[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Kostroma viloyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kostroma viloyati – Rossiya Federatsiyasidagi viloyat, 1944-yil 13-avgustda tashqil etilgan. Maydoni 60,1 ming km². Aholisi 786,3 ming kishi (2000), asosan, ruslar. Shaharliklar 66%, 24 tumanga boʻlingan; 12 shahar, 8 shaharcha bor (1998). Markazi – Kostroma shahri.[1]

Kostroma viloyati hududi past-baland tekislik. Fapbida Kostroma pasttekisligi, markazida Galich-Chuxloma qirlari va Unja pasttekisligi, shimoli-sharqida Shimoliy Uvallar bor. Foydali qazilmalari: yonuvchi slanetslar, torf, fosforit, sapropel. Iqlimi moʻʼtadil kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi janubi-gʻarbda – 11,7° dan shimoli-sharqda – 14,2° gacha, iyulniki janubi-gʻarbda 17,9° dan shimoli-sharqda 17,6° gacha. Yillik yogʻin 550–600 mm.[1]

Vegetatsiya davri 110–140 kun. Viloyat hududidan Volga, Kostroma, Unja, Vetluga daryolari oqib oʻtadi. Yirik koʻllari: Galich va Chuxloma. Tuprogʻi chimli podzol, chimli, qumoqli, qumli va qumloqli, torf-botqoq, allyuvial tuproqlar.[1]

Viloyat iqtisodiyotida oʻrmon xoʻjaligi (oʻrmonlar viloyat hududining 60% ni egallaydi) yetakchi oʻrinda. Yogʻochtola va yogʻoch qirindidan ishlangan plitalar, karton ishlab chiqariladi. Yirik oʻrmon sanoat xoʻjaliklari: Manturovo, Buy, Galich va boshqa Sharyada uysozlik kombinati, Neya, Manturovo shahrida yogʻochsozlik zavodlari, Kostroma, Manturovo shahrida fanera zavodlari, Aleksandrove shahrida qogʻoz fabrikasi ishlab turibdi. Mashinasozlik korxonalarida metall kesuvchi, yogʻochsozlik stanoklari, eksqavator, yigiruv mashinalari ishlab chiqariladi. Mashinasozlikning yirik zavodlari – eksqavator, kemasozlik-mexanika, toʻqimachilik mashinalari, stanoksozlik, "Stroymashina" zavodlari, "Motordetal", "Avtoliniya", "Kostromatekstilmash" va boshqa korxonalar. Qurilish materiallari sanoati yigʻma temir-beton konstruksiyalar va detallar, qurilish gʻishti, oyna-shisha, shagʻal ishlab chiqaradi. Oziqovqat sanoatida moy, pishloq zavodlari,, yirik yorma fabrikalari, goʻsht kombinatlari bor. Zigʻir tola sanoati mahalliy xom ashyo asosida rivojlanmokda (Kostroma, Nerexta). Yengil sanoatda tikuvchilik, trikotaj, poyabzal tarmoqlari mavjud. Xalq zargarlik sanʼati mashhur. Kostroma GRES elektr energiya bilan taʼminlaydi. Qishloq xoʻjaligida bugʻdoy, javdar, arpa, suli, yem-xashak ekinlari, tolali zigʻir ekiladi. Kartoshkachilik va sabzavotchilik bilan shugʻullaniladi. Sut, sut-goʻsht chorvachiligi, qoʻychilik, choʻch-qachilik, parrandachilik rivojlangan. Volga, Kostroma daryolarida kema qatnaydi. Soligalich kurorta bor.[1]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 "Kostroma viloyati" OʻzME. K-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil