[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Parfiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Parfiyaning 2500 yillik yubileyi

Parfiya yoki Parfiya podsholigi — miloddan avval taxminan 250-yilda Kaspiy dengizining janubiy va janubiy-sharqiy tomonida vujudga kelgan qadimiy davlat. Miloddan avval 1-asr oʻrtalarida Mesopotamiyadan Hindistongacha boʻlgan hududni oʻziga boʻysundirgan. Parfiya milodiy 3-asr 20-yillarigacha mavjud boʻlgan. Miloddan avval taxminan 250-yil saklarning koʻchmanchi parnlar (daxlar) qabilasi Arshak (arshakiylar sulolasi asoschisi) boshchiligida Salavkiylar davlatidan ajrab chiqqan Parfiyona yoki Parfiya satrapiyasiga bostirib kirganlar va Parfiyani, soʻngra qoʻshni Girkaniya viloyatini ishgʻol etganlar. Salavk II oʻz hokimiyatini qayta tiklash maqsadida olib borgan 1 necha muvaffaqiyatsiz urinishlar (miloddan avvalgi 230— 227)dan soʻng Parfiya da arshakiylar hukmronligini tan olishga majbur boʻlgan. 209-yil Parfiyani salavkiylar podshohi An-tiox III bosib olgan. Biroq Salavkiylar davlatining zaiflashganidan foydalanib Parfiya tezda oʻz mustaqilligini tiklagan. Parnlar mahalliy parfyanlar (parfiyaliklar) bilan aralashib ularning madaniyati, tili va mahalliy diniy eʼtiqodlarini qabul qilishgan. Miloddan avvalgi taxminan 170—138/137 yillarda Parfiya podshohi Mitridat I salavkiylarning sharqiy satrapiyalari va Yunon-Baqtriya podsholigining bir qismini (miloddan avvalgi taxminan 136 y,) bosib olgan. Miloddan avvalgi 1-asr boshida Parfiya qudrati yanada ortib, Rim imperiyasining xavfli raqibiga aylangan. Miloddan avvalgi 53-yil Parfiya Rim bilan toʻqnashib, Karri jangida Krase qoʻmondonligi ostidagi Rim qoʻshinini tamoman tor-mor etgan. Miloddan avval 40-yilda Parfiya Kichik Osiyoning deyarli butun hududini, Suriya va Falastinni zabt etgan. Bu Rimning Sharqdagi hukmronligiga tahdid solmoqda edi. Miloddan avval 39— 37-yillarda rimliklar bu viloyatlar us-tidan oʻz hukmronliklarini tiklashgan. Tez orada Parfiya ichki nizolar va koʻchmanchi alanlarning hujumlari natijasida tanazzulga uchray boshlagan. Bundan foydalangan rimliklar Parfiya gʻarbiy viloyatlarini qattiq talon-toroj qilgan. Parfiyaliklar vaqtvaqti bilan rimliklar ustidan gʻalaba qozonib turgan boʻlsalarda, davlatni siyosiy tushkunlikdan qutqarib qololmaganlar. Margʻiyona, Sakaston, Girkaniya, Elimaida, Fors, Xarakena, Xatra shahri amalda mustaqil edilar. Tashqi va ichki nizolar mamlakatni holdan toydirgan. 224-yil vassal Fors (Persida) viloyati hokimi Ardashir (qarang Ardashir I) hal qiluvchi jangda Arta-bon V ni Ormizdagon tekisligida magʻ-lub etib Parfiya davlatini tugatgan; Parfiya asoschisi Ardashir I boʻlgan. Sosoniylar davlatiga qoʻshib yuborilgan.

MadaniyatiMeʼmorlik, amaliy va bezak sanʼati dastlab sharqiy ellin madaniyatining shaxobchalaridan biri sifatida rivojlangan. Keyinchalik Parfiya tarkibiga kirgan mahalliy xalqlarning badiiy anʼanalari bilan boyib taraqqiy etgan. Parfiya sharqiy qismida asosi kvadrat shaklidagi ibodatxonalar (Niso, miloddan avvalgi 2- va milodiy 1-asrlar), ayvonli saroylar (Koʻhi Xoʻja, Eron, 1-asr) qurilgan, binolar gʻarbdan keltirilgan marmar haykallar va mahalliy ustalar yasalgan terrakota haykallar bilan bezatilgan. Kryalarda ishlangan relyeflarda aʼyonlarning podshoga taʼzimi, qurbonlik marosimlari va boshqa aks ettirilgan. Nisodan topilgan kumush, fil suyagi, sopol buyum, idish, turli bezaklardagi tasvirlarning syujeti yunon afsonalari asosida, lekin kishilarning qiyofalari mahalliy xalklarni eslatadi.

Parfiya gʻarbiy qismida ibodatxonalarning turli-tuman tiplari mavjud boʻlib, yunon-rim meʼmorligining kuchli taʼsiri koʻzga tashlanadi, shu bilan bir qatorda ayvonli binolar qurilgan. Devoriy rasmlar, xudo va podsholarning haykallari bino bezagining 1 qismiga aylantirilgan. Suyakdan ishlangan ayol haykalchalari saqlangan.

Parfiya podsholigining kuchayishi, Antiox III vafotidan soʻng Salavkalar davlati kuchsizlanib qoladi. Bu vaziyatdan foydalangan Parfiya shohi Mitridat I miloddan avvalgi (171-138) Midiya bilan Bobilni bosib olib miloddan avvalgi 141-yilda oʻzini „Bobil podshosi“ deb eʼlon qiladi. Miloddan avval 140-120-yillarda shimoldan saklarning hujumi boshlanib, Yunon-Baqtriya davlati agʻdarib tashlanadi. Saklarning jangovar qismlari Parfiya qoʻshinlari bilan ham toʻqnashadilar. Bu janglarda ikki Parfiya shohi halok boʻladi. Saklar Erimander, Xerirud daryolari oraligʻidagi viloyatga borib joylashadilar. Shundan boshlab bu viloyatni Sakiston deb ataydigan boʻldilar. Mitridat II (miloddan avvalgi 123-87) davrida Parfiya qoʻshinlari salavkiy qoʻshinlarini yengib, Eron va Mesopotamiyani ishgʻol qiladilar. Mitridat II „ulugʻ shahanshoh“ degan unvonga ega boʻladi. Parfiya qoʻshinlari Kichik Osiyo va Oʻrtayer dengizining sharqiy sohili chegaralarida rimliklar bilan toʻqnashadilar. Miloddan avvalgi 53-yilda mashhur sarkarda Krass boshliq Rim qoʻshinlari bilan Parfiya podshosi Orod (miloddan avvalgi 55-37) qoʻshinlari oʻrtasida janglar boshlanib ketadi. Shu yili Karri shahri yaqinidagi dahshatli jangda rimliklar yengilib, sarkarda Krass halok boʻladi. Bu gʻalabadan soʻng parfiyonlar katta oʻljaga ega boʻlib, juda koʻp rim askarlari asirga tushadi. Asirlar Margʻiyonaga haydab ketilib oʻsha yerga joylashtiriladi. Bu gʻalabadan keyin Parfiya poytaxti Gekatompildan Mesopotamiyadagi Ktesifonga koʻchiriladi. Bu davrda Parfiya oʻz kuch-qudratining eng baland choʻqqisiga koʻtariladi. Parfiya qoʻshinlari Sharqda Hind daryosigacha, gʻarbda esa Oʻrtayer dengizi va Kichik Osiyo chegarasigacha boʻlgan yerlarni egallaydilar.

Parfiya podsholigining tushkunlikka uchrashi, Miloddan avvalgi 40-yillardan boshlab rimliklar Oʻrtayer dengizining sharqiy sohilidagi mamlakatlarda va Kichik Osiyoda oʻz mavqeini qayta tiklab oladilar. Rim qoʻshinlari Parfiya qoʻshinlarini Frot daryosi chap sohiliga surib chiqarishga muvaffaq boʻladilar. Ammo rimliklarning miloddan avvalgi 38-yilda Midiyaga qilgan yurishlari magʻlubiyat bilan tugaydi. Miloddan avvalgi I va milodning I-II asriaridagi ichki nizolar va toʻxtovsiz urushlar Parfiyani kuchsizlantirib qoʻyadi. Bu davrlarda Parfiyaga shimoldan alanlar bostirib kiradilar. Milodning 2-asrining birinchi yarmida rimliklar Mesopotamiyaga ikki bor bostirib kirib poytaxt Ktesifonni talab vayron qiladilar. Shundan keyin Rim bilan Parfiya oʻrtasidagi kurash 200 yilcha davom etadi. Bu davr ichida Rim va Parfiya davlatlari kuchsizlanib parchalanishga yuz tutadi. Parfiya esa mayda davlatga boʻlinib ketadi. Milodiy 3-asrdan boshlab podsholikning janubi-gʻarbidagi Parsua viloyati yuksalib Sosoniy sulolasi asos solgan davlat tashkil topadi. Milodiy 224-yilda sosoniy hukmdorlari Parfiya poytaxti Ktesifonni egallab, kuchsizlanib qolgan Parfiya podsholaridan taxtni tortib oladilar. Shunday qilib, 500 yilcha umr koʻrgan Parfiya podsholigi agʻdarilib, uning oʻrnida Sosoniylar davlati tashkil topadi

Parfiyaning ijtimoiy tuzumi, xoʻjaligi va madaniyati. Parfiya janubi-gʻarbiy Osiyodagi yirik quldorlik davlatiaridan biri boʻlgan. Davlat tepasida arshakiylar sulolasidan boʻlgar shoh oʻtirgan. Shoh huzurida qabila aslzodalari va ruhoniylardan Iborat ikki alohida kengash boʻlgan. oʻlgan shohning oʻrniga aka-uka va oʻgʻillaridan biri taxtga oʻtqizilgan. Shoh davlat ahamiyatiga ega boʻlgan masalalarni aslzoda va ruhoniylar kengashi bilan maslahatlashib hal etgan. Mamlakat aholisining asosiy qismini ozod dehqonlar, hunarmandlar, savdogarlar va ziyolilar tashkil etgan, Parfiyada qulchilik ancha sust rivoj topgan edi. Solnomalarda qulning bolasi ham qul boʻlib qolishi taʼkidlangan. Qullar mehnatidan xoʻjalikning hamma tarmoqlarida foydalanilgan. Parfiya aholisi toʻrt tabaqadan iborat boʻlgan. Ular: 1. Zodagon jangchilar. 2. Yengil qurollangan suvoriylar. 3. Erkin jamoachi dehqonlar. 4. Qullar. Parfiya shohlarining asosiy kuchi qoʻshin boʻlgan. Parfiya qoʻshinining asosiy qismini qullar tashkil etgan.

Rim tarixchisi Pompey Trog: „Ularning qoʻshinlari qullardan tashkil topgan, qullar olomoni koʻpayib bormoqda, chunki hech kim ularni ozod etolmaydi, hammasi qullar boʻlib tugʻiladi. Ular shu qullarni oʻz farzandlaridek koʻrib tarbiyalaydilar, ot minishga va oʻq-yoy otishga oʻrgatadilar“,- deb yozgan ekan.

Parfiyonlar Rim sarkardasi Antoniyga qarshi 50 000 suvoriy tayyorlaganlar, shulardan 400 suvoriy erkin kishilardan, qolgani esa qullardan boʻlgan. Parfiya xoʻjaligining asosini dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq tashkil etgan. Parfiya aholisi Murgʻob, Tajan, Atrok, Karun, Kerxa kabi daryo va soy boʻylaridagi unumdor yerlarga sholi, sabzi, turp, sholgʻom, qovun, tarvuz, qovoq ekib parvarish qilganlar. Ular olma, anor, anjir, oʻrik, uzum va boshqa mevali daraxtlar ekib. bogʻdorchilik bilan shugʻullanganlar. Sugʻorilmaydigan lalmikor kam suvli yerlarga bugʻdoy, arpa, tariq, noʻxat, mosh kabi dukkakli ekinlar ekkanlar. Qishloq xoʻjalik ishlarida qullar mehnatidan foydalanganlar. Ozod dehqonlar olingan hosildan davlatga soliq toʻlaganlar. Dehqonlar yerni haydash va unga ishlov berishda omoch, belkurak, ketmon, tesha, o ʻroq, so ʻqa, mola kabi mehnat qurollaridan foydalanganlar. Qishloq xoʻjalik ishlarida ot, eshak, xachir, hoʻkiz va tuyalardan foydalanilgan. Dehqonlar ham kam miqdorda qoramol, qoʻy, echki, eshak, ot va tuya asraganlar. Parfiyaning togʻ, togʻ oldi, yassitogʻlik va dashtlarida seroʻt yaylovlar koʻp boʻlgan. Bu yaylovlarda qoʻy, echki, qoramol, eshak, tuya va xachirlar boqilgan. Parfiyaliklar yilqichilikka katta eʼtibor berganlar. Parfiyaning quruq iqlimli yaylovlari va togʻ yonbagʻirlarida asl zotli otlar parvarish qilingan. Hikoya qilishlaricha Iskandar Zulqarnayn Parfiya boʻylab oʻtayotganda, mamlakatning dasht va togʻ yaylovlarida yuz minglab aygʻir, biya va qulunlarni oʻtlab yurganini koʻrgan ekan. Qadimiy solnomachilarning hikoya qilishlaricha, parfiyonlar otga qattiq mehr qoʻyganlar. Ular bir umr ot ustidan tushmay urushganlar, bazm qurganlar, barcha jamoat va siyosiy ishlarni ot ustidan tushmay bajarganlar, savdo qilganlar va dam olganlar. Qadimiy tarixchi Tasit „Parfiyaliklarning birdan-bir kuchi ularning suvoriylaridir“ deb, yozgan edi. Parflyaliklar tuyachilikka ham katta eʼtibor berganlar. Mamlakatning qurgʻoqchil, quruq iqlimli dashtlarida koʻplab tuyalar boqilgan. Ular ot bilan bir qatorda tuyalarni minib yurganlar, ularda yuk tashiganlar. Ular ichki va tashqi savdoda juda katta ahamiyatga ega boʻlgan. Tuyalardan harbiy maqsadlarda foydalanilgan. Parfiya jangchilari tuya minib urushga kirganlar. Xitoyliklar Parfiyani Anʼsi deb ataganlar. Xitoy sayyohlarining yozishlaricha „Anʼsida yuzga yaqin katta-kichik shaharlar bor“. Ularning eng mashhurlari Zadrakarta, Gekatompil, Ekbatan, Niso va boshqalardir. Bu shaharlarda toʻqimachilik, qurolsozlik, kulolchilik, zargarlik, koʻnchilik, me ʻmorchilik birmuncha rivoj topgan edi. Parfiyada savdo-sotiq ancha rivoj topgan boʻlib. savdogarlar Turon, Xitoy, Hindiston, Kavkaz, Misr Kichik Csiyodagi mamlakatlar bilan qizgʻin savdo-sotiq ishlanm olib borganlar. Parfiya savdogarlari gʻarb mamlakatlari bilan Xitoy oʻrtasidagi savdo ishlarida vositachilik qilishgan. Parfiya ham oʻzining qadimiy madaniyatiga ega boʻlgan. Ular aramey yozuvidan foydalanib, xalq ogʻzaki ijodiyoti asosida koʻplab asarlar yaratganlar. Adabiyotda Qadimgi Eron anʼanalarining taʼsiri kuchli boʻlgan. U yerda meʼmorchilik, haykaltaroshlik, rassomchilik, boʻrtma rasmlar ishlash ancha rivoj topgan boʻlgan. Parfiya meʼmorchiligi va haykaltaroshligida yunonlarning taʼsiri kuchli boʻlgan. Shoh saroylarining devorlari xilma-xil mazmundagi rasmlar bilan bezatilgan. Suyakdan yasalgan haykallar, shoxdan yasalgan qadahlar, ritonlar va boshqa idishlar kishini hayratga soladi. Oʻsha davrda chiqqan oltin pullarning sathi podsho, malika va jangchilarning tasvirlari bilan bezatilgan. Parfiyada ibtidoiy din shakllari, hayvonlarga togʻ-toshlar, daraxtlar va suvga sigʻinish bilan bogʻliq eʼtiqodlar saqlangan. Lekin ular zardushtiylikka koʻproq eʼtiqod qilib, suv, havo, yer va olovni ulugʻlaganlar. Axuramazdani ulugʻlab, Axrimonga nafrat bilan qaraganlar. Chunki Axrimon yomonlik timsoli edi. Parfiyaliklar qoʻshni xalqlar madaniyatidan bahra olib oʻzlariga xos madaniyat yaratganlar.

  • Bokshanin A. G., Parfiya i Rim (ch. 1-2), M., 1960-66; Koshelenko G.A., Kultura Parfii, M., 1966.[1]
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil