[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Somoniylar davlati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Somoniylar davlati (875-999) — (forscha: سامانیان) Movarounnahr va Xurosondagi oʻrta asr davlati. Somoniylar davlatining tashkil topishi Arab xalifaligining qulashi hamda Movarounnahr va Xurosonni bosib olgan Somoniylarning davlat tepasiga chiqishi bilan bogʻliq. Ravnaq topgan davrida Movarounnahr, Xuroson, Shimoliy va Sharqiy Eronni oʻz ichiga olgan

Davlatning tashkil topishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Somonilar davlati 10 asr oʻrtalarida

Arab xalifasi Horun ar-Rashid vafotidan soʻng uning oʻgʻillari Maʼmun va Amin oʻrtasida taxt uchun boʻlgan kurashda Maʼmunga yordam berganliklari uchun Somonxudotning nabiralari ayrim shahar va viloyatlarga noib qilib tayinlanadilar. Chunonchi, Nuhga Samarqand, Ahmadga Fargʻona, Yahyoga Shosh va Ustrushona, Ilyosga Hirot tegadi. Buning evaziga aka-uka Somoniylar Movarounnahrning har yilgi xirojidan juda katta mablagʻni tohiriylar orqali xalifa xazinasiga yuborib turadilar. 9-asrda Movarounnahrning siyosiy hayotida oʻzgarishlar yuz berib, yurtga avval Nuh, soʻngra Ahmad boshchilik qiladi. Har biri hukmronligi davrida oʻz nomlaridan chaqa tangalar zarb ettiradilar. Ahmad vafotidan (865) keyin uning oʻgʻli Nasr Samarqandni markazga aylantiradi. U Movarounnahrning barcha viloyatlarini birlashtirish va uni Xurosondan ajratib olish choralarini koʻradi. 9-asrning oxirgi choragida Movarounnahrning deyarli barcha viloyatlari somoniylar tassarufiga oʻtadi. Nasr butun Movarounnahrning hukmdoriga aylanadi va kumush dirham zarb etadi. Koʻp oʻtmay aka-uka Nasr va Ismoil oʻrtasida toj-taxt uchun kurash boshlanadi. Unda Ismoil gʻolib chiqadi. Ismoil Somoniy 888-yilda butun Movarounnahrni oʻz qoʻl ostiga birlashtirdi va mustahkam davlat tuzishga intildi. Shimoli sharqiy hududlarga yurish qiladi va 893-yilda Taroz shahrini zabt etib, dashtliklarga qaqshatqich zarba beradi. Movarounnahr aholisining mustaqillikka erishishi Arab xalifalariga yoqmas edi. Shu boisdan xalifalik safforiylar bilan somoniylarni toʻqnashtirishga va ularning har ikkisini ham zaiflashtirib, bu boy viloyatlarda oʻz taʼsirini qayta tiklashga qaror qiladi. Xalifa Mu’tazid safforiylar hukmdori Amr ibn Laysga Xuroson bilan birga Movarounnahr ustidan ham hukm yuritish huquqi berilgani haqida farmon chiqaradi va uni Ismoilga qarshi gijgijlaydi. Natijada 900-yilda ular oʻrtasida urush boshlanib, Ismoilning gʻalabasi bilan tugaydi. Butun Xuroson somoniylar qoʻl ostiga oʻtadi. Noilojlikda xalifa Ismoilga hukmdorlik yorligʻini yuborishga majbur boʻladi. Ismoil Somoniy butun Movarounnahr va Xurosonni oʻz qoʻl ostida birlashtiradi va Buxoro shahri bu ikki davlatning poytaxtiga aylanadi.

Boshqaruv tizimi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Somoniylar mamlakatni boshqarishda dastavval ixcham boshqaruv maʼmuriyatini tashkil etdilar. U amir dargohi va devonlar (vazirliklar)dan iborat edi. Dargohda amir qarorgohi va harami hamda saroy aʼyonlari, navkar va xizmatkorlarning turarjoylari boʻlgan. Narshaxiyning yozishicha, somoniylar boshqaruvi asosan 10 ta devon orqali idora etilib, ular orasida vazir devoni bosh boshqaruv mahkamasi hisoblangan. Nasr II davrida Buxoroning Registon maydonida amir qasri qarshisida devonlar uchun saroy qurilib, mahkama mana shu maxsus binoga joylashgan edi. Mahkama xizmatchilari arab, fors tillarini puxta egallab olgan, Qur’onni va shariatning asosiy qoidalarini yaxshi biladigan, turli fanlardan xabardor boʻlgan savodli kishilardan tanlab olingan. Ismoil Somoniy saroyning maxsus, muntazam sarbozlaridan iborat yaxshi qurollangan harbiy qoʻshin tuzadi. Yaxshi va uzoq xizmat qilgan sarbozlar hojib lavozimiga koʻtarilgan. Hojiblarning boshligʻi hojib ul-hujob yoki hojibi ul-buzruk deb yuritilgan. Bunday unvon somoniylar saroyidagi oliy unvon hisoblangan.

Somoniylar davrida turkiy hokimlar bir qator viloyatlarni boshqargan, 10-asr Fargʻona shaharlarida chiqarilgan tangalarda koʻplab turkiy hokimlar tilga olingan[1].

Boʻri-tegin yoki Boʻri — somoniylarning Turkiy zobiti boʻlib, 974/975—977 yillarda Gʻazna hokimi boʻlib xizmat qilgan. Somoniylarning yana bir sarkardasi, asli turkiy boʻlgan Sebuktegin Boʻri-teginni quvib chiqardi va 977-yilda Somoniylar amiri Nuh II tomonidan hokim etib tayinlandi..[2]

Somoniylar sarkardasi Simjur ad-Davatiy asli turkiy edi. U Ahmad ibn Ismoil qo‘l ostida xizmat qila boshladi va Sharqiy va markaziy Eronning turli hokimliklariga tayinlandi va Somoniylarning mintaqada o‘z hokimiyatini kengaytirishga yordam berdi. Uning avlodlari Simjuridlar sulolasi nomi bilan mashhur. Uning oʻgʻli Ibrohim ibn Simdjur 944/945 yilda Xurosonga hokim etib tayinlanadi. Ibrohim vafotidan so‘ng uning o‘g‘li Abul-Hasan Simjuriy Xurosonga hokim etib tayinlanadi va qariyb o‘ttiz yil davomida bu lavozimda ishladi. Nuh I hokimiyatga kelishi bilan Muhammad Buxorodan oʻzi uchun kattaroq muxtoriyat olishga muvaffaq boʻldi[3].

Turk Alp-tegin asta-sekin Somoniylar qoʻriqchilarning oliy boshligʻi, „hojiblar hojibi“ darajasiga koʻtariladi (943-954). [4].

Somoniy sarkardalaridan biri turkiy Quttegining nomi Buxoro, Balx va Termizda chiqarilgan Somoniylar tangalarida yozilgan[5]. Somoniylarning turkiy sarkardasi Mansur ibn Qora-tegin Xurosonni boshqarar edi.

