Husrav Dehlaviy
Husrav Dehlaviy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | 1253-yil |
Vafoti | 1325-yil |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | shoir |
Husrav Dehlaviy(arabcha:خسراف دهلوي — Husrav Dehlaviy — Toʻliq ismi:Muhammad ibn Amir Husrav ibn Sayfuddin Mahmud Buxoriy Dehlaviy) — shoir.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Husrav Dehlaviy 1253-yili Hindistonning Patiyoli shahrida tavallud topgan. Davlatshoh Samarqandiy shoir haqida shunday yozadi: „Amir Husravning asli turkdir. Aytishlaricha, u sabzalar qubbasi — Kesh shahridandir. Boshqa gaplarga qaraganda, Poyi murgʻ va Qarshi atrofida istiqomat qilgan lochin hazorasidan boʻlib, bu urugʻ Chingizxon xuruji paytida Movarounnahrdan qochib, Hindistonga kelgan va Dehlida oʻrnashib qolgan“. Hindistonlik shoir Mirzo Gʻolibning zamondoshi Nayyor esa shunday deb yozgan edi: „Hindistonda fors tilidagi sheʼriyat Lochin urugʻidan boʻlgan turkdan boshlanib, Oybek urugʻidan boʻlgan turk bilan tugallandi“. Bunda u Husrav Dehlaviy va Mirzo Asadulloxon Gʻolibni nazarda tutgan edi. Husrav Dehlaviyning otasi Amir Sayfuddin Mahmud shim. Hindistonda vujudga kelgan musulmon davlati va uning turkiy hukmdori Shamsiddin Eltutmish (1211-36-yil) saroyida xizmat qilgan. Bu podshoh, oʻz davlatini mustahkamlash uchun jangovor ruhdagi turkiy elatlar vakillarini oʻz davlatiga taklif etar, ularga katta imtiyozlar berardi. Tarixchilarning yozishicha, Dehli sultonligi sarkardalarining katta qismi Oʻrta Osiyo xalqlari vakillaridan boʻlgan. Shoirning otasi ham isteʼdodli lashkarboshi sifatida saroy ayonlari qatoridan oʻrin oladi. Bu yerda obroʻli oilalardan birining Davlatnoz ismli qiziga uylanadi. Ularning ilk farzandi Husrav Dehlaviy edi.[1]
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Husrav Dehlaviy shoir saroyga yaqin muhitda tarbiyalandi, diniy va dunyoviy ilmlarni puxta oʻrgandi. Sheʼriy qobiliyati juda erta namoyon boʻldi. Oʻsha davr anʼanasiga koʻra, asosan fors tilida ijod qildi. Shu bilan birga, hind, urdu, arab tillarida ham asar yaratdi. „Hindistonlik turkiyman, ammo hind tilini suvdek bilaman“, deb yozgan edi u bir sheʼrida. 7-8 yoshlaridan boshlab kattalarni lol qoldiradigan darajada puxta sheʼrlar yoza boshladi. Bu haqda shunday rivoyatni yozib qoldirganlar: bir kuni ustozi mehmonlar huzurida Husrav Dehlaviyning isteʼdodini taʼriflab qoladi, Ular yosh ijodkorni sinab koʻrmoqchi boʻladilar. Unga maʼno jihatidan bir-biridan uzoq boʻlgan „soch“, „urugʻ“, „oʻq“, „qovun“ soʻzlarini berib, shu soʻzlar ishtirokida badeha tarzida, yaʼni tezkorlik bilan sheʼr bitishni soʻraydilar. Qisqa vaqtdan soʻng yosh shoir shunday toʻrtlikni oʻqiydi:
Sanamning qop-qora sochida bu on, Yuz anbar urugʻi topibdir makon. Dili oʻqdek toʻgʻri deya oʻylama, Qovun kabi tishi ichida nihon.
Oʻtirganlar hayrat barmoqlarini tishlab qoladilar. Ammo zamona notinch edi. Moʻgʻullarning ustma-ust hamlalari davom etardi. Ana shunday urushlarning birida shoirning otasi Sayfuddin Mahmud halok boʻladi. Endigina sakkiz yoshga kirgan Husrav Dehlaviy va ukalari Izziddin Alishoh hamda Hisomuddin Ahmad yetim boʻlib qoladilar. Keyinchalik shoir bu voqeani xotirlab, shunday alamli misralar bitadi:
Sayf az saram biraftu dili man du nim mond, Daryoi man ravon shudu durri yatim mond.
Maʼnosi: Sayf (ikki maʼnoda: otasining ismi va qilich) boshimdan oʻtdiyu, dilim ikki boʻlak boʻlib qoldi, daryom oqib ketdiyu yetim durlar (bu ham ikki maʼnoda: nodir dur va oʻzining yetimligi) qoldi. Husrav Dehlaviy onasi va ona tomondan bobosi Imodulmulk tarbiyasida voyaga yetdi. Ular bor imkoniyatlarini ishga solib, uning oʻqishi uchun sharoit yaratdilar, Husrav Dehlaviy maktab va madrasalarda taʼlim olib ad., tarix, harbiy sanʼat haqidagi kitoblarni mutolaa qildi, sheʼr yozdi, musiqani oʻrgandi, husnixat yozishni mashq qildi. 20 yoshlarida taniqli shoir boʻlib yetishdi. Dastlab Sultoniy, soʻngra Dehlaviy taxalluslari bilan ijod qildi.[2] Husrav Dehlaviyning shuhrati hukmdorlar qulo-gʻiga ham yetib bordi va Moʻlton hokimi Kishluxon saroyiga ishga taklif etildi. Keyinroq Dehli sultoni Gʻiyosiddin Balban (1265-87-yil) saroyida amirlik rutbasida xizmat qildi. 1281-yili mazkur sultonning Moʻltonga hokim qilib tayinlangan oʻgʻli Muhammad Sulton uni oʻz yaqinlari safida bu sh.ga olib ketadi. Ammo 1285-yili boʻlib oʻtgan moʻgʻullar bilan jangda Muhammad Sulton halok boʻladi, Husrav Dehlaviy va doʻsti, shoir Hasan Dehlaviylar dushman qoʻliga asir tushadilar. Uzoq qiyinchiliklar va azob-uqubatlardan soʻng eson-omon yana oʻz uylariga qaytadilar. Shoirning quyidagi satrlari oʻsha davrda yaratilgan:
Taassufmi yo balo bul osmondin keladur, Bul qiyomat yoki ofat har tomondin keladur… Yelga uchgan bargi guldek tarqamish doʻstlar bu kun, Bargrezlik shevasi ul boʻstondin keladur, Xalq koʻz yoshi juda koʻp oqdi toʻrt yoqqa bu kun, Misli besh daryo boʻlibon Moʻltondin keladur…
Oradan bir oz muddat oʻtgach, Dehli sultoni Muʼiziddin Kayqubod Husrav Dehlaviyni yana saroyga taklif etadi. Amirlik rutbasida oʻttiz yilga yaqin xizmat qiladi. Bu davrda uch sulolaga mansub 7 sulton huzurida boʻladi. Oʻz asarlarini bu sultonlarga bagʻishlagan boʻlsa-da, ularni koʻr-koʻrona madh etmaydi, balki xalqning ogʻir ahvolini roʻy-rost aytadi, zulm va zoʻravonlikni qoralaydi, adolat va insoniy fazilatlarni ulugʻlaydi. Husrav Dehlaviy yoshlik yillaridayoq tasavvufga qiziqib, Hindistonda mashhur boʻlgan Chishtiya oqimiga qoʻshiladi, Uning piri — asli Buxorodan boʻlgan Nizomuddin Avliyo Hindistonning yetuk mashoyixlaridan biri, davrining allomasi va faylasufi edi. Tasavvuf va sheʼriyat borasidagi izlanishlari, mutolalari izsiz ketmadi. U davrining mashhur forsiyzabon shoirlaridan biriga aylandi. Uning dovrugʻi Eron va Turonga ham yoyildi. Shayx Ozariyning „Javohiru-l-asror“ („Sirlar durdonasi“) kitobida aytilishicha, shayx Muslihiddin Saʼdiy Sheroziy umrining oxirida Husrav Dehlaviy bilan koʻrishish va suhbatlashish maqsadida Forsdan Hindistonga kelgan ekan. Oʻz navbatida, Husrav Dehlaviy ham Saʼdiy Sheroziyni yuksak darajada hurmat qilgan. Husrav Dehlaviy ijodiy merosi keyingi asrlarda ham koʻplab shoirlar uchun yuksak mahorat mezoni boʻlib qoldi. Hofiz Sheroziy unga naziralar yozdi. SHQMda Husrav Dehlaviyning „Panj ganj“ majmuasiga kirgan dostonlarining Hofiz Sheroziy qoʻli bilan koʻchirilgan nusxasi mavjud. Abdurrahmon Jomiy va Alisher Navoiy ham oʻzlarining bir qancha asarlarinini Husrav Dehlaviy dostonlari, qasidalariga javob tarzida yozganlar. Husrav Dehlaviy boy adabiy meros qoldirgan. „Xamsa“ tarkibiga kirgan 5 doston, gʻazallar, qasidalar, nasriy asar, musiqa ilmiga oid asar shular jumlasidandir. Sohibqiron Amir Temurning nabirasi, Shohruh sultonning oʻgʻli, adabiyot va sanʼat homiysi Mirzo Boysungʻur shoir asarni toʻplash borasida koʻp saʼy-harakatlar qilgan. Oʻshanda 120 ming baytdan ziyodroq sheʼrlari toʻplangan. Ammo keyinchalik yana koʻp asar topilgan. Husrav Dehlaviy risolalaridan birida oʻz asarini 500 ming baytdan kamroq, 400 ming baytdan ortiqroq deb yozgan ekan. Umrining oxirida Husrav Dehlaviy oʻz lirik sheʼrlarini 4 qismga boʻlib, har qismni alohida nom bilan atagan. Bular — „Tuhfatu-s-sigʻor“ („Yoshlik tuhfasi“), „Vasatu-l-hayot“ („Umr oʻrtasi“), „Gʻyppa-tu-l-kamol“ („Kamolotning boshlanishi“), „Baqiyatuchun-naqiya“ („Poklik qoldigʻi“). Bulardan tashqari, shoirning „Qiro-nu-s-saʼdayn“ („Ikki saodatli yulduzning tutashishi“), „Duvalroniy va Xizrxon“, „Noʻh sipehr“ („Toʻqqiz qavat osmon“), „Manoqibi hind va tarixi Dehli“ kabi yirik asarlar, „Bahru-l-abror“ („Saxiylar dengizi“), „Mirʼotu-s-safo“ („Poklik oynasi“), „Anisu-l-qulub“ („Qalblar ulfati“), „Iʼjoz li-l-Husraviy“ („Husraviy misralari“) singari qasida va sheʼrlari oʻz vaqtida katta shuhrat topgan. Husrav Dehlaviy 1325-yili vafot etgan va piri Nizomuddin Avliyoning Dehli shahridagi maqbarasi yoniga dafn etilgan. Husrav Dehlaviy oʻz asarida adolatni, ezgulikni, xalqlar oʻrtasida doʻstlik va biro-darlikni tarannum etgan. Shu sababli uning ijodiy merosi butun insoniyatga daxldordir.[3]
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Tuhfatu-s-sigʻor“
- „Vasatu-l-hayot“
- „Gʻyppatu-l-kamol“
- „Baqiyatuchun-naqiya“
- „Qironu-s-saʼdayn“
- „Duvalroniy va Xizrxon“
- „Noʻh sipehr“
- „Manoqibi hind va tarixi Dehli“
- „Bahru-l-abror“
- „Mirʼotu-s-safo“
- „Anisu-l-qulub“
- „Iʼjoz li-l-Husraviy“.