[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Epiteliy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Epiteliy (epi... va yun. — soʻrgʻich), epiteliy toʻqimasi — koʻp hujayrali hayvonlarda — tanani va tana boʻshligʻini qoplab turuvchi, koʻpchilik bezlarning asosiy funksional tarkibini tashkil etuvchi toʻqima. Embriogenezda Epiteliy har uchchala murtak varaqlaridan hosil boʻladi va tana qoplogʻichi, ularning hosilalari hamda koʻpchilik bezlarning hosil boʻlishida qatnashadi. Epiteliy tez eskirib qolishi tufayli kuchli regeneratsiya qilish xususiyatiga ega. Epiteliy bazal membrana bilan chegaralangan, unda tomirlar boʻlmaydi; oziq moddalarni unga yaqin joylashgan biriktiruvchi toʻqimadan oladi. Epiteliy cheklovchi, himoya, moddalar almashinuvi (soʻrish, ajratish), sekret ajratish funksiyasini bajaradi. Funksiyasiga binoan, qoplovchi va sekretor Epiteliyga ajratiladi. Qoplovchi Epiteliy, oʻz navbatida, bir qavatli, koʻp qavatli va oraliq qavatli boʻladi. Bir qavatli Epiteliy hujayralari bazal membrana bilan bogʻlangan (oshqozon va ichak devori, mezoteliy tana boʻshligʻini oʻrab turadigan Epiteliy). Koʻp qavatli Epiteliyning faqat ichki qavati bazal membrana bilan qoplangan (teri Epiteliysi), oraliq (2 qavatli) Epiteliyning tashqi koʻrinishi organ devori choʻzilishiga qarab oʻzgarib turadi (mas, qovuq, siydik chiqarish yoʻli Epiteliysi). Sekretor Epiteliy esa bezlarda boʻladi. Epiteliy hujayrasining tuzilishi uning sekretorlik funksiyasi bilan bogʻliq.

Epiteliy shakliga binoan, yassi, kubsimon va silindrsimon boʻladi. Shimuvchi Epiteliy hujayrasi sirti tuksimon jiyakli, hilpillovchi Epiteliyda hilpillovchi kipriklar boʻladi. Himoya funksisini bajaruvchi Epiteliy uchun muguzlashish xususiyati, bezli epiteliy uchun donador endoplazmatik toʻr va Golji kompleksining rivojlanishi xos.

Oʻsimliklarda Epiteliy — ignabarglilarning mum yoʻllari va soyabonguldoshlarga mansub oʻsimliklarning moy chiqarish yoʻllarini oʻrab turadigan hujayralar.