[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Ekologik omillar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ekologik omillar — atrof muhitning organizmlar faoliyatiga oʻziga xos taʼsir etuvchi maʼlum sharoitlari va elementlari majmui. Ekologik omillar 2 katta guruh — abiotik va biotik omillarga boʻlinadi. Ekologiyada „cheklovchi omillar“ tushunchasi ham mavjud, ular tarkibiga organizmlar mavjudligi va rivojlanishini cheklovchi har qanday omilni kiritish mumkin.

Tirik organizmlarga taʼsir etuvchi muhitning har qanday boʻlaklari ekologik omillar deyiladi.

Muhit — quruqlik, suv, havo va yer osti qismlaridan iborat. Tashqi muhit tushunchasidan tashqari yashash sharoitlari degan tushuncha ham mavjud boʻlib, bu tushunchaga organizmning yashashi uchun zarur boʻlgan elementlar yoki omillardan yorugʻlik, issiqlik, suv, oziqlanish va shu kabilar kiradi. 1933-yilda D.N.Kashkarov muhit omillarini 3 guruh (iqlim, edafik va biotik)ga boʻladi. Keyinchalik 1950-yilda Alyoxin ekologik omillarni iqlim, edafik, orografik, biotik, antropogen va tarixiy guruhlarga ajratib oʻrganishni taklif qiladi.

Ekologik omillar 3 ta asosiy guruhga boʻlinadi:

1. Abiotik omillar — anorganik tabiat sharoitining yoki oʻlik tabiatning yigʻindisi. Bularga harorat, yorugʻlik, namlik, suv, tuproq, relyef kiradi.

2. Biotik omillar: Bunga tirik tabiat elementlari (tirik organizmlarning bir-biriga va yashash muhitiga taʼsiri) kiradi. Biotik omillar fitogen va zoogen omillarga boʻlinadi. Fitogen omillar deganda yuksak va tuban oʻsimliklarning organizmga taʼsiri eʼtiborga olinsa, zoogen omillar deganda esa organizmga barcha hayvonlarning taʼsiri nazarda tutiladi.

3. Antropogen omillar — bu inson faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan omillar, yaʼni odamlarning oʻsimlik va hayvon turlari yoki ular guruhlarining tuzilishiga koʻrsatgan taʼsiridir. Tirik organizmlarga juda koʻp omillar taʼsir koʻrsatadi.

Ana shu omillarning ayrim organizmlarga koʻrsatgan taʼsiri natijasi esa xilma-xildir. Omilning organizm hayoti uchun eng qulay darajasi — optimal daraja deyiladi. Har qanday ekologik omillarning eng yuqori darajasi maksimum va eng quyi darajasi minimum boʻladi. Tabiiyki, har bir tirik organizm uchun u yoki bu ekologik omilning oʻz maksimumi, minimumi va optimumi boʻladi. Chunonchi, uy pashshasi 7° dan 0° gacha yashashi mumkin. Ular uchun yashashning optimum darajasi 36—40° ni tashkil etadi. Shuni ham taʼkidlash zarurki, ekologik omillar organizmlarga kompleks taʼsir etgandagina ular yuqori natija beradi.