Navoiy teatri
Navoiy teatri, Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri – Oʻzbekistonning opera va balet sanʼati sohasidagi asosiy teatri[1]. Uning tashkil topishi Muhiddin Qoriyoqubovning Oʻzbek davlat konsertetnografik ansambli bilan bogʻliq. Teatr 1939-yil 11-iyunda tashkil etilgan.
Navoiy teatri | |
---|---|
Umumiy maʼlumot | |
Turi | teatr |
Joylashuvi | Toshkent shahar |
Manzili | Zarafshon koʻchasi 28-uy |
Shahar | Yunusobod tumani |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Koordinatalar | 41°18′33″N 69°16′18″E / 41.309300°N 69.271600°E |
Qurilishi boshlangan | 1940-yil |
Qurilishi tugagan | 1947-yil |
Dizayn va konstruksiya | |
Meʼmor | Aleksey Shchusev |
Navoiy teatri |
Tarixi
tahrirM.Ashrafiyning „Boʻron“ operasining birinchi premyerasi 1939-yilda oʻzbek musiqali teatri negizida boʻlib oʻtdi. Mazkur ansambl 1929-yil Qoriyoqubov va Tamaraxonim saʼy-harakati bilan Oʻzbek davlat musiqali teatriga aylantirilgan[2]. 1939-yil 11-iyunda birinchi oʻzbek operasi „Boʻron“ning premyerasi milliy musiqali teatr rivojiga turtki boʻldi. Rejissyor Emil Yungvald-Xilkevich tomonidan sahnalashtirilgan opera tomoshabinlar va tanqidchilar tomonidan muvaffaqiyat qozondi. Boʻron rolini Karim Zokirov va Mixail Davidov, Nargul partiyasini Halima Nosirova, Shahodat Rahimova, Sara Samandarova va Nazira Ahmedova, general-gubernatorni Muhiddin Qori-Yoqubov ijro etishdi. 1939-yilda teatr yangi maqomga ega boʻlib, unga Davlat Oʻzbek opera va balet teatri nomi berildi. „Halima“, „Farhod va Shirin“ spektakllari xalq cholgʻulari joʻrligida ijro etilgan. 30-yillarda „Ichkarida“, „Layli va Majnun“, „Poʻrtana“ spektakllarida xalq cholgʻu asboblariga simfonik orkestr sozlari qoʻshilib, oʻzbek operasining yaratilishiga zamin tayyorlangan. Qozogʻistonlik kompozitor Ye. Brusilovskiyning „ErTargʻin“ (1937) va Ozarbayjon kompozitori M. Magomayevning „Nargiz“ (1938) operalarining sahnalashtirilishi ham truppani opera sanʼatini oʻzlashtirishida muhim rol oʻynadi. 1939-yil 11-iyunda birinchi oʻzbek operasi „Boʻron“ (S. Vasilenko va M. Ashrafiy musiqasi, K. Yashin librettosi) namoyish qilindi. 1939-yil 20-iyunda teatr Oʻzbek davlat opera va balet teatriga aylantirildi. Teatr jamoasi „Boʻron“da erishgan yutugʻini R. Glier va T. Sodiqovning „Layli va Majnun“ operasi bilan mustahkamladi. 1941-yil Katta Fargʻona kanali quruvchilariga bagʻishlangan „Ulugʻ kanal“ (S. Vasilenko va M. Ashrafiy) operasi (1940) sahnalashtirildi. „Ulugʻbek“ (A. Kozlovskiy), „Mahmud Torobiy“ (O. Chishko) operalari urush yillari yaratildi. Opera bilan bir katorda oʻzbek baleti ham yetilib bordi. 1933-yilda „Paxta“ (N. Roslavets) baleti sahnalashtirildi, biroq muvaffaqiyatsiz chiqdi. Dastlabki muvaffaqiyat F. Talning „Shoxida“ (1939) baletidan boshlandi. U ni A. Tomskiy, M. Turgʻunboyeva va Usta Olim Komilovlar sahnalashtirdilar. Keyinchalik „Gulandom“ (Ye. Brusilovskiy), „Oq bilak“ (S. Vasilenko) baletlari qoʻyildi. Jahon mumtoz repertuaridan „Karmen“ (J. Bize), „Kargʻa motkasi“ (P. Chaykovskiy) kabi operalar bilan birga „Boqchasaroy favvorasi“ (B. Asafyev), „Koppeliya“ (L. Delib) baletlari sahnalashtirildi.
Teatr jamoasi 1947-yil yangi binoga koʻchib oʻtdi va 1948-yil Toshkent rus opera teatri bilan birlashib, Alisher Navoiy nomini oldi. R. Glier va T. Sodiqovning „Gulsara“, T. Jalilov va boshqa Brovsinning „Tohir va Zuhra“ operalari, M. Leviyevning „Suxayl va Mehri“, G. Mushelning „Raqqosa“ baletlari yangi bino sahnasida namoyish etildi. Ilk bor oʻzbek tilida P. Chaykovskiyning „Yevgeniy Onegin“ operasi, L. Minkusning „Don Kixot“, R. Glierning „Kizil gul“ baletlari 40-yillarning oxirida sahna yuzini koʻrdi. 50—60-yillar teatr faoliyatida keskin burilish yasaldi, teatr yangi opera xonandalari va balet artistlari bilan toʻldirildi. Unga 1959-yilda „Akademik“, 1966-yilda „Katta teatr“ unvonlari berildi[3][4]. 1950—60 va keyingi yillarda sahnalashtirilgan asarlarning aksariyati tomoshabinlarga estetik zavq bagʻishlay oladigan milliy uslub va ifodaviy vositalar, ohang va shakllar bilan boyitildi, xalq musiqasi intonatsiyalaridan ijodiy foydalanildi. „Dilorom“, „Shoir qalbi“ (M. Ashrafiy), „Zaynab va Omon“ (T. Sodiqov, B. Zeydman, Yu. Rajabiy, D. Zokirov), „Maysaraning ishi“ (S. Yudakov), „Hamza“ (S. Boboyev), „Soʻgʻd elining koploni“ (Ikr. Akbarov), „Petr I“ (P. Petrov), „Olovli farishta“ (S. Prokofyev), „Porgi va Bess“ (J. Gershvin) kabi operalar, „Orzu“ (Ikr. Akbarov), „Oltin kalitcha“ (B. Zeydman), „Sevgi tumori“ (M. Ashrafiy), „Qirq qiz“ (A. Feygin), „Spartak“ (A. Xachaturyan), „Karmen syuita“ (J. Bize – R. Shchedrin), „Ikki dil dostoni“ (O. Melikov), „Maskarad“ (V. Laputin), „Yetti goʻzal“ (qarang Korayev) singari baletlar, shuningdek, mumtoz kompozitorlardan L. Delib, M. Musorgskiy, A. Borodin, N. Rimskiykorsakov, P. Chaykovskiy, J. Verdi, A. Atsan, Sh. Guno,B. Motsart, J. Puchchini va boshqalarning asarlari bilan teatr mavqei koʻtarildi. Ijrochilik sanʼati ham shu yillar yuksaldi, orkestr mahorati, xor, kordebalet madaniyati oʻsdi, opera rej.lari, baletmeyster, xormeyster va dirijyorlar sanʼatida katta yutuklarga erishildi.
Teatr jamoasi Rossiya, Hindiston, Germaniya, Singapur, Malayziya, Yaponiya, Tailand kabi oʻnlab mamlakatlarda bir necha bor gastrolda boʻlgan. Oʻz navbatida Navoiy teatri sahnasida Amerika, Yevropa va Osiyo mamlakatlarining yetakchi yakkaxon xonanda, balet ustalari va dirijyorlar oʻz sanʼatlarini namoyish qildi.
