[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Ona suti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ona suti, koʻkrak suti — emizikli ayolning sut bezlari ishlab chiqaradigan suyuqlik (sekret). Ona suti goʻdak uchun eng yaxshi ozuqa hisoblanadi, chunki bu davrda u tarkibi va oziq moddalar nisbatiga koʻra goʻdakning ovqat hazm qilish va moddalar almashinuvi xususiyatlariga mos keladi. Ona bilan bola oʻrtasida homiladorlikning dastlabki kunlaridan boshlaboq "Ona—yoʻldosh—homila" tarzida oʻzaro mustahkam aloqa bogʻlanadi, bola dunyoga kelgach esa bu munosabat "Ona — koʻkrak suti — bola" tariqasida davom etadi. Shu uzviylik tufayli bola onadan kerakli ozuqa va biologik faol moddalarni oladi, shuningdek, ona bilan bola oʻrtasida mehr rishtalari bogʻlanadi.

Ona suti haqidagi dastlabki maʼlumotlar Ibm Sino qoʻlyozmalarida ham qayd etilgan. U ona sutini quyosh nuriga qiyos qilgan, chunki yer yuzidagi barcha tirik mavjudot (oʻsimliklar dunyosi) uchun quyosh nuri qanchalik zarur boʻlsa, oʻsayotgan murgʻak uchun ham ona suti shunchalik zarur.

Bola tugʻilgandan soʻng, dastlabki 2—3 kunda onaning sut bezlari sargimtir rangli suyuqlik — ogʻiz suti ajratadi. U, endigina dunyoga kelgan murgʻakka eng zarur ovqat; unda oqsil, tuz, shuningdek, yogʻ tomchilari boʻladi. Yangi tugʻilgan chaqaloq, ona koʻkragiga qancha erta tutilsa, shuncha koʻp ogʻiz sutidan bahramand boʻladi. Shuning uchup ham onaning koʻzi yorishi bilan dastlabki 20—30 daqiqada chaqaloqni onasining koʻksiga yotqizib, har ikki koʻkrakdan emizishga yordamlashish maqsadga muvofiq. Ilk soatdagi bir lahzali "badanma-badan" jismiy yaqinlik ona bilan murgʻak oʻrtasidagi aloqani yanada mustahkamlaydi. Tugʻruqdan keyingi birinchi hafta oxiridan yogʻlarga boy boʻlgan oʻtkinchi sut, 2—4 haftadan keyin doimiy sifatli sut paydo boʻladi. Yetilgan ona suti tarkibida barcha zarur oziq modlalar va vitaminlar bor; ular toʻliq hazm boʻlish va singish xususiyatiga ega.

Ona suti yengil hazm boʻladigan, toʻyimli, turli mikroblardan xoli, pishirish va isitishni talab qilmaydigan tayyor ozuqa. Unda 100 dan ortiq kerakli moddalar boʻlib, u faqat miqdor jihatidan emas, balki sifat jihatidan ham bolaning yoshiga, sogʻligiga mos keladi. Ona sutidagi oqsil, yogʻ, uglevodlar tarkibi yangi tugʻilgan bola organizmidagi xuddi shunday moddalar tarkibiga yaqin turadi. Ona sutida oqsil, yogʻ, uglevodlar 1:3:6 nisbatda boʻladi va bola ehtiyojini toʻla qoplaydi. Sut oqsillari juda toʻyimli va chaqaloq ichagida yengil hazm boʻladi. Yogʻlar ham emulsiya holida boʻlgani uchun toʻla-toʻkis soʻrilib ketadi. Ona suti tarkibidagi uglevodlar ozuqali xususiyatidan tashqari, ichaklarda mikroblarning oʻsishiga toʻsqinlik qiladi va shu tariqa ovqat hazm boʻlishini osonlashtiradi. Ona sutida zarur miqdorda tuzlar, ayniqsa kaltsiy va fosfor tuzlari boʻladi, ular bola skeletining toʻgri shakllanishi va rivojlanishi uchun g`oyat muhim. Ona sutidagi mineral moddalar va vitaminlar oʻsayotgan bola ehtiyojiga mos keladi va organizmda yaxshi singishi bilan sigir sutidagi shunday moddalardan farq qiladi.

Ona sutidagi temir moddasining axamiyati nihoyatda katta, uning oʻzlashtirilishi ona sutida odatda 70%ni tashkil etsa, sigir sutida 30%, aralashmalarda esa 10%ni tashkil etadi. Sog`lom onadan tug`ilgan sog`lom bolalarda temir zaxirasining yetishmagan qismi ona suti hisobiga toʻldiriladi, lekin bola, ona sutidan sigir suti yoki aralashmaga oʻtkazilsa unda kamqonlik rivojlanishi mumkin.

Ona sutida vitaminlar miqtori tez oʻzgaruvchan boʻlishiga qaramay bola extiyojini dastlabki oylarida toʻliq qoplaydi. Ona sutida "O" vitamini uncha koʻp emas, shuning uchun emizikli chaqaloqni oʻz vaqtida toza havoga, quyosh nuriga olib chiqib turilsa, bolaning "O" vitaminga boʻlgan ehtiyoji toʻla-toʻkis qondiriladi.

Ona suti turli kasallik viruslari va mikroblariga qarshi moddalar — antitelolarga boy boʻladi. Bolani emizganda iloji boricha koʻkrakda yigʻilgan hamma sutni bola bir emganda tugatishiga harakat qilish lozim, aks holda, bola oʻziga kerakli sutning yuqori kaloriyali qismini ololmaydi, goʻdakni emizib boʻlgach, koʻkrakda qolgan sutni, hatto u kam boʻlsa-da, oxirgi tomchisigacha sogʻib olish lozim, bu sut koʻpayishiga yordam beradi.

Tadqiqotlarning koʻrsatishicha, ona suti bolani rak kasalliklaridan saqlaydi, uning bu jihatini oʻrgangan olimlar, rakka qarshi dori ishlab chiqarishda bundan foydalanish mumkinligini aytishmokda.

Bola ona sutidan ajratilsa va sigir suti yoki sutli aralashmalar bilan boqilsa, u muhim himoya omillaridan mahrum boʻladi, bu bolaning ichi ketishi, ovqat hazm qilish tizimining buzilishi singari noxushliklarga olib keladi. Ona suti onaning oʻzini ham turli kasalliklardan saqlaidi; mastshp, sut bezlari raki, ginekologik kasalliklar bolani koʻkragi bilan emizmagan ayollarda 20—25 barobar koʻp uchraydi. Bolani koʻkrak suti berib boqqan onalarda kamqonlik kam kuzatiladi.

Kuzatuvlarga koʻra, ona sutiga, ona organizmiga tushadigan hamma moddalar oʻtadi, shunga koʻra emizikli ayol oʻz ovqagiga katta eʼtibor berishi, u toʻgri va toʻyimli ovqatlanishi, yetarli miqdorda suyuqlik, meva sharbatlari ichib turishi, sof havodan bahramand boʻlishi, tiniqib uxlashi lozim.

Shuhrat Tursunov.