hi Von va Greys Pak hozirga kelib butun dunyoga mashhur boʻlib ulgirgandir, chunki ular bir necha bor LPGA turniri va AQSh ochiq chempionati gʻoliblari boʻlishgan. 2002-yil golfchi Choy Ken Dju ketma-ket PGA ikki titulini qoʻlga kiritgan.

Janubiy Koreyalik tennischilar ichida birinchi bor xalqaro turnir gʻolibi Li Hen Tek boldi. 2003-yil yanvar oyida Li Hen Tʼek „Adidas International“ turnirida birinchi oʻrinni egalladi. Bu turnir Sidneyda (Avstraliya) boʻlib oʻtgan.

Hozirgi paytda Koreya hukumati mamlakatda sportni rivojlantirish maqsadida 5 yillik rejani amalga oshirmoqda (2003-2008-yy). Uning uchun 2,8 trillion KRV ajratilgan ($2,3 mlrd). Bu reja sportning deyarli barcha turlarini rivojlantirishga moʻljallangan boʻlib va qoʻshimcha professional sport, yangi sport texnologiyalarini ishlab chiqish va koʻplab sport inshootlarini qurishga ham yoʻnaltirilgan.

Koreyada ommaviy sport turlari bu – futbol, basketbol, voleybol va anʼanaviy sport turi bolgan belbogʻ kurashdir (SSIRIM). Bu sport turlari juda ham koʻp muxlislarni jalb qiladi. Bundan tashqari alpinizm, yugurish, badminton, suzish, aerobika, stol tennisi, bouling, skvosh, tennis va golf ham ommaviy sport turlaridir. Alpinistlarning juda ham koʻp boʻlganligidan koreyslarning nafaqat sportga boʻlgan qiziqishini, balki tabiatga boʻlgan muhabbatini ham koʻrish mumkin. Qolaversa mamlakat maydonining 70%i togʻli qismdan iboratdir.

Sport sohasidagi muhim aspektlardan biri bu Shimoliy Koreya bilan boʻlgan munosabatlarni ijobiylashtirish va oʻzaro almashuv dasturlarni amalga oshirishtir, zero sport bu tinchlik va doʻstlik elchisidir. Shimoliy Koreya sportchilari Janubiy Koreyada boʻlib oʻtgan ikkita katta xalqaro musobaqalarda ishtirok etganlar, 2002-yil Pusan yozgi Osiyo oʻyinlarida va 2003-yil Tegu yozgi Universiadasida.

Koreys kurash sanʼati taekvondo – milliy sport turi boʻlib, hozirga kelib butun jahonda mashhurdir. Bu sport turi bilan 40 mln odam shugʻullanib kelyapti. 2000-yil Sidney Olimpiada oʻyinlarida esa, taekvando Olimpiada sport turlari ichiga qoʻshildi.

2003-yil mart oyiga kelib Janubiy Koreya sport sohasini rivojlantirish yoʻlida dunyoning 23 davlati bilan shartnomalar imzoladi. Sport almashunuvlari 43 Milliy Olimpiya qoʻmitalari bilan olib borilmoqda. 2008-yil Pekin yozgi Olimpiada oʻyinlarida esa Janubiy Koreya, ajralmas Koreys Yarimoroli nomidan bitta bayroq ostida ishtirok etish niyatidadir.

Manbalar

tahrir
  1. Which are the largest? Why published populations for major world urban areas vary so greatly (PDF), 31-may 2010-yilda asl nusxadan (PDF) arxivlandi, qaraldi: 25-fevral 2009-yil{{citation}}: CS1 maint: date format ()
  2. News Releases: Gallery of Korea
  3. South Korea: Economic and social developments, Encyclopædia Britannica
  4. KOREA: Future is now for Korean info-tech, 5-fevral 2012-yilda asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 25-fevral 2009-yil{{citation}}: CS1 maint: date format ()
  5. Education Statistics: Scientific literacy, NationMaster
  6. Education Statistics: Mathematical literacy, NationMaster
  7. Koreaʼs History
  8. Memory chip output value to hit $6.96 billion, 2008-12-16da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2009-02-25
  9. Outlook Dims for LCD Manufacturers
  10. Broadband access (per capita) (most recent) by country (Wayback Machine saytida 9-aprel 2010-yil sanasida arxivlangan), NationMaster
  11. A Robot in Every Home by 2020, South Korea Says
  12. Korea, Russia enter full-fledged space partnership Korea.net News, 4-iyun 2009-yilda asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 25-fevral 2009-yil{{citation}}: CS1 maint: date format ()
  13. South Korean National Statistical Office, 8-sentabr 2006-yilda asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 25-fevral 2009-yil{{citation}}: CS1 maint: date format ()
  14. Boshqa manba 46,9% deb koʻrsatgan – Religion (Wayback Machine saytida 6-mart 2010-yil sanasida arxivlangan), Korea.net

Havolalar

tahrir