Haj
Turkum maqolalarning bir qismi |
Islom |
---|
Haj (arabcha: ziyorat) — islomning 5 asosiy ruknidan biri[1]. Haj qilish es-hushi butun, sogʻlom, balogʻat yoshiga yetgan va oilasi nafaqasidan tashqari safar xarajatlariga kifoya qilgudek mablagʻi boʻlgan har bir musulmonga (umrida bir marta) farz qilingan. Haj qiluvchi kishilar miyqot (ehromni bogʻlash uchun oldindan belgilab qoʻyilgan maxsus joy)dan boshlab tozalanib, sochlarini olib yoki qisqartirib Makkaga borish uchun hozirlik koʻradilar. Soʻngra ehromga kirib 2 rakat namoz oʻqiladi. Hajda Kaʼba 7-marta tavof qilinadi. Ziyoratchilar hajar al-asvad (qora tosh)ni oʻpib, keyin Safo va Marva tepaliklari orasida 7-marta yuguradilar, soʻngra zamzam suvidan ichadilar. Arafa kuni (zulhijja oyining 9-kuni) Hajning asosiy marosimi — Arafot vodiysi va togʻida turish (vuquf) boshlanadi. Ziyoratchilar u yerda xutba eshitadilar, ibodat qiladilar va namoz oʻqiydilar. Bu turish kun botguncha davom etadi. Soʻngra hojilar Muzdalifa vodiysiga yoʻl oladilar. U yerda tongga qadar ibodat bilan mashgʻul boʻlinadi. Zulhijja oyining 10-kuni (qurbon hayiti) dan boshlab 3—4 kun Mino vodiysida shaytonlarga tosh otiladi va jonliq soʻyib qurbonlik qilinadi. Madinaga borib Muhammad qabrini ziyorat qilish ham Haj vaqtida bajariladigan amalga aylangan. Bir kishi boshqa odam uchun Haj arkonlarini ado etishi ham mumkin. Bu hajji badal deb ataladi. Vafot etgan odam hamda moddiy taʼminlangan, ammo salomatligi yoki qariligi tufayli Haj ziyoratiga bora olmaydiganlar uchun hajji badal qilish mumkin boʻladi.
Hadisga koʻra, Haj qilishning asosiy qoidalari Muhammad tomonidan 632-yili „Vidolashuv Haji“ (Hajjat alvadoʻ)da belgilab berilgan. Keyinchalik asosiy huquqiy mazhab namoyandalari Haj ziyorati qoidalarini islom manbalari asosida batafsil ishlab chiqqanlar.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, yurtimiz musulmonlariga Haj amalini ado etish uchun imkoniyatlar yaratib berildi. 1991-yilda H.ga boruvchilar 1500 kishini tashkil etgan boʻlsa, 2004-yilda bu raqam 4000 dan ortiqni tashkil etdi. Mustaqillik davrida 53056 kishi Haj ibodatini ado etdi (2005).
Ushbu maqola bir necha turkumdan iborat |
Kaʼba qismlari |
---|
|
Yana qarang |
Kaʼba Vikiomborda |
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Palomnichestvo v Mekku, 6-yanvar 2015-yilda asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 6-yanvar 2015-yil
{{citation}}
: CS1 maint: date format ()
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |