[go: up one dir, main page]

Asfandiyorxon (1870-1918) – Xorazm (Xiva xoni) (1910–18), oʻzbek qoʻngʻirotlar sulolasidan[1].

Asfandiyorxon

Asfandiyorxon, 1913-yil 21-fevral, Kichik Ermitajning qishki bog'ida
Xiva xoni
Mansab davri
1910-yil – 1918-yil
Oʻtmishdoshi Muhammad Rahimxon II
Vorisi Said Abdullaxon
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1871-yil
Xiva, Xiva xonligi
Vafoti 1918-yil
Xiva, Xiva xonligi
Otasi Muhammad Rahimxon II
Dini Islom

Hayoti

tahrir

Otasi Muhammad Rahimxon II vafotidan soʻng rus podsho hukumatining yordami bilan taxtga chiqdi (1910). 1910, 1914-yillari Peterburgda boʻldi. Asfandiyorxon davrida maʼrifatparvar vazir Islomxoʻja tashabbusi bilan Xiva va boshqa shaharlarda pochta-telegraf, kasalxona, ikki Madrasa va yangi tipdagi maktablar, hatto rus maktablari quriladi. Asfandiyorxon Islomxoʻjani xazinadagi mablagʻni behuda sovurishda ayblab qatl etdi (1913), Asfandiyorxon butun yerlarni qayta oʻlchatib, mehnatkash xalqqa ogʻir soliqlar soldi. Uning zulmiga qarshi 1915-yil Mangʻitda, 1916-yil yanvarda Xoʻjaylida xalq chiqishlari boʻlib oʻtdi. 1905–1907 yillarda tashkil topgan „Yosh xivaliklar“ tashkiloti 1917-yil fevral inqilobidan soʻng oshkora ish boshladi. Bu tashkilot 1917-yil 5 aprelda xonni burjua islohoti oʻtkazish haqidagi manifestga qoʻl qoʻyishga majbur etdi. Shu tariqa xon boshliq konstitutsion monarxiya tuzildi. Davlatni idora etuvchi „Idorai mashvarat“ tashkil topdi. Lekin islohot mehnatkashlar ahvolini yaxshilamadi. Asfandiyorxon koʻp oʻtmay „Idorai mashvarat“ni tarqatib, yana mustabid hokimiyat oʻrnatdi.

Imperator Nikolay II Asfandiyorxonni Muqaddas Stanislav va Anna ordenlari bilan taqdirlagan. Asfandiyorxonga 1910-yilda Rossiya imperiyasining general-mayor unvoni berilgan[2]. 1911-yilda u Rossiya podshosi oliy hazratlarining mulozimlari safiga qabul qilingan. 1913-yilda u imperator Nikolay II dan „Buyuk“ unvonini oldi.

Rossiyadagi fevral inqilobi Xiva xonligiga ham taʼsir koʻrsatdi. 1917-yil 5-aprelda Yosh xivonliklar Asfandiyorxonga islohotlar oʻtkazish talablarini qoʻydilar. Xon manifest eʼlon qilishga majbur boʻldi, unda u vakillik organi – Yosh xivonliklar tarkibiga kiruvchi Majlis tashkil etishga vaʼda berdi. Xonning hokimiyati cheklangan edi. Majlis raisi etib yosh xivaliklardan Bobooxun Salimov saylandi. Biroq, keyinchalik vaziyat keskinlashdi va reaksion kuchlar vaziyatni oʻz qoʻliga oldi. Natijada Yosh xivaliklar hukumati agʻdarildi, manifestda eʼlon qilingan islohotlar bekor qilindi. Bu vaqtda turkman qabilasining boshligʻi Junaidxon Xivaga keldi va xonlikning qurolli kuchlari qoʻmondoni etib tayinlandi. Tez orada butun hokimiyatni oʻz qoʻliga toʻpladi.

Madaniy siyosati

tahrir
 
Said Isfandiyorxon

Asfandiyorxon davrida Xivada yangi madrasa va masjidlar qurilgan. 1912-yilda Asfandiyorxon qabulxonasi qurildi. Bu Nurillaboy saroy majmuasidagi alohida bino boʻlib, unda turli shakldagi bir nechta davlat zallari joylashgan boʻlib, ular orasida rus Art Nouveau ruhida bezatilgan taxt xonasi ham bor edi. Xon Asfandiyor bu saroyning koʻplab bezak elementlarini Peterburg chinni zavodiga buyurtma qilgan.

Fotosuratchi va birinchi oʻzbek kinorejissyori Xudoybergen Devonov 1910-yilda Asfandiyorxonning oʻz merosxoʻri bilan foytunda yurishi haqidagi ilk oʻzbek hujjatli filmini suratga olgan.

Asfandiyorxon Buxoro amiri Said Olimxon (Said Abdulahadxonning oʻgʻli) bilan birgalikda 1913-yil 22-fevralda Sankt-Peterburgda birinchi sobor masjidining ochilishida ishtirok etdi[3].

Vafoti

tahrir

Asfandiyorxon 1918-yil 22-yanvarda yuqori martabali amaldorlar va din ahllari ishtirokida davlatni birga boshqarish hamda bolsheviklarga qarshi kurashish uchun Junaydxon bilan Xivada muzoqara olib bordi. Natijada Asfandiyorxon Junaidxonni qoʻshin boshligʻi (sardori karim) etib tayinlab, hokimiyatni unga topshirdi. Oradan koʻp oʻtmay, Junaidxon hokimiyatni butunlay qoʻlga olish uchun Asfandiyorni yashirin ravishda oʻldirtirdi. Junaidxon taxtga oʻz taʼsiridagi Asfandiyorxonning amakisi Said Abdullaxonni oʻtqazdi[4].

Manbalar

tahrir
  1. Veselovskiy N. I. Ocherk istoriko-geograficheskix svedeniy o Xivinskom xanstve. – SPb., 1877. – s. 244
  2. Татьяна Котюкова. …К воинской повинности они питают непреодолимое отвращение. // Военно-исторический журнал. — № 9 — 2001.“ (deadlink). 2014-yil 14-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 14-yanvar.
  3. "Sankt-Peterburgskie vedomosti", 23 fevralya (8 marta) 1913, № 44, str. 3
  4. Xiva ming gumbaz shahri. Xorazm, 1997 — 46-bet. 

Adabiyotlar

tahrir
  • Yoʻldoshev M., Xiva xonligida feodal yer egaligi va davlat tuzilishi, T., 1959;
  • Gulyamov Ya. G., Pamyatniki goroda Xivi, T., 1941;
  • Xudoyberganov K., Xiva – 2500. Xiva xonlari shajarasi, Xiva, 1996.
  • Gulyamov Y. G., Istoriya orosheniya Xorezma s drevneyshikh vremen do nashikh dney. Tashkent. 1957
  • Istoriya Xorezma. Pod redaktsiyey I. M. Muminova. Tashkent, 1976
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil