[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Erich Maria Remarque

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Erich Maria Remarque

Erich Maria Remarque 1939-yil
Asl ismi nemischa: Erich Maria Remarque
Tavalludi 22-iyun 1898-yil
Vafoti 25-sentyabr 1970-yil(1970-09-25)
(72 yoshda)
Locarno, Shveysariya
Ijod qilgan tillari Nemis tili
Fuqaroligi Olmoniya bayrogʻi Olmoniya
AQSH bayrogʻi AQSh
Veb-sayti
www.remarque.uos.de

Erich Maria Remarque (talaffuzi: Erix Maria Remark; kir. Эрих Мария Ремарк; asl ismi Erix Paul Remark; 22-iyun, 1898 – 25-sentyabr 1970) – olmon yozuvchisi, gʻarbda „Yoʻqotilgan avlod“ deb atalgan adabiyotning yirik vakili, Birinchi jahon urushi qatnashchisi. Asarlarida urush dahshatlari, Ikkinchi jahon urushi yillari va undan keyingi davrdagi hayotni, fashizmning mudhish qiyofasi, maʼnaviy ezilgan, oʻzini jamiyatdan begonalashgan deb his qiluvchi kishilar qismati aks etgan. „Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq“ (1929) asari uchun gitlerchilar Remarkni nemis fuqaroligidan mahrum etgan.

Hayoti va ijodi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Erich Maria Remarque Germaniyaning Osnabryuk shahrida 1898-yil 22-iyunda tavallud topgan. Otasi kitob muqovalovchi boʻlib ishlagan. Bolaligidan adabiyot, musiqa, sanʼat va kolleksionerlikka qiziqqan. Dastlabki taʼlimni xristain cherkovi maktabida olgan. Undan soʻng katolik seminariyasida, keyinchalik esa qirollik oʻqituvchilar seminariyasida tahsil olgan. Otasi bilan munosabatlari yaxshi boʻlmagan. 19 yoshida onasi saraton kasalligidan vafot etgan.

1916-yil Erich Maria Remarque Birinchi jahon urushida ishtirok etish uchun frontga ketgan. 1 yildan soʻng 5 joyidan yaralanib harbiy gospitalga tushgan. Urushdan qaytgach oʻz uyida ijod bilan shugʻullangan. 1920-yilda ilk asari „Orzular kulbasi“ni yozgan.

Urushdan soʻng mahalliy maktabda oʻqituvchilik bilan shugʻullangan. Germaniyadagi iqtisodiy qiyinchiliklar sababli hisobchi, repetitor, organ chaluvchi musiqachi va xatto qabr toshlari sotuvchisi boʻlib ishlagan. 1921-yil Gannover shahriga koʻchib oʻtgan. Shu yerda yozuvchi „Echo Continental“ jurnalida muharrir boʻlib ishlagan. Jurnalda ishlab yurgan kezlari Erich Maria Remarque tahallusini olgan[1]. Uning ijodiy ishlari shuningdek „Sport im bild“ nashriyotida ham chop etilgan. 1925-yil Erich Maria Remarque Berlinga koʻchib keldi. 1926-yil birinchi bora „Yoshlik yillaridan“ va „Oltin koʻzli ayol“ asarlari nashr etildi.

Erich Maria Remarquening ilk romani „Ufqdagi bekat“ nomi bilan 1928-yil nashr etildi. 1929-yil „Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq“ asari eʼlon qilindi. Asar oʻquvchilar orasida katta shuhrat qozondi. Asar 26 tilga tarjima qilingan. Asar 20 yoshli nemis yigitlarining urushdagi qiyofasi, urush keltirgan daxshatning inson taqdiridagi qiyofasini gavdalantirgan. Asar ilk bor oʻzbek tiliga Nizom Komil tomonidan tarjima qilingan. Birinchi boʻlib „Jahon adabiyoti“ jurnalida, keyin „Yangi asar avlodi“ nashriyotida alohida kitob holatida chop etilgan[2]. Asar atigi 6 hafta ichida yozib chiqilgan[3].

„Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq“ asari asosida film ishlangan. 1930-yil 4-dekabrda film premyerasi oʻtkazilishiga Iosif Gebbels boshchiligidagi natsistlar qarshilik koʻrsatgan. Asar uchun Erich Maria Remarquega tinchlik boʻyicha Nobel mukofotini berishmoqchi boʻlgan[4], ammo Germaniyaning Nemis zobitlari ittifoqi bunga qarshilik qilgan[5]. Asar uchun natsistlar Erich Maria Remarqueni Germaniya fuqaroligidan mahrum qilishgan.

