Astrofotografiya
Astrofotografiya (ostro… vo fotografiya) – Astronomik kuzatuvlar usuli; osmon yoritqichlarini fotografik yoʻl bilan suratga olishga asoslangan. Astrofotografiya kosmik jismlarning nisbiy koordinatalari va harakatlarini aniqlash, parallaksii oʻlchash, Quyoshning toʻla tutilishi paytlarida Eynshteyn effektini kuzatish va boshqa qator masalalar bilan shugʻullanadi, astrofizika, yulduz astronomiyasi va osmon mexanikasiga oid zarur maʼlumotlarni beradi. Teleskop yordamida koʻzga koʻrinmaydigan juda xira kosmik jismlarni ham fotografik yoʻl bilan suratga olish mumkin. Ultrabinafsha va infraqizil nurlarga juda sezgir fotoemulsiya ixtiro qilinganidan keyin Koinotni oʻrganishga keng yoʻl ochildi. Bir vaqtning oʻzida bir qancha kosmik jismlar yoki obyektning toʻla tasvirini olish fotografik kuzatish usulining muhim xususiyatlaridan biridir. Fotosurat olingandan keyin uni sinchiklab oʻrganib, yulduzlar xaritasi va katalogi, Quyosh, Oy, sayyoralar, kometalar, tumanliklar, galaktikalar va boshqa kosmik jismlar haqida yangi-yangi maʼlumotlar olinadi. Fotografiya, dastlab, Quyosh va Oyning suratini olishda ishlatildi. Quruq fotoemul-siya paydo boʻlganidan soʻnggina yulduz va tumanliklarning fotosuratini olish imkoniyati tugʻildi. 1891-yilda fotografik usul bilan birinchi kichik sayyora ochildi.
Kometa va asteroidlarning deyarli hammasi Astrofotografiya usuli bilan kashf qilinadi. Fotografik usulning astrofizikada qoʻllanishi muhim maʼlumotlarni olishga va uning keskin rivojlanishiga imkon berdi. Yulduz qanchalik ravshan boʻlsa, fototasvirning diametri shunchalik katta va qoramtir boʻladi. Fotografiyaning bu xususiyati tufayli fotometriya paydo boʻldi (qarang Astrofotometriya)[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Список полных солнечных затмений, что были зафиксированы
- История первых астрофотографий (Wayback Machine saytida 2010-09-02 sanasida arxivlangan)
- История астрофотографии
- История астрофотографии (подробно на португальском)
- КРАТКАЯ ИСТОРИЯ АСТРОФОТОГРАФИИ В ПУЛКОВЕ (Wayback Machine saytida 2011-07-08 sanasida arxivlangan)
- Maʻlumotlar ambori (Wayback Machine saytida 2019-11-28 sanasida arxivlangan)
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |