[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Bugʻuchilik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bugʻuchilikchorvachilik tarmogʻi, shimol va pant bugʻularini yetishtirish va xoʻjalik maqsadlarida foydalanish bilan shugʻullanadi. Shimol B.da xonakilashtirilgan shimol bugʻulari goʻsht, teri, sut olish uchun hamda ulov tarzida foydalanish maqsadlarida, pant B.da olachipor bugʻu, maral, izyubr shoxi (pant) olish, shuningdek goʻshti va terisi uchun boqiladi. Shimol bugʻuchiligi Chekka Shimol qishloq xoʻjaligining eng muhim tarmogʻi. Bugʻular podalari (1500—1800 bosh) yaylovdan yaylovga koʻchib — bahor va yozda ochiq tundrada, qishda oʻrmon tundra (tayga)da oʻtlatib boqiladi.

3—5 oylik buzoqlari (25–30 kg goʻsht beradi) va katta yoshdagi bugʻular goʻsht olish uchun soʻyiladi. Urgʻochi bugʻulardan sogʻim davrida 40–50 kg (ayrimlaridan 85 kg gacha) sut sogʻib olinadi (yogʻlilik darajasi 17— 19%). Bugʻu terisidan sifatli charm (zamsha, xrom) tayyorlanadi, issiq kiyimlar, palatkalar tikiladi. Shimol bugʻulari Chekka Shimolning asosiy transport vositasi, ulardan minish, yuk tashish va boshqa maqsadlarida ham foydalaniladi. Asosan Rossiya, Finlandiya, Shvesiya, Norvegiya, AQSH (Alyaska), Kanadaning tundra va oʻrmon (tundra) zonalarida tarqalgan. Jahonda 5 mln. boshdan ortiq shimol bugʻulari boqiladi. Ularning yarmidan koʻprogʻi Rossiya hissasiga toʻgʻri keladi. Pant B. Rossiyaning Oltoy, Krasnoyarsk, Primorye oʻlkalari, Qozogʻistonda rivojlangan boʻlib, hayvonlar maxsus fermalar (B. xoʻjaliklari)da boqiladi. Shuningdek, Xitoy, Koreya, Mongoliyada ham pant B. bor.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil