[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Hamas

Vikipediya, ochiq ensiklopediya


Hamas

Hamas (arabcha: حماس ALA-LC romanizatsiyasi: Ḥamās) yagona islom davlati barpo etishni maqsad qilgan Falastindagi guruhdir. Bu guruh 1988-yilda Musulmon birodarlar tashkilotining harbiy qanoti sifatida aniqlangan. Hamas Isroil hukumati tomonidan 1989-yilda noqonuniy tashkilot sifatida eʼlon qilingan.

Vujudga kelishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eron Islom Respublikasining gʻoyaviy harakatlari taʼsirida Hamas 1987-yilda gʻarbiy sohil va gʻazo sektorining Isroil tomonidan bosib olinishiga qarshi Falastinliklar isyoni oqibatida tashkil etilgan. Gʻarbiy sohil va Gʻazo sektorida maktablarni, ijtimoiy himoya markazlarini, shifoxonalarni va boshqa xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirgan Musulmon birodarlar tashkiloti Isroil okkupatsiyasiga qarshi kurashda toʻgʻridan-toʻgʻri aloqador boʻlmaslikni tanladi. Shu sababli Hamas musulmon birodarlar tashkilotining harbiy qanoti sifatida Ahmad Yosin etakchiligi ostida tashkil etildi. U siyosiy qanot, razvedka yigʻish guruhi va harbiy qanot kabi 3 organdan tashkil topgan. Hamas Falastinliklarni sekulyarizatsiya va Falastin Ozodlik Tashkiloti (FOT) kabi dunyoviy milliy tashkilotlarga aʼzo boʻlishdan voz kechishga chaqirdi. Buning oʻrniga u Isroilga qarshi doimiy harakat tuzishga va FOTning dunyoviy xususiyatini oʻzgartirishga harakat qildi. Hamas birinchi navbatda Gʻarbiy sohil va Gʻazo sektoridagi falastinliklarni Isroilga qarshi kurashga daʼvat qildi va Isroilga qarshi ishchilar namoyishlarini boshqardi.

1989-yilda Hamas aʼzolari Isroilga qilgan hujumlarida 2 isroillik askarni oʻldirdi. Bunga javoban Isroil Hamasni noqonuniy tashkilot deb eʼlon qildi va Yosinni hibsga olgan. Bir qancha hujmlardan soʻng, 1992-yilda Isroil 400 dan ziyod Hamas aʼzolarini quvgʻin qildi. 1993-yil sentabrda Isroil hukumati va FOT oʻrtasida Gʻazo sektoridagi va Gʻarbiy sohilning ayrim qismidagi falastinliklarga „cheklangan oʻz-oʻzini boshqarish“ huquqini berish toʻgʻrisida kelishuv imzolandi. Oʻz navbatida FOT Isroilning „mavjudlik“ huquqini tan oldi. Hamas esa bu kelishuvni rad etib, Gʻazo sektori va Gʻarbiy Sohildagi isroillik istiqomat qiluvchilarga, shuningdek, Isroilga qarshi kurashga boshchilik qilishda davom etdi.

Aʼzolik va moliyalashtirish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hamas tashkiloti aʼzolari 2000-yilgacha 10,000 tadan ortiqroq edi. Gʻazo sektori va Gʻarbiy sohilning taxminan 18 % aholisi bu guruhning siyosiy qarashlarini qoʻllab-quvvatlardi. 2000-yilning sentabr oyidagi Falastinliklarning yangi isyonidan soʻng esa Hamasni qoʻllab-quvvatlovchilar soni 25 % dan ziyodga oʻsdi. Bugungi kunda ularning daʼvatlari Gʻarbiy sohilga nisbatan Gʻazo sektoridagi aholi tomonidan koʻproq qoʻllab-quvvatlanmoqda. Hamas aʼzolari asosan diniy liderlar, shayxlar, intelektuallar, tadbirkorlar, yosh faollar, aktivistlar va jangchilardan tashkil topgan. Masjid va diniy tashkilotlar oʻz daʼvatlarini tarqatishda Hamasning eng muhim vositasi hisoblanadi va kambagʻallarga ijtimoiy xizmatlarni taʼminlash orqali mahalliy aholini safarbar qilishga erishadi. Guruhni moliyalashtirish qisman oʻz aʼzolari tomonidan amalga oshiriladi, ammo aksariyat moliyaviy yordamlar xorijdan keladi. Moliyalar Hamas va uning siyosiy faoliyati bilan bir qatorda, Gʻarbiy sohil va Gʻazo sektori infratuzilmasini tiklashga, Falastinda ish joylari va tadbirkorlikni barpo etishga sarflanadi.