1932-yildan muhojirlikda yashagan. Urushda maʼnaviy shikastlangan avlodning ayanchli hayoti „Qaytish“ (1931) romanining asosiy mazmunini tashkil etadi. „Uch ogʻayni“ (1938), „Zafar darvozasi“ (1946), „Hayot alangasi“ (1952), „Hayotmamot pallasi“ (1954), „Qora haykal“ (1956), „Osmon hech qanday seviklini bilmaydi“ (1961), „Lissabondagi tun“ (1963), „Jannatdagi soyalar“ (1971) va boshqa asarlar muallifi[6].

Shaxsiy hayoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Remark va Polet Godar. Ronko shahri 1961-yil

1925-yil Berlinga kelgach mashxur noshirining qizini yaxshi koʻrib qoladi va unga uylanish niyatini bildiradi. Ammo qizning ota-onasi qarshilik koʻrsatganligi sababli birga boʻla olishmaydi. Shundan keyin Erich Maria Remarque raqqosa Ilze Yutte Zambonega uylandi. Turmushi 3 yilgina davom etdi[7]. Adibning „Uch ogʻayni“ asaridagi bir qancha obrazlar uchun xotini Ilze Yutte prototip qilib olingan. Adib poytaxtda yashagan kezlari oʻzini aristokratlardek tutgan. Ayoli bilan konsert va teatrlarga tez-tez borib turgan. Qimmatbaho restoranlarga tashrifi davomida baronlik unvonini 500 markaga sotib olgan.

1933-yil Adolf Gitler hokimiyat tepasiga kelgach adibga mamlakatni zudlik bilan tark etishi haqidagi maktub yoʻllashadi va Erich Maria Remarque Shveysariyaga joʻnab ketadi. 1938-yil adib ayoli Ilzega qaytadan uylanib uni Shveysariyaga olib keladi. Ularning nikohi 1957-yil tugaydi[8].

Adib hayotida chuqur iz qoldirgan muhabbati amerikalik kinoaktrisa Marlen Ditrix edi. Adib „Gʻalaba arki“ asari qahramoni Joan Madu obrazini Marlen Ditrix prototipi asosida yaratgan. 1945-yil munosabatlar sovuqlashgach adib Nyu-York shahriga koʻchib oʻtgan.

1943-yil 16-dekabr kuni Berlin qamoqxonalarining birida 43 yoshli tikuvchi Elfrida Shols gilyotina yordamida qatl qilingan. Sudya unga „Baxtga qarshi, akang bizning qoʻlimizdan qochib, mamlakatni tark etdi, lekin biz seni qoʻlga tushirdik“ degani haqida guvohliklar bor. Elfrida Shols adibning singlisi edi. Davlat adibga Elfridani turmada saqlash, sud va qatl qilish xarajatlarini qoplashi uchun 495 marka va 80 pfenninglik hisob varaqasi joʻnatgan[9].

1951-yil Erich Maria Remarque Nyu-York shahrida Charli Chaplinning sobiq xotini 40-yoshli Paulette Goddard bilan tanishdi. 1957-yil adib xotini Ilze Yutte bilan rasmiy tarzda ajrashdi. 1958-yil Paulette Goddardga uylandi[10]. Oʻsha yili adib Shveysariyaga qaytdi va „Sevish vaqti va oʻlim vaqti“ filmining ssenariysi ustida ishladi. Filmda adib professor Polman obrazini gavdalantirdi.

Soʻnggi yillar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Paulette Goddard 1947-yil

1963-yil Neapol shahrida adib insultga uchradi. Ikki yildan soʻng Milan shahrida adib uchinchi bor insult bilan kurashib shifoxonaga tushib qoldi[11]. 1964-yil oʻzi tugʻilib oʻsgan shahri delegatsiyasi adibni fahriy medal bilan taqdirladi. 1967-yil GFRning Shveysariyadagi elchsi adibni „Germaniya Federativ Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun“ ordeni bilan taqdirladi. Tadbir davomida adibning yurak hastaligi takrorlandi. Orden bilan taqdirlashgan boʻlsada adibga Germaniya fuqaroligi qaytarib berilmadi.

1968-70-yillarda adib Shveysariyaning Askona shahrida yashadi. Shahar adibga fahriy fuqaro unvonini bergan edi. Soʻngi ikki qishni Remark va Paulette Goddard Rimda oʻtkazishdi. Oxirgi yurak xurujidan soʻng adib Lokarnodagi shifoxonaga tushib qoldi.

Erich Maria Remarque 1970-yil 25-sentyabr kuni 73-yoshida hayotdan koʻz yumdi. Adibni Tichino kantonidagi Ronko-sopra-Askkona qabristoniga dafn etishdi. Suyukli rafiqasi Paulette Goddard adib vafotidan 20 yil oʻtib 1990-yil 23-aprelda hayotdan koʻz yumdi. Rafiqasini adib yoniga dafn etishdi[12].

Tanlangan asarlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq asari asl nusxasi. 1929-yil
  • Orzular kulbasi (nem. Die Traumbude) – 1920
  • Gam (nem. Gam -vafotidan soʻng eʼlon qilingan) – 1924
  • Ufqdagi bekat (nem. Station am Horizont) – 1927
  • Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq (nem. Im Westen nichts Neues) – 1929
  • Qaytish (nem. Der Weg zurück) – 1931
  • Uch ogʻayni (nem. Drei Kameraden) – 1936
  • Yaqinlaringni sev (nem. Liebe Deinen Nächsten) – 1941
  • Gʻalaba arki (nem. Arc de Triomphe) – 1945
  • Hayot uchquni (nem. Der Funke Leben) – 1952
  • Yashamoq va oʻlim vaqti (nem. Zeit zu leben und Zeit zu sterben) – 1954
  • Qora haykal (nem. Der schwarze Obelisk) – 1956
  • Qarzga olingan hayot (nem. Der Himmel kennt keine Günstlinge) – 1959
  • Lissabondagi tun (nem. Die Nacht von Lissabon) – 1962
  • Vada qilingan yer (nem. Das gelobte Land) – 1971
  • Dushman (nem. Der Feind) – 1930-31
  • Verdun atrofidagi sukunat (nem. Schweigen um Verdun) – 1930
  • Fleridagi Karl Breger (nem. Karl Broeger in Fleury) – 1930
  • Iosifning xotini (nem. Josefs Frau) – 1931
  • Anettaning sevgi tarixi (nem. Die Geschichte von Annettes Liebe) – 1931
  • Iogan Bartokning gʻalati taqdiri (nem. Das seltsame Schicksal des Johann Bartok) – 1931

Boshqa asarlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Oxirgi bekat (pyesa) – 1953
  • Inok Jonsonning qaytishi (pyesa) – 1953
  • Soʻngi qaror (nem. Der letzte Akt – kinossenariy) – 1955
  • Soʻngi bekat (nem. Die letzte Station – pyesa) – 1956
  • Ogoh boʻling (nem. Seid wachsam!! – maqola) – 1956
  • Yozuv stolidagi epizod (nem. Das unbekannte Werk) – 1998 (vafotidan keyin eʼlon qilingan)
  • Menga sevishingni ayt – (nem. Sag mir, dass du mich liebst…) – 2001 (vafotidan keyin eʼlon qilingan)

Xotirasini abadiylashtirish

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Berlinning Kayzerdam koʻchasi 114-uyda adib xotirasi sharafiga oʻrnatilgan memorial doska

1972-yil Berlinning Vittelsbaxershtrasse koʻchasi 5-uyda Remark xotirasi uchun meʼmorial doska oʻrnatildi. Ushbu uyda adibning „Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq“ asari yozilgan.

1991-yil Osnabryuk shahri adib nomidagi xalqaro mukofot joriy etdi. Ushbu mukofot har 2 yilda ilm-fan, adabiyot va jurnalistika sohasida tinchlikni asrash, gumanizm va inson huquqlari boʻyicha ijod qiluvchi adiblarga berib kelinadi.

1995-yil tarixchi Toni Jadat Nyu-York universiteti qoshida Erich Maria Remarque institutini tashkil etdi.

1999-yil asteroid Erich Maria Remarque sharafiga nomlandi.

Berlinning Vittelsbaxershtrasse koʻchasi 5-uyda Remark xotirasi uchun oʻrnatilgan meʼmorial doska

1999-yil Berlinning Kayzerdam koʻchasi 114-uyda adib xotirasi sharafiga memorial doska ochildi.

  1. „Erich Maria Remarque Short Biography by Date“. 2011-yil 19-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 29-noyabr.
  2. „Erix Mariya Remark. Uch og‘ayni & Asarlaridan iqtiboslar & Ya.Egamova, D.Ayupova. Remark uslubi va uni tarjimada berish“ (2018.01.23).
  3. „“Davlat va vatan bitta narsa emas”. “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” romani haqida“. 2022-yil 29-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 29-noyabr.
  4. Heinz Ludwig Arnold. Erich Maria Remarque, Edition Text + Kritik, 2001, S. 82.
  5. Alexandra Fischer-Hunold. 66 Bücher, von denen alle sagen, dass du sie gelesen haben musst. Fischer E-Book, 2017.
  6. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  7. „ЭРИХ МАРИЯ РЕМАРК“.
  8. „ERIX MARIYa RYeMARK“.
  9. „“Davlat va vatan bitta narsa emas”. “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” romani haqida“. 2022-yil 29-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 29-noyabr.
  10. „Женщины Ремарка. Полетт Годдар“.
  11. „Полетт Годдар: женщины Ремарка“.
  12. „Биография Эриха Марии Ремарка“.