Somoniylar hokimiyatining inqirozi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Somoniylarning harbiy yurishlari, hukmron sulolaning ichki nizolari, mahalliy hokimlarning boshboshdoqlik harakatlari borgan sari avj olib bordi. Oqibatda mamlakatda iqtisodiy tanglik sodir boʻldi. Hatto harbiylar, shu jumladan, amirning muntazam turk sarbozlari qoʻshiniga maosh toʻlash uchun mablagʻ topilmaydi. Bunday ogʻir ahvoldan chiqish uchun 942-yilda aholidan ikki marta soliq undirib olinadi. Behad tartibsizlik mamlakatda vaziyatni yanada keskinlashtirib, aholi turli tabaqalarining hokimiyatga qarshi qoʻzgʻalishiga sabab boʻladi. Siyosiy vaziyat Nuh (943-954) va uning nabirasi Nuh II (976-997) hukmronlik qilgan davrda nihoyatda keskin tus oladi. 947-yilda Nuh ibn Nasrning amakisi Ibrohim isyon koʻtaradi. Saroy sarbozlari va Chagʻoniyonning yirik yer-mulk egasi Abu Ali Chagʻoniy yordamida Ibrohim Buxoro taxtini egallab oladi. Koʻp vaqt oʻtmay Abu Ali Chagʻoniyning oʻzi ham hukmdorga qarshi isyon koʻtaradi. Nuh qoʻzgʻolonni kuch bilan bostira olmaydi. 952-yilda Abu Ali Chagʻoniyni u avval Chagʻoniyonga, soʻngra Xurosonga hokim qilib tayinlashga majbur boʻladi. 961-yilda Buxoro harbiy askarlarining gʻala- yoni koʻtariladi. Qoʻzgʻolonchilar amir saroyini talaydilar va unga oʻt qoʻyib yuboradilar. Bunday voqealarning tez-tez qay tarilib turishi, shubhasiz, markaziy hokimiyatning zaiflashib qolganidan dalolat berardi. 992-yilda Horun Bugʻroxon boshliq qoraxoniylar Movarounnahrga hujum boshlaydilar. Bu davrda somoniylar sulolasi chuqur ichki ziddiyatlar girdobiga tushib qolgan edi. Qoraxoniylar Buxoroni qarshiliksiz ishgʻol qiladilar. Nuh ibn Mansur qoraxoniylarga qarshi kurashish uchun Gʻaznadagi noibi Sobuqteginni yordamga chaqiradi. U yigirma ming kishilik qoʻshin bilan Movarounnahrga yetib keladi. Nuh bilan birlashib, bir necha janglardan soʻng qoraxoniylar noibi qoʻshinlari tor-mor qilinadi. Buning evaziga Nuh Sobuqteginni Xurosonning noibi etib tayinlaydi. Natijada Gʻazna va Xurosonda Sobuqtegin va oʻgʻli Mahmudning siyosiy hukmronligi mustahkamlanadi. 996-yilda qoraxoniylar Movarounnahr tomon yana hujum boshlaydilar. Shunday ogʻir bir sharoitda xiyonat roʻy beradi. Yaʼni Sobuqtegin qoʻshini Buxoroni egallaydi. Soʻngra u qoraxoniylar bilan muzokaralar olib boradi. Natijada ular oʻrtasida shartnoma tuzilib, unga muvofiq Sirdaryo havzasi qoraxoniylar qoʻliga oʻtadi. Sobuqtegin esa Amudaryodan janubdagi yerlarga, shu jumladan, Xurosonda hukmdor boʻlib oladi. Somoniylarga Movarounnahrning markaziy qismigina beriladi, xolos. Biroq koʻp vaqt oʻtmay, 999-yilda Buxoroning Nasr Eloqxon boshchiligida qoraxoniylar tomonidan zabt etilishi bilan somoniylar hukmronligi batamom barham topdi.

Somoniylar davlatida Islom dini ravnaqi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Somoniylar davlati, xususan, Movarounnahrning ravnaqida Islom dini ruhoniylarining hissasi katta boʻldi. Shu boisdan ularning obroʻyi oshib, poytaxt Buxoro Sharqda Islom dinining eng nufuzli markazlaridan biriga aylandi. Shaharlarda koʻplab ibodatxonalar, shu jumladan, jome masjid, xonaqoh va namozgohlar bino qilindi. Shu davrda Buxoro shahrida Oʻrta Osiyodagi ilk ilmgoh — madrasa bunyod etiladi. Buxoroning bu qadimiy madrasasi X asrda bino qilingan. U Farjak madrasasi deb yuritilgan. Mamlakat maʼnaviy hayotida „ustod“ deb atalgan din va ilm peshvolari rahnamolik qilardi. Keyinchalik bu nom „shayx ul-islom“ nomi bilan yanada ulug 'landi. Ustoddan keyin xatiblar turardi. Somoniylar masjid, madrasa va xonaqohlar qurish uchun maxsus joylar va ularning sarf-u xarajatlari uchun katta-katta mulklar ajratib berganlar. Islom dini ravnaqi, shubhasiz, Oʻrta Osiyo aholisining mustaqil xalq boʻlib shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi.

Asli Xorazm va So‘g‘d tilida soʻzlashgan Farg‘ona, Samarqand va Buxoro somoniylar davrida til jihatidan forsiylasha boshladi[6].

Samarqand va davlatning boshqa shaharlarida ishlab chiqarilgan sopol buyumlarga yozuvlar bitilgan arab tili somoniylar uchun katta ahamiyatga ega edi[7].

Somoniylar davlati aholisining ayrim guruhlari turkiyzabon edi. Xorazmlik etnograf olim Beruniy (973-1048) o‘z asarlarida Xorazmning turkiy aholisi qo‘llagan turkiy oylar va turkiy dorivor o‘tlarning nomlarini ko‘rsatadi[8]. Beruniy oʻzining 1000-yillarda Xorazmda yozgan „Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar“ asarida yillarning turkiy nomlarini hayvoniy davrga koʻra bergan boʻlib, ular Xorazmning turkiy aholisi ishlatgan: sichqon, ot, barlar, jerboa, lui, ilon, yunt, kuy, pichin, tagigu, Tunguz. Beruniyning „Hindiston“ asarida Toshkent vohasining turkiy nomi mustahkamlangan. Beruniyning yozishicha, Shosh shahri nomi turkiy tildan kelib chiqqan bo‘lib, unda Tosh-kand, yaʼni tosh shahar deb ataladi[9].

Somoniylar davlatida pul siyosati

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Buxoroda Mansur I zarb qildirgan tanga
Somoniylar hokimi Molik ibn Shukurtegin Axsiketdaa tangalarini zarb qilishi. Farg‘onadagi zarbxona. Hijriy 382 (milodiy 992—993-yillar)

Somoniylar tomonidan mis, kumush va oltin tangalar chiqarilgan. Markaziy hokimiyat va mahalliy hukmdorlar oʻrtasidagi munosabatlarning har xilligi tanga zarb etilishida, mis tangalardagi nomlarning joylashishi va bu hukmdorlarning unvonlarida sezilarli darajada namoyon boʻlgan[10].

Somoniy tangalari ichida tadqiqotchilar to‘rt toifani qayd etadilar: I) o‘z nomi bilan tanga chiqarmagan hukmdorlar; 2) mahalliy mulkdor sulola boshlig‘i nomidan fuls chiqargan, tangaga uning nomini ham yozgan; 3) egasi o‘z nomidan tangalar chiqargan, lekin u sulola boshlig‘i nomini sharaf bilan, hukmdor sifatida tilga olgan; 4) egasi oʻz nomidan mis tangalar chiqargan, sulola boshligʻi nomini umuman tilga olmagan.

Mis tangalarda Somoniylar amirining nomi va koʻpincha oʻlkaning oʻziga xos hukmdori nomi yozilgan. 947—948-yillarda va 954—955-yillarda Somoniylar amiri nomi va Nasrobod hukmdori Turk Molik ibn Shukurtegin[11] nomi tilga olingan. 947-yildan boshlab Nasrobodning mahalliy hukmdori turk amiri Malik somoniylarning oliy amir va „moʻminlar hukmdorining homiysi“ unvonlari bilan tangalar chiqargan[12]. Keyinchalik Axsiket-Fargʻonada 965—977-yillarda mahalliy hukmdor oʻz nomidan tangalar chiqargan, lekin u somoniylar sulolasi boshligʻi nomini hurmat bilan tilga olgan.

Somoniylarga vassali boʻlgan turkiy Simdjuridlar sulolasi vakillari Kuhiston va Xurosonda ham oʻz tangalarini chiqarishgan.

Mamlakat iqtisodiy hayoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Somoniylar maqbarasi, Buxoro
Somoniylar davri idish, arab tilidagi yozuv

Somoniylar davlatida dehqonchilik va hunarmandchilikning rivoj topishi natijasida ichki va tashqi savdo kengaydi. Qadimgi karvon yoʻli boʻylab quduqlar qazilib, har bir bekatda rabotlar bino qilindi. Karvonlar oʻtadigan shahar va qishloqlarda karvonsaroylar qurilib, ularda hujralar va omborxonalar boʻlgan. Ichki bozorlarda „fals“ deb atalgan mis chaqa, xalqaro savdo-sotiqda esa kumush tanga — dirhamlar ishlatilardi. Mis chaqalarni markaziy hukumat ham, shuningdek, sulola aʼzolaridan boʻlgan baʼzi viloyat hokimlari ham chiqarar edilar. Kumush tangalar faqat hukumat boshligʻi nomidan Marv, Samarqand, Buxoro va Shoshda davlat zarbxonalarida soʻqilar edi. Somoniylar hukmronligi davrida yer egaligining „mulki sultoniy“, „mulk yerlari“, „vaqf yerlari“, „mulki xos“ va „jamoa yerlari“ deb ataluvchi 5 turi mavjud boʻlgan. Davlat tasarrufidagi yerlar „mulki sultoniy“ deb yuritilgan. Hukmron sulola vakillari, mulkdor dehqon va aslzodalarning tasarrufidagi katta-katta yer maydonlaridan tortib mehnatkash qishloq aholisiga tegishli mayda xususiy yerlargacha „mulk yerlari“ hisoblangan. Masjid, xonaqoh va madrasalarga vaqtincha yoki abadiy foydalanish uchun berilgan yerlar „vaqf yerlari“ deb atalgan. Bunday turlardagi yerlardan foydalanuvchilarning barchasi davlatga hosilning 1/3 hajmida xiroj toʻlar edi. Oliy martabali ruhoniylar va sayyidlar qoʻl ostidagi yerlar „mulki xos“ deb yuritilgan. Bunday imtiyozga ega boʻlgan mulkdorlar davlatga koʻpincha hosilning 1/10 hisobida ushr soligʻini toʻlagan. Hukmron sulola hamda oliy tabaqa vakillariga davlat oldidagi xizmatlari evaziga hadya qilingan yerlar — mulki iqto yerlari deb yuritilgan. Bundan tashqari, qishloq jamoalari tasarrufida ham maʼlum hajmda yer maydonlari saqlanib, ular „jamoa yerlari“ hisoblan- gan. Ular asosan lalmikor va togʻoldi yerlaridan iborat boʻlgan. Dehqonchilik soligʻi — xirojdan xazinaga tushadigan daromad davlat kirim-chiqimining kattagina qismini qoplagan. Shuning uchun somoniylar mamlakatda dehqonchilik xoʻjaligini rivojlantirishga katta eʼtibor berganlar.

  1. B. D. Kochnev. Tyurki v udel’noy sisteme, samanidskoy Fergany (X v.) // Materialy k etnicheskoy istorii naseleniya Sredney Azii Toshkent, 1986, 67, 73-bet
  2. Ramesh Chandra Majumdar. The History and Culture of the Indian People: The struggle for empire. Bharatiya Vidya Bhavan, 1966 — 3-bet. 
  3. Bosworth, Clifford Edmund. The New Islamic Dynasties: A Chronological and Genealogical Manual. Great Britain: Columbia University Press, 1996
  4. Bosworth 1989, s. 898.
  5. Kochnev B. D. Bor’ba Samanidov i Karakhanidov za Bukharu na rubezhe X—XI vekov. // ONU. Tashkent, 1997, № 9-11, b. 36
  6. Kirill Nurjanov; Kristian Bleyer (8 oktabrya 2013 goda). Tadjikistan: Politicheskaya i sotsialnaya istoriya ( at books.google.ru Error: unknown archive URL 20220725092325 sanasida arxivlangan). 30-bet
  7. Bolshakov, O. G. „Arabskie nadpisi na polivnoy keramike Sredney Azii IX—XII vv.“ // Epigrafika Vostoka. vipusk 12. Moskva, 1958
  8. Abu Reyxan Beruni, Izbrannie proizvedeniya. t.4. Perevod s arabskogo U.Karimova. T., 1973, s.312
  9. Sachau, Edward C. „Alberuni’s India: An Account of the Religion.“ Philosophy, Literature, Geography, Chronology, Astronomy, Customs, Laws and Astrology of India about AD 1030, volume. 1. London, Kegan Paul, 1910, p.298
  10. Davidovich, Ye. A. Moneti Fergani kak istochnik dlya xarakteristiki instituta feodalnix pojalovaniy za slujbu v Sredney Azii v X v. // Pismennie pamyatniki Vostoka". Istoriko-filologicheskie issledovaniya. Yejegodnik M., 1969, 129—130-bet.
  11. Davidovich Ye. A., Vladeteli Nasrabada // Kratkie soobщeniya instituta istorii materialnoy kulturi. Vip. 61. M., 1956, vip. 61, str. 110.
  12. Davidovich, Ye. A. Moneti Fergani kak istochnik dlya xarakteristiki instituta feodalnix pojalovaniy za slujbu v Sredney Azii v X v. // Pismennie pamyatniki Vostoka". Istoriko-filologicheskie issledovaniya. Yejegodnik M., 1969, 120-bet