[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Sarkazm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sarkazm (yun. sarkasmos, sarkaro — aynan: goʻshtni nimtalayman, porapora qilaman) — komiklik turi, badiiy uslub vositalaridan biri; mas’haralab murosasiz kulgi asosiga qurilgan fikrmulohaza. Zaharxanda, istehzoli achchiq kinoya. Biroq Sarkazmda obʼyektga munosabat kinoyadagidek „yuvosh, beozor“, „hazil“ shaklida boʻlmaydi, aksincha qahr-gʻazab, nafrat ohangi sezilib turadi. Unda obʼyektni yer bilan yakson etuvchi, uyaltiruvchi haqoratomuz maʼnolar ifodalanadi. Sarkazmda kinoyaga xos 2 maʼnolilik mavjud boʻladi va shu xususiyati bilan toʻgʻridan toʻgʻri ayblanuvchi yoki haqorat etuvchi nuqtalardan farqlanadi. Fosh etish Sarkazmning harakterli xususiyatlaridan boʻlsada, rad etish uning asosiy mohiyati. Bunga koʻra, Sarkazm kinoyadan va uning askiya, maynabozchilik, mazax, piching, tahqirlovchi kulgi kabi turlaridan yuqori turadi. Sarkazm lirik va dramatik janrlarda, publitsistika, yumoristik va hajviy asarlarda, shuningdek, notiqlik sanʼatida keng qoʻllanadi. Adabiyotshunoslikda Sarkazm antik davrdan maʼlum. J.Svift, Servantes, Gogol, Saltikov Shchedrin, Mayakovskiy, Hamza, Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Gʻafur Gʻulom, Said Ahmad va Muqumiy boshqalar Sarkazmdan samarali foydalanganlar[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil