[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Yulgʻun

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yulgʻun, jingʻil — yulgʻundoshlar oilasiga mansub daraxt yoki butalar turkumi. Janubiy Yevropa, Janubiy Afrikaning choʻl, chala choʻllarida va Osiyoda (Hindistongacha) 54 turi tarqalgan. Rossiyaning janubi, Kavkaz, Qozogʻiston va Oʻrta Osiyoning daryo va soy boʻylarida, toʻqay oʻrmonlarida, chakalakzorlarda, koʻl va dengiz qirgʻoqlarida uchraydi. Oʻzbekistonda Androsov Yu.i (Tamarix androssowii), jingʻil (T. laxa), bunge Yu.i (T. bungei), egik Yu. (T. hispida) va shahrik. 12 turi oʻsadi. Oʻzbekistonda 250 ming ga Yu. changalzorlari bor. Butasimon Yu.ning boʻyi 1—3 m, daraxtsimonlariniki 6— 8 m. Barglari mayda tangacha yoki qipiqsimon, gullari mayda oq, och pushti, binafsha rang, uzun shingilsimon toʻpgulga yigʻilgan. Mevasi 3—5 pallali koʻsakcha. Yu. yorugʻsevar, qurgʻoqchilikka, shoʻrxokka, zaxlikka chidamli oʻsimlik. 40—50 yilgacha yashaydi. 40,2° sovuqqa bardosh beradi. Yu. yoqilgʻi, koʻchma qumlarni mustahkamlash uchun ekiladi, yogʻochidan tokarlikda va oʻymakorlik ishlarida foydalaniladi, novdasidan turli buyumlar toʻqiladi. Poʻstlogʻida boʻyovchi va oshlovchi moddalar bor. Yu. yaxshi asal beruvchi oʻsimlik, baʼzi turlari manzarali. Tez oʻsadi, urugʻi, ildiz bachkisi va qalamchalaridan koʻpaytiriladi.