[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Yunusobod tumani

Koordinatalari: 41°21′29″N 69°17′56″E / 41.35806°N 69.29889°E / 41.35806; 69.29889
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Yunusobod tumani
tuman
41°21′29″N 69°17′56″E / 41.35806°N 69.29889°E / 41.35806; 69.29889
Mamlakat Oʻzbekiston
Shahar Toshkent
Hukumat
Asos solingan 1936-yil
Maydon 40.6 km2 (15.7 kv mi)
Aholisi
 (2023)
366 900[1]
Yunusobod tumani xaritada
Yunusobod tumani
Yunusobod tumani

Yunusobod tumani – Toshkentdagi maʼmuriy-hududiy tumani. 1936-yilda Kirov tumani nomi bilan tashkil qilingan. 1992-yil may oyidan Yunusobod tumani deb ataladi. Zamonaviy Toshkent shahrining oʻn ikki tumanidan biri boʻlib, shaharning shimoliy qismida Amir Temur maydonidan Toshkent halqa yoʻligacha boʻlgan qismida joylashgan. Tuman aholi soni va maydoni boʻyicha Toshkent shahrida ikkinchi oʻrinda turadi. Tuman aholisi 2022-yilda 360,9 ming kishi, maydoni 40,6 km² (turar joy 63,5%, yashil zona – 36,5%), aholi zichligi 8,889 ming kishi/km² ni tashkil etgan.

Yunusobod nomining kelib chiqishi haqida turlicha fikrlar bor. Ayrim tadqiqotchilar (akademik A. Muhammadjonov) fikricha, joyning nomi juda qadmiy boʻlib, asli „Yunusrabot“ deb atalgan. Bu oʻrinda „rabot“ karvonsaroy maʼnosida qoʻllangan. Shimoliy tomondan shaharga kiruvchilar shu joyda dam olib oʻtishgan. Mahalliy ziyolilarning fikricha, joyning nomi sebzorlik tadbirkor Yunushoji Nodirhoji oʻgʻli (XIX asr, Yunusobod Oktepasida bogʻrogʻlari boʻlgan) haqidagi rivoyatlar bilan bogʻliq[2].

Geografik joylashuvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shaharning shimoliy qismida Amir Temur maydonidan Toshkent halqa yoʻligacha choʻzilgan.

Amir Temur shox koʻchasi (sobiq Engels koʻchasi) orqali shahar markazi bilan bogʻlangan. Mazkur prospekt hamda Ahmad Donish koʻchasi hududning asosiy transport yoʻnalishlari hisoblanadi. Ahmad Donish koʻchasi Yunusobodni „Eski shahar“ deb atalgan hudud bilan bogʻlaydi[3].

Tuman aholisi 2009-yilda tuman hokimligi maʼlumotlariga koʻra aholisi 297,7 ming kishiga, maydoni 4,06 ming gektarga teng boʻlib, 441 ta koʻcha mavjud boʻlgan.

Massiv markazi mana shu ikki koʻchaning kesishgan joyida joylashgan. „Universam“ bekati Yunusobodning eng mashhur diqqatga sazovor joyi va yirik Yunusobod bozori hisonlanadi[4].

Tumanning tarixiy kelib chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1936-yil 26-avgustda Toshkent shahrini rayonlashtirish jarayonida Sovet davlat va siyosiy arbobi S. M. Kirov sharafiga Kirovskiy tumani tashkil etildi.

1966-yildagi Toshkent zilzilasida Kirov viloyati qattiq jabr koʻrgan va massivning qurilishiga turtki boʻlgan. Maqsad millionlab kvadrat metr uy-joylarni tezda foydalanishga topshirish edi. Qoraqamish, Sergeli va Yunusobodda yangi shinam mikrorayonlar qurilishi boshlandi. Massivning qurilishi 1968-yilda boshlangan. Ikki yil davomida bu yerda 700 ming kvadrat metr uy-joy qurildi. Avtobus yoʻnalishlari tashkil etildi, tramvay liniyasi tortildi, koʻplab madaniy-maishiy korxonalar barpo etildi. Massiv 70-80-yillarda tezlik bilan rivojlandi.

1992-yil 8-mayda Kirovskiy tumani Yunusobod tumani deb oʻzgartirildi.

Yunusobod tumani uchun keyingi yillardagi eng muhim voqea 2001-yilda Toshkent metropoliteni Yunusobod liniyasining foydalanishga topshirilishi boʻldi. Lekin rejalashtirilgan Yunusobod liniyasi tugallanmadi, Shahriston bekatigacha bitkazildi. 2020-yilda soʼnggi Yunusobod va Turkiston bekatlari bilan liniya toʼliq boʼldi.

Etimologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yunusobod soʻzining etimologiyasi haqida bir qancha taxminlar mavjud. Akademik Muhammadjonovning aytishicha, bu joyning nomi juda qadimiy boʻlib, Yunus asarlaridan kelib chiqqan. Yunusobod hududidagi shahar aholi punktlari deyarli Toshkentning oʻzi kabi qadimiydir. Toshkentning markazida Yunusobod tumanida joylashgan V–XIII asrlarga oid arxeologik Oqtepa yodgorligi arxeologlar orasida juda mashhur. Oqtepa xarobalari keng hunarmandchilik maskanlariga ega qadimiy aholi punktidir[5].

Qal’a Choch hukmdorlarining yozgi qarorgohi boʻlgan. Majmua suvli xandaq bilan oʻralgan boʻlib, u orqali bitta koʻprik oʻtgan. Oqtepa yaxshi mustahkamlangan, ammo arablar tomonidan bosib olingan va vayron qilingan. U qayta tiklangan, ammo XIII asrda mo'g'ullar tomonidan tiklab boʻlmas qilib vayron qilingan.

Tuman tarixining navbatdagi muhim sahifasi Toshkent hukmdori Yunusxoʻja nomi bilan bogʻliq.

XVIII asrda Toshkent shahri mustaqil ravishda toʻrt qismga – Shayxontohur, Sebzor, Koʻkcha va Beshagʻochga dahalariga boʻlingan. Har bir dahaning oʻz hukmdori (hokimi) boʻlgan. Yagona boshqaruv yoʻq edi. Shayxontohur hokimi Yunusxoʻja bunga chek qoʻyishga muvaffaq boʻldi va butun shahar hokimiyatini oʻz qoʻliga oldi. Yunusxoʻjaning buyrugʻi bilan Toshkent yagona qal’a devori bilan oʻraldi. Mashhur oʻn ikkita darvoza qad rostladi. Yunusxoʻja boshchiligida toshkentliklar Katta juzni magʻlub etib, uning butun hududini oʻziga boʻysundirdi. Shunday qilib, Oʻrta Osiyodan Rossiyaga boradigan savdo yoʻllari taʼminlandi.

Yunusxoʻjaning qalʼasi Baland masjidining janubida, ilgari Eski Oʻrda deb atalgan Olmazor hududida, uning qarorgohi esa Yunusobod hududida joylashgan edi. Shuning uchun Yunusobod nomi tarjimada „Yunus shahri“ degan maʼnoni anglatadi[6].

1807-yilda Yunusxoʻja Qoʻqon xonligi bilan boʻlgan urushda halok boʻldi. Toshkentliklar koʻrsatgan itoatsizligi uchun Xon Zolim Olim shaharni talon-taroj qilib, oʻziga boʻysundirdi.

Ijtimoiy sohasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tuman maydoni 4,14 ming gektar boʻlib, shundan koʻkalamzorlashtirilgan maydon 1,073 ming gektarni tashkil etadi. 2004-yilgi hisob boʻyicha aholisi 289,0 ming kishi, koʻchalar soni esa 441 ta boʻlgan. Sharof Rashidov, Amir Temur, Ahmad Donish, Xurshid, Gʻani Mavlonov, Jahon Obidova, Xoʻjayev koʻchalari asosiy magistral koʻchalar hisoblanadi. Tumanda 50 ta mahalla mavjud. Tuman hududida 3547 korxona va tashkilot boʻlib, kichik va oʻrta biznes subʼyektlarining sanoat ishlab chiqarishdagi ulushi 36,3 %, qurilishda 64,2 %, savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 50,9 % ni tashkil etadi. Ular orasida 155 ta qoʻshma korxona faoliyati ishlab chiqarish va aholiga xizmat koʻrsatishga yoʻnaltirilgan.

Sanoat korxonalaridan „Uzbekqishloqmash“, „Yulduz“ tikuvchilik, „Asbobsoz“, „Raupxon“ korxonalari; vagon taʼmirlash zavodlari, kitobjurnal fabrikasi, „Oʻzbekenergotaʼmir“ ishlab chiqarish birlashmalari va boshqalar ishlab turibdi. Chet el investitsiyalari ishtirokida faoliyat koʻrsatayotgan „Dilek interprays“, „Aylin Gida Sanayi“, „Aziya Silk“ shoʻʼba korxonalari, „Rastr“, „Supertekstil“ korxonalari, shuningdek, mebel ishlab chiqaruvchi 3 ta kushma korxona bor.

Yunusobod tumanida 20 ga yaqin ilmiy tadqiqot instituti, loyihalash institutlari, 6 ta litsey, 6 ta kasbhunar kolleji, 4 ta oliy oʻquv yurti, 42 ta umumiy taʼlim maktabi, 3 ta musiqa maktabi, 70 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, 8 ta kasalxona, 40 ta poliklinika va ambulatoriya muassasalari, 1 ta sanatoriya, 2 ta kinoteatr, „Turkiston“ kinokonsert zali, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Oʻzbekiston xalqlari tarixi davlat muzeyi, Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasi, hayvonot bogʻi, „Interkontinental“, „Dedeman Silk Road“, „Sheraton“ mehmonxonalari, Shahidlar xotirasi yodgorlik majmui, 5 ta madaniyat uyi, 12 ta kutubxona, 186 ta sport inshootlari, Olay, Yunusobod bozorlari, 1785 ta savdo, 356 ta umumiy ovqatlanish va 467 ta maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalar aholiga xizmat koʻrsatmoqda. Yunusobod hududida Toshkent teleminorasi joylashgan. Turar joy fondining umumiy foydali maydon 5223 ming m2. Yunusobod tumani hududida Yunusobod metro liniyasining 6 ta – "Yunus Rajabiy", "Abdulla Qodiriy", "Minor", ​​"Shahriston", "Yunusobod", "Turkiston" bekatlari mavjud.