[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Yulduz atmosferasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yulduz atmosferasi — yulduzning nurlanish spektri paydo boʻladigan tashqi qatlami. Bunday qatlam avval Quyoshda kashf etilgan. Atmosfera tufayli Quyosh gardishida yorqinlik bir tekis tarqalmagan va Quyosh spektrida yutilish chiziqlari yaxshi kuzatiladi. Yulduz atmosferasining kimyoviy tuzilishi hamma yulduzlarda bir xil, ammo atmosferaning maxsus tuzilishlari bilan bogʻliq boʻlgan chetga chiqishlar (magnit yulduzlari, qoʻshaloq yulduzlar va boshqalarda) ham kuzatiladi.

Yulduzning ichki qatlamlaridan kelayotgan energiya uning atmosferasi orqali oʻtadi hamda nuriy muvozanatga boʻysunuvchi yutilish va sochilishlari yoʻli bilan tarqaladi. Yulduz atmosferasi spektral asboblar yordamida tekshirilib, kimyoviy tarkibi, temperaturasi, modda zichligi, harakat tezligi, yulduzning oʻz oʻqi atrofida aylanishi va boshqalar koʻrsatkichlar aniqlanadi. Yulduz atmosferasi ning tabiati uni tashkil etuvchi atomlarning tarkibiga, ichki qatlamlardan kelayotgan energiya oqimining quvvatiga bogʻliq. Ichki qatlamdan chiqayotgan nur t u tash spektrga ega. Bu nur atmosferada sochilish va yutilish jarayonlariga uchrashi sababli tutash spektrning ayrim qismlari xiralashadi, ikkinchidan uning yuziga atmosferani tashkil etuvchi atomlarning yutish chiziqlari tushadi. Yulduz atmosferasining bu qismi fotosfera deb ataladi. Fotosfera ustida xromosfera joylashgan. Xromosfera turli spektral chiziqlarda xira nur sochadi. Turli xil yulduzlarda fotosfera va xromosfera turlicha rol oʻynaydi. Yulduz atmosferasi yulduzning energetik rejimini boshqarib turadi. Atmosfera tufayli yulduz birdaniga sovib ketmaydi. Hozirgi davrda turlI xil Yulduz atmosferasi oʻrganilgan va ularning nazariy modellari yaratilgan (yana qarang Galaktika, Yulduzlar).