Mustaqillik yillarida teatr rivojini yuksak darajaga koʻtarish, milliy opera va balet spektakllari yaratishga jiddiy eʼtibor berildi. 1991—2003-yillar mobaynida „Malikai ayyor“ (S.Jalil), „Umar Xayyom“, „Axmad alFargʻoniy“ (M. Bafoyev), „Taxtga yoʻl“ (N. Zokirov), „Amir Temur“ (G. Gendel), „Buyuk Temur“ (A. Ikromov) operalari, „Shoirona miniatyuralar“ (U. Musayev), „Nasriddinning qilmishlari“ (S. Yudakov), „Ming bir kecha“ (F.Amirov) kabi baletlar sahnalashtirildi. Teatr repertuaridan oʻnlab mumtoz opera va balet asarlari ham oʻrin oldi. Teatrda turli yillarda M. Ashrafiy, B.Inoyatov, F.Shamsiddinov, N.Goldman, X.Shamsiddinov, Gʻ.Toʻlaganov, A. Abduqayumov, D. Abdurahmonova singari dirijyorlar, Z.Qobulov, M.Tojizoda, M.Muhamedov, E.Yungvald—Xilkevich, A.Mirolimboyeva, F.Safarov kabi rej.lar, Tamaraxonim, M.Turgʻunboyeva, V.Gubskaya, G.Izmaylova, Ye.Baranovskiy, P.Yorkin, M. Makaryans, I.Yusupov va boshqa baletmeysterlar, M.Musayev, R.Brim, M.Gvozdikov va boshqa rassomlar, M.Qoriyoqubov, H.Nosirova, B.Mirzayev, K.Zokirov, Gʻ.Abdurahmonov, A.Azimov, N.Ahmedova, S.Krbulova, S.Yarashev, V.Grinchenko, R. Laut, S. Benyaminov, M.Dovidov, J.Nizomxoʻjayev, E.Yoʻldoshev, I.Jalilov, B.Qoriyeva, Z.Davletmurodova, V.Vasilyev, I.Kistanov kabi sanʼatkorlar ijod kilishgan. K.Muhiddinov, M.Razzokova, R.Latipov, G.Hamroyeva, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar O.Aleksandrova, G.Azizova, D.Yoqubova, V.Gellertov, A.Shalberkin, N.Shilova, T.Muhamedova, N.Hasanova va boshqa teatrning hozirgi kundagi yetakchi opera va balet ijrochilaridir. Teatrning bosh dirijyori – F.Yoqubjonov, bosh baletmeysteri – I. Yusupov, bosh xormeysteri – S.Shodmonov, bosh rassom – Z.Botirov, badiiy rahbar – A.Ergashev. Hozirgi repertuarida 50 ga yaqin spektakl mavjud.
Teatr binosi
tahrirOʻzbek musiqali teatri jamoasining oʻz teatr binosi boʻlmagan va barcha spektakllar XX asr boshlarida qurilgan yagona koʻngilochar muassasada, sobiq teatr binosi – Kolizey sirkida boʻlib oʻtgan. 1902-yildan 1913-yilgacha Tbilisilik G.M.Sintsadze tomonidan Kolizey teatri va sirk binosi milliylashtirildi. XX asrning 30-yillarda sobiq „Kolizey“ teatr-sirki binosida rus va oʻzbek musiqali teatrlarining ikki truppasi ishlagan[5]. Qayta qurishga qaramay, zal va sahna yirik klassik va milliy spektakllarni sahnalashtirish uchun mos emas edi. Yangi teatr binosini qurish zarurati tugʻildi va teatr binosi qurish boʻyicha eng yaxshi loyiha uchun davlat tanlovi eʼlon qilindi. Loyihalar matbuotda eʼlon qilinib, jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilindi. 1934-yilda tanlov natijalariga koʻra, Qizil maydondagi maqbara loyihasi muallifi, shuningdek, Moskvadagi boshqa tuzilmalar uchun loyihalar muallifi akademik Aleksey Shchusevning loyihasi gʻolib boʻldi[6][7]. Binoning poydevori qurilishi 1940-yil 1-sentyabrda boʻlib oʻtdi, 1942-yilda urush davri bilan bogʻliq qiyinchiliklar tufayli ish toʻxtatildi. 1943-yilda qurilish qayta tiklandi. 1943-yil oktyabr oyidan boshlab teatr binosi qurilishida sovet koreyslari safarbar qilindi. 1945-yil noyabr oyida Toshkentga surgun qilingan Kvantun armiyasidan yapon harbiy asirlari teatr qurilishining yakuniy bosqichida qatnashdilar. Teatrning ochilishi 1947-yilda Oktyabr inqilobining 30 yilligida boʻlib oʻtdi[8].
Teatr binosi 1947-yilda kurib bitkazilgan (meʼmor A.Shchusev loyihasi asosida). Bino bezagida T.Arslonqulov, A.Boltayev, Q.Jalilov, S.Norqoʻziyev, Usta Shirin Murodov, Jalil va Bolta Joʻrayevlar (Davlat mukofoti, 1948) va boshqalar qatnashgan. Bino tarzi va interyerini bezashda milliy meʼmorlik anʼanalaridan foydalanilgan. Devorlarida Ch.Ahmarov (Davlat – mukofoti, 1948) ning A. Navoiy asarlariga ishlagan miniatyuralari aks etgan. Bino tarzlari peshayvon shaklida ravoqlar (3 old, 2 yon tomonlaridagi ravoqlar 9 ta) qatoridan iborat. Foye, tomosha zali, sahna va boshqa 3 qavatga joylashgan. Bezaklarida Buxoro meʼmorlik maktabining ganchkori bezaklari; toshkentlik ustalarning namoyon va ravoqlari, guldasta bezaklari; xivalik ustalarning ganchkori, marmar, naqsh, yogʻoch oʻymakorligidagi oʻziga xos uslublari; samarqandlik ustalarning boʻrtma, muqarnasli jozibador lavhalari, fargʻonalik ustalarning oʻsimliksimon bezaklari; termizlik ustalarning unutilib ketgan mayda davra va jingalak tasvirli oʻymasi yangidan jonlantirilgan. Binoning pastki zalidagi devoriy rasmlarda musiqa, raqs sheʼriyat va rassomlikni ifodalovchi majoziy obrazlar (goʻzal ayollar) tasvirlangan. Oʻ.Tansiqboyev, M.Arinin, K.Cheprakov va boshqa bino foyelarida qoʻshimcha devoriy rasmlar ishlaganlar. Tomosha zali 760 oʻrinli[9].
Galereya
tahrirAdabiyotlar
tahrir- Полупанов С., Яралов Ю.. Ташкент. М.: издательство Академии архитектуры СССР, 1949.
- Пеккер Я. Б.. Узбекская опера. М.: Музгиз, 1963.
- Корсакова А. Ф.. Узбекский оперный театр: Очерк истории. Ташкент: Гослитиздат УзССР, 1961.
- Афанасьев К.Н.. А. В. Щусев. М.: Стройиздат, 1978.
- Всеобщая история архитектуры: Архитектура СССР. Изд-во Академии архитектуры СССР, 1975 — 395-bet.
Manbalar
tahrir- ↑ „Государственный Академический Большой театр имени Алишера Навои“ (en). www.gabt.uz. Qaraldi: 2017-yil 27-oktyabr.
- ↑ „Большой Театр Оперы и Балета им. Алишера Навои“. 2019-yil 2-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 7-mart.
- ↑ „Tashkent theatres in Uzbekistan: History of theatres, repretoire, famous plays“ (en). www.advantour.com. Qaraldi: 2017-yil 27-oktyabr.
- ↑ „History of the theatre“ (en). gabt.uz. Qaraldi: 2017-yil 27-oktyabr.
- ↑ „На арене "Колизея". Из истории узбекского цирка“ (deadlink). 2015-yil 29-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 7-mart.
- ↑ „Государственный Академический Большой Театр имени Алишера Навои“. 2021-yil 26-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 7-mart.
- ↑ „Самые известные работы архитектора Щусева в Москве: от храмов до метро“. 2016-yil 16-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 7-mart.
- ↑ Хан В. С., Сим Хон Ёнг. Корейцы Центральной Азии: прошлое и настоящее. — М.: МБА, 2014. — С. 95.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |