[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Devalvatsiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Devalvatsiya (de va lot. valeo — qiymat) — milliy pul birligi kursining chet el valyutalari (erkin almashtiriladigan valyutalar, xalqaro hisob birliklari)ga nisbatan pasaytirilishi. D. davlat tomonidan rasmiy ravishda eʼlon qilinadi va qonunchilik asosida amalga oshiriladi. D. mamlakat savdo va toʻlov balansining keskin yomonlashuvi, valyuta rezervining holdan toyishi, xalqaro valyuta bozorlarida milliy valyuta kursining pasayishi bilan bogʻliq holda yuz beradi. Uning ochiq D. (D. hukumat tomonidan qonun yoʻli bilan rasman eʼtirof qilinadi, eski qogʻoz pulning bir qismi muomaladan chiqariladi yoki kadrsizlangan pul almashtiriladi) va yashirin D. (qogʻoz pulning qadrsizlanishi, oltin taʼminotining kamayishi yuz beradi, lekin pulning bir qismi muomaladan olinmaydi) koʻrinishlari bor. 1978-yilgacha jahon mamlakatlari valyutalarining rasmiy qiymati ularning oltin taʼminotini taqqoslash orqali aniqlanar edi. 20-asrning 70-y.lari oxiridan (xalqaro kelishuvga muvofiq) barcha qadri baland valyutalardagi oltin nisbatlari bekor qilindi va D. u yoki bu chet el valyutasi (odatda, AQSH dollari, Germaniya markasi, ingliz funt sterlingi va b.)ga nisbatan pasaytirish yoʻli bilan amalga oshiriladigan boʻldi. Masalan, 1990-yil 1 noyabr dan sobiq Ittifoqda amalda boʻlgan rubl AQSH dollariga nisbatan 1,8=1 dollar nisbatida D. qilindi.

D. hodisasi hozirgi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarning bankmoliya tizimida tez-tez uchrab turadi. 1998-yilda Jan.-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, Yaponiya, Rossiya va b.da yuz bergan moliyaviy tanglik oqibatida bu mamlakatlarning milliy valyutalari dollarga nisbatan qisman D. qilindi (yana q. Revalvatsiya).

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil