[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Mongollar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Moʻgʻullardan yoʻnaltirildi)

Mongollar, moʻgʻullar – Mongoliyada yashaydigan asosiy xalq. Oʻtgan asrning oʻrtasida Mongollar yashagan hududning januniy qismi XXR tarkibiga kiritilib, unga Ichki Mongoliya deb nom berilgandan soʻng, ular Mongoliya Mongollari va XXR Mongollariga boʻlinib ketgan.

Mongoliyada 1,64 mln. kishi, XXRda 5,24 mln. kishi (1990-yillar oʻrtalari), Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Buryatiyada ham yashaydi. „Moʻgʻul“ etnonimi Chingizxon davrida tarixga kirib kelgan boʻlib, u tarkibi murakkab ʻ boʻlgan qabilalar ittifoqi nomini anglatgan.

Mongollarning kelib chiqishi masalasida ham turli fikrlar mavjud. Ayrim xitoy manbalarida Mongollarning kelib chiqishi turkiy boʻlib, ularning ilk ajdodlari tatar (tat, dadan)ga borib taqaladi deb koʻrsatiladi. Xorijiy olimlarning aksariyati, jumladan, ayrim Yaponiya va Xitoy tadqiqotchilari M. hunnlarning avlodi deb hisoblaydi. Moʻgʻul olimlari, jumladan, Suren Badalax (Suribadalaxa) Mongollaring qadimgi turkiy xalq boʻlmish „di“larning avlodi, miloddan avvalgi 3-asrda govchilardan ajrab chiqqan muoge qabilasi M.ning ilk ajdodidir deb hisoblaydi. Hozirgi zamon : xitoy olimlari ichida M. tunguslardan (dungxu – sharqiy xoʻrlar demakdir) kelib chiqqan degan fikr chuqur oʻrnashib bormoqda.

Xitoy manbalarining guvoxligiga qaraganda, Mongollar nilun-moʻgʻul (sof moʻgʻul) va hamuxe-moʻgʻul (omuxta, yaʼni aralashgan moʻgʻul) kabi 2 toifaga boʻlinadi. 1toifaga dastlab 30 kabila kirgan. Bular ichida koʻk koʻzliklar koʻp uchrab turgan. Chingizxonning otasi Yasugay bahodir (Asugaybatur) tobe boʻlgan avlod ham koʻk koʻz boʻlgan. Shu bois u xitoy manbalarida „lanyan chiyati“ (koʻkkoʻz chiyat) deb nomlangan. Bular tarkibiga kirgan qabilalarning eng yiriklari tatar (dadan – aluxay, dutaut, alchi va chagan kabi yirik qabilalardan tashkil topgan ittifoq), qiyot (kele), nayman, jaloyir, merkit (meerchiti, vuduyivuti, melichi, meliji) va boshqa boʻlgan.

12-asrning 1-choragida tatar va boshqa Chingizxon boshchiligida oʻzlarining gʻarbidagi va janubidagi qoʻshinlarini [kidonlar, qipchoqlar, uygʻurlar, naymanlar, keraitlar, merkitlar (marqitlar) va tangutlar] boʻysundirib, yirik davlatni barpo etganlar. Moʻgʻul elati shu davrda shakllangan. Shu sababli M. nomi 13-asrdan boshlab Chingizxonga tarafdor va tobe barcha kabila va elatlarning umumiy nomiga aylangan.

13—14-asrlar koʻchmanchilikka asoslangan moʻgʻul saltanatining gullagan davri hisoblanadi. Ayni zamonda Mongollar xalq sifatida shakllangan. 15-asr boshlarida maʼlum siyosiy voqealarga koʻra, Mongollarning gʻarbiy qismi (4 katta qabiladan iborat boʻlgan oyrotlar, derben oyrot) ajralib chiqib, 1635-yilda oʻz davlati – Jungʻor xonligi (16351758) ni tashkil etgan va Markaziy Osiyodagi yirik kuchga aylangan. 16-asr oʻrtalarida esa sharqiy Mongollar shimoliy (xalxaliklar) va janubiy (uzumchinlar, ordoslar) kabi qismlarga boʻlinib ketgan.

16—17-asrlardan Mongollar lamaizmga eʼtiqod qila boshladi. 17-asr boshlarida Mongoliyani manjurlar bosib olgan. Mongollar deyarli 3 asr (1691 – 1911) mobaynida milliy asoratda yashaganlar. 1921-yilda gʻalaba qilgan Xalq inqilobidan keyin Mongollar sotsializm gʻoyasiga berilib oʻz davlatini Moʻgʻuliston Xalq Respublikasi deb eʼlon qilganlar. 1992-yil dan bu davlat Mongoliya deb ataldi. XXRda yashaydigan mongol elatlari (xochinlar, barinlar, ordoslar, uzumchinlar va boshqalar) oʻz nomlarini saqlab kelmoqda. Ularning xoʻjaligi va moddiy madaniyatida xitoylar va manjurlarning taʼsiri kuchli. M.ning azaliy mashgʻuloti chorvachilik hisoblanadi. Dehqonchilik Mongollarga kidonlar davridan beri maʼlum, asosiy ekin lalmikor gʻallachilik (bugʻdoy, arpa), ovchilik (xoʻjaligi va madaniyati haqida q. Mongoliya)[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil