[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Ammonitlar (molyuskalar turkumi)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ammonitlar (Ammonoidea) – bosh-oyoqli mollyuskalar turkumi. Devon davrida paydo boʻlib, trias hamda yura davrlarida keng tarqalgan. Boʻr davrining oxirida qirilib ketgan. Ammonitlar tanasi diametri 1 m gacha boʻlgan yassi spiral koʻp kamerali chigʻanoq ichiga joylashgan. Chigʻanogʻining birinchi kamerasida hayvon tanasi joylashgan, boshqa kameralari havo bilan toʻlgan boʻlib, yumshoq oʻsimta – ingichka naycha orqali tutashgan. Halok boʻlgan ammonitlarning chigʻanogʻi vaqt oʻtishi bilan choʻkindi jinslar bilan toʻlib, toshga aylangan. Uning toshga aylangan shakli hozirgacha saqlanib qolgan. Ammonitlar, asosan, dengizda yashagan, shuning uchun ular qoldiqlari topilgan joy dengiz boʻlganidan darak beradi. Jumladan, Oʻzbekistonning janubiy qismida oʻrta va yuqori yura davrida katta dengiz havzasi boʻlgan. Ammonitlarni oʻrganish geologiyada katta ahamiyatga ega. Ammonitlarning tarqalishiga qarab yerning ustki qobigʻi yaruslarga boʻlinadi va qatlamlarning yoshi aniqlanadi. Masalan, Janubiy Oʻzbekiston va Turkmanistonning geologik yoshi ammonitlar yordamida aniqlangan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil