[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Bering Vitus Ionassen

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bering Vitus Ionassen (Ivan Ivanovich) (1681 — 1741.8.12) — dengizchi sayyoh, kapitankomandor. Asli daniyalik, 1703-yil rus flotiga taklif qilingan. 1724-yilgacha Boltiq va Azov dengizlari flotlarida xizmat qilgan. Beringga 1725-yilda Osiyo bilan Amerika quruqlik orqali tutashganligi yoki boʻgʻoz orqali ajralganligini aniqlash vazifasi topshirilgan. Kamchatka ekspeditsiyasi (1728—30)ga boshliq qilib tayinlangan. Ekspeditsiya Chukotka yarim oroli bilan Alyaska oraligʻidagi boʻgʻoz (keyinchalik Bering nomiga qoʻyilgan) orqali 67° 18’ gacha suzib oʻtib yana orqaga qaytadi. Bering 1733-yil Kamchatka ekspeditsiyasiga boshliq qilib tayinlandi. 1741-yil 17-iyulda Bering dengiz orqali Shimoliy Amerika sohillariga yetib bordi. Aleut orollaridan baʼzilarini kashf qildi. Orqaga qaytishda Kamchatka sharqidagi orollardan biri (hozirgi Bering oroli) da qishladi va oʻsha yerda vafot etdi. Bering nomiga Tinch okean shimolidagi dengiz, boʻgʻoz va orol qoʻyilgan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil