[go: up one dir, main page]

Opera (lotincha: opera – „mehnat mahsuli“, „asar“)[1] – musiqali dramatik sanʼat janri. Opera qorishma (sintetik) janr boʻlib, oʻzida bir nechta sanʼat turlarini mujassam etadi; unda dramaturgiya, musiqa, tasviriy sanʼat va raqs sanʼati shakllari yaxlit sahnaviy jarayonda uzviy bogʻlanadi. Lekin musiqa ular orasida yetakchi oʻrin egallaydi. Operaning adabiy asosi – libretto (tarjimasi „kitobcha“) dagi voqealar musiqiy dramaturgiya vositalari bilan, avvalo, vokal musiqa shakllarida gavdalantiriladi. Qahramonlarning hissiy kechinmalari, asosan, yakkaxon xonandalar ijrosidagi ariya, kavatina kabi tugal musiqa lavhalarida oʻz ifodasini topadi. Operadagi rechitativ tugal musiqa shakllarini oʻzaro bogʻlab, musiqiy dramaturgiya jarayonida muhim vazifalar bajaradi. Turli vokal ansambl (duet, trio va boshqalar) larda qahramonlarning oʻzaro munosabatlari, dramatik voqealar oʻz aksini topadi. Xor roʻy berayotgan voqealarning izohlovchi vositasi vazifasini bajaradi, uning yordamida xalq hayoti lavhalari gavdalanadi. Operada orkestr ham katta oʻrin egallaydi: vokal shakllarga joʻr boʻladi, mustaqil cholgʻu qism (antrakt, uvertyura, introduksiya va boshqalar) larda vaziyatning mazmunini ochib beradi, har bir sahnaning ruhiy holatini ifodalashga yordam beradi. Operaning tuzilishi uning gʻoyaviy maqsadiga, syujet xususiyatlariga, musiqiy-ijodiy maktab anʼanalari va uslublariga hamda kompozitorning ijodiy tafakkuriga bogʻliq.

„Macbeth“ Savonlinna opera festivalida (Savonlinna, Finlandiya, 2007-yil).

Opera sanʼatning alohida turi sifatida XVI asr oxirida Florensiya (Italiya) da yuzaga keldi: Jacopo Perining „Dafne“ (1598) va „Euridice“ (1600) asarlari. Opera keyinchalik Yevropaning boshqa mamlakatlarida tarqalib, tarixiy rivoji davomida turli xillariga ega boʻldi: fransuz „lirik tragediyasi“ (Jean-Baptiste Lully, Jean-Philippe Rameau) va katta opera (Louis Aubert, Giacomo Meyerbeer), italyan opera-seria – jiddiy opera (Alessandro Scarlatti va Neapolitan opera maktabi) va Buff-opera (Giovanni Battista Pergolesi, Giovanni Paisiello, Domenico Cimarosa), nemis zingshpili (I. Xiller, Wolfgang Amadeus Mozart va boshqalar), ingliz ballada operasi (J. Pepush), ispan sarsuela va tonadilyasi (V. Garsia) va boshqa XVIII asr Yevropa kompozitorlik ijodiyotida Sharq, xususan, oʻzbek mavzulariga qiziqish kuchaygan va Italiyada Alessandro Scarlatti (1706), Nicola Porpora (1730), Antonio Vivaldi (1735), A. Sakkini (1773), A. Sapiyensa – ugli (1828), Germaniyada G. Gendel (1724) va G. Teleman (1729) lar Amir Temurni oʻz operalarida bosh qahramon sifatida gavdalantirishgan. Mazkur qiziqish XIX–XX asrlarda yanada kengayib bevosita Oʻzbekiston bilan bogʻliq asarlar Angliya, Armaniston, Belorussiya, Rossiya va boshqalarda koʻpaydi. XIX asrda romantik opera rivoj topdi (K. M. Veber, V. Bellini, G. Donitsetti va boshqalar), yangi milliy opera maktablari yuzaga keldi (Rossiyada – M. Glinka va A. Dargomijskiy, Polshada S. Monyushko, Chexiyada B. Smetana, Vengriyada F. Erkel, Ukrainada S. Gulak-Artemovskiy, Gruziyada M. Balanchivadze va boshqalar). XX asrda opera– oratoriya (A. Onegger), opera–kantata (K. Orf), kamer opera (F. Pulenk), qoʻshiq operasi (K. Vayl), rok-opera (E. L. Uebber) kabi yangi turlari yuzaga keldi, opera janri modernizm yoʻnalishlari (impressionizm – K. Debyussi, ekspressionizm – R. Shtraus, A. Shyonberg , A. Berg, neoklassitsizm – F. Buzoni, I. Stravinskiy va hokazo) taʼsirida rivoj topdi. K. Monteverdi, J. Rossini, J. Verdi, J. Puchchini, K. V. Glyuk, Wolfgang Amadeus Mozart, R. Vagner, L. Kerubini, Sh. Guno, J. Vize, M. Musorgskiy, P. Chaykovskiy, S. Prokofyev, D. Shostakovich, B. Bartok, 3. Koday, B. Britten, J. Gershvin va boshqa opera sanʼati rivojiga ulkan hissa qoʻshishdi.

Oʻzbekistonda opera janri oʻzbek mushkeli dramasining rivoji asosida, shuningdek, chet el mumtoz operasining taʼsirida yuzaga kelgan. XIX asrning oxiri – XX asr boshlarida Toshkentga bir nechta (gruzin – 1894; 1907–1915-yillarda – italyan, tatar, rus, ozarbayjon) opera truppalari gastrolga kelgan. 1918-yildan Toshkentda Rus opera teatri oʻz faoliyatini boshlagan. 1929-yilda M. Qoriyoqubov tashabbusi bilan oʻzbek musiqali teatri ishga tushdi. Uning repertuari, asosan, musiqali dramalardan iborat boʻlgan. Mazkur teatr sahnasida oʻzbek tilida qoʻyilgan birinchi operalar – „Er Targʻin“ (Y. Brusilovskiy, 1937) va „Nargiz“ (M. Magomayev, 1938)dir. oʻzbek opera va balet truppasi Oʻzbek musiqali teatri zaminida yuzaga kelib, 1939-yil S. Vasilenko va M. Ashrafiyning „Boʻron“ operasi bilan oʻz faoliyatini boshlagan. Dastlabki oʻzbek operalari oʻzbek va rus kompozitorlarining ijodiy hamkorligi natijasida hamda Oʻzbekistonda ijod qilgan rus kompozitorlarining mahalliy mavzudagi ijodida rivoj topgan (R. Glier, T. Sodikrv, „Layli va Majnun“, 1940; „Gulsara“, 1949; A. Kozlovskiy, „Ulugʻbek“, 1942). Shu davrda oʻzbek tilida jahon mumtoz opera namunalari (J. Bizening „Karmen“, 1944; P. Chaykovskiyning „Yevgeniy Onegin“, 1947 va boshqalar) ham sahnalashtirildi. Keyinchalik oʻzbek kompozitorlarining afsonaviy-romantik, tarixiy, lirik, zamonaviy mavzulardagi mustaqil operalari paydo boʻldi: „Dilorom“, „Shoir kalbi“ (M. Ashrafiy), „hamza“ (S. Boboyev), „Xorazm qoʻshigʻi“ (M. Yusupov) va boshqa Birinchi oʻzbek hajviy operasi „Maysaraning ishi“ (S. Yudakov) boʻlib, bir nechta chet mamlakatlar teatrlarida quyilgan. „Yoriltosh“ (S. Boboyev) birinchi oʻzbek bolalar operasidir.

1970–1980-yillari oʻzbek kompozitorlari opera janrini mavzu jihatidan boyitishdi. Shu davr ichida tarixiy – „Mangulik“ (U. Musayev), „Fidoyilar“ (S. Boboyev), zamonaviy – „Sadoqat“ (R. Abdullayev), atoqli shaxslarga bagʻishlangan – „Sugʻd elining qoploni“ (I. Akbarov), „Zebunniso“ (Sayfi Jalil), „Alisher Navoiy“ (M. Burhonov), shuningdek, kamer operalar – „Sohilda toʻqnashuv“ (N. Zokirov), „Ona qalbi“ (Hab. Rahimov) va boshqa operalar sahnalashtirildi.

Mustaqillik davri oʻzbek operalarida janr talqini, mavzu va mazmun doirasi yanada kengaytirilib, boyitildi: jahon mumtoz adabiyoti (N. Zokirovning Shakespeare tragediyalari asosida yaratilgan „Hamlet“ va „Makbet“ opera-dilogiyasi), hozirgi zamon ijtimoiy muammolari (N. Zokirovning „Muxtoriyat“ opera-farsi, opera Abdullayevaning „Vafo“, F. YanovYanovskiyning „Orkestr“ operalari), tarixiy shaxslar siymolari (M. Bafoyevning „Al-Fargʻoniy“) va falsafiy mavzular (I. Akbarovning „Ibtido xatosi“ operaoratoriyasi) opera janrini keyingi rivojini belgiladi. Mazmunni talqin qilishda asosiy urgʻu milliy hamda umumbashariy maʼnaviy qadriyatlarni tarannum etishga, murakkab vaziyat va psixologik holatlarni chuqur ifoda etishga qaratildi. Bu davrda oʻzbek kompozitorlari opera asarlarida oʻzbek xalq musiqa merosi va milliy ijrochilik anʼanalarini zamonaviy ifoda va texnik vositalar bilan uzviy bogʻlashga ahamiyat berdilar.

Manbalar

tahrir
  1. Oxford English Dictionary, 3-nashr, „opera (Wayback Machine saytida 3 July 2023 sanasida arxivlangan)“.

Adabiyotlar

tahrir
  • Murodova, Dilera; Gʻafurbekov. Toʻxtasin. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
  • Pekker Y., „Uzbekskaya opera“, Moskva, 1984-yil.
  • Murodova D., „Mustaqillik davri Oʻzbekiston kompozitorlik ijodiyoti toʻgʻrisida“, Musiqa ijodiyoti masalalari, Toshkent, 2002-yil.