[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Chust madaniyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Chust madaniyati - Fargʻona vodiysidagi koʻhna dehqonchilik madaniyati (mil. av. 2ming yillik oxirgi choragi — 1ming yillik boshlari). Dehqonlar suv boʻyidagi unumdor yerlarni oʻzlashtirilishiga qarab alohida voha yoki guruh tarzida joylashganlar. Chust madaniyati yodgorliklari, asosan, Fargʻona vodiysining shim.sharqiy tumanlarida uchraydi, ularning soni hozirgi 80 dan ortiq. Bu madaniyatga taallukli 1yodgorlik 1950-yil toshkentlik arxeologlar M.E.Voronets va V.I.Sprishevskiylar tomonidan hozirgi Chust shahri yaqinidan topilgan. Madaniyat nomi shundan (mahalliy aholi Buonamozor deb ataydi). 1953—61 ylarda V. I. Sprishevskiy Chust madaniyatida muntazam arxeologik tekshirish ishlari olib borgan. Chust madaniyatini keyingi oʻrganilishida SanktPeterburglik olim Yu.A.Zadneprovskiyning xizmatlari katta boʻlgan. Chust madaniyatining ayrim yodgorliklarida (Dalvarzin, Chuyet) mudofaa inshootlari oʻrganilgan. Andijon viloyati, Jalaquduq tumanidagi Dalvarzin vodiysidagi ilk shahar va oʻziga xos markaz boʻlgani (miloddan avvalgi 12— 7-asrlar) arxeologik jihatdan isbot etilgan.

Hozirgi kunda Chust madaniyatida 3 xil turdagi yashash joylari kavlangan: 1) chaylaga oʻxshash yengil uylar; 2) yertoʻlalar; 3) gʻishtpaxsadan qilingan uylar. Chust madaniyati sohiblari, asosan, ilk sugʻorma dehqonchilik (arpa, bugʻdoy, tariq), chorvachilik, metall (jez)ga ishlov berish, kulolchilik, toʻqimachilik bilan shugʻullanganlar; ovchilik, baliq ovlash ham xoʻjalikda muhim rol oʻynagan. Bunga arxeologik yodgorliklarni qazish paytida topilgan jez pichoqlar, bigizlar, metallga ishlov berishda ishlatilgan tosh qoliplar, toʻqimachilikda qoʻllangan suyakdan yasalgan taroqsimon asboblar hamda minglab sopol idishlar guvoxlik bermoqda. Uyroʻzgʻor buyumlari ichida, ayniqsa, naqshindor sopol idishlar ajralib turadi. Naqshlar, asosan, geometrik shaklda qora, jigarrang boʻyoq bilan idish sirtiga berilgan. Ayrim hollarda hayvon tasvirlari (echki) ham uchraydi. Chust madaniyati aholisi marhumlarni oʻzlari yashab turgan joyga (uy ichiga va ostonalarga) dafn etishgan. Alohida ajratilgan qabristonlar boʻlmagan. Marhumlarni yakka va koʻpchilik qilib gʻujanak holda yon tomon bilan koʻmganlar. Faqat Dalvarzintepada odam suyagi va kallasi alohida, ikkilamchi bor koʻmilgani qayd etilgan. Bulardan tashqari, uy hayvonlari ham baʼzida odam suyaklari bilan birga koʻmilgan. Hozirda Chust madaniyatining oʻziga xos mahalliy xususiyatlari va qoʻshni hududlar [<nowuki />Toshkent vohasidagi Burgʻuluq (Burganli)] madaniyati, Jan. Uzbekistonning Kuchuktepa madaniyati bilan aloqalari (B.X.Matboboyev) oʻrganilmoqda.

  • Matboboyev B.X., Lokalnie varianti Chustskoy kulturi Fergani, L., 1985;
  • Vaynberg B.I., Staviskiy B.Ya., Istoriya i kultura Sredney Azii v drevnosti, M., 1994.
  • Boqijon Matboboyev. OʻzME. Toshkent, 2000-2005.