Lutfiy
Bu maqolaning betarafligi shubha ostidadir. Batafsilroq maʼlumot uchun maqola munozarasiga qarang. (2024-10) |
Lutfiy (1366-yil, Hirot – 1465-yil) yoki Mavlono Lutfiy — oʻzbek shoiri, orif va mutafakkir. Oʻz zamonining „malik ul-kalomi“.
Hayoti
tahrirYaqin vaqtlargacha Lutfiyning tavallud topgan va vafot etgan joyi Hirotning Deqikanor mavzei deb koʻrsatib kelingan. Shayx Ahmad Taroziyning Mirzo Ulugʻbekka bagʻishlab yozilgan „Funun ul-balogʻa“ asari topilgach, undagi „maʼdan ul-latoyif Lutfiyi Shoshiy“ jumlalariga asoslanib, Lutfiyning ona vatani Toshkent boʻlgan, degan fikr ham ilgari surildi.
Lutfiyning hayot yoʻli singari, ijodiy taqdiri ham juda ibratli: u 99 yil yashagan. Umrining asosiy qismi oʻqish, oʻrganish va badiiy ijod mehnati bilan oʻtgan. Shoir hayotiga oid lavhalar Alisher Navoiyning „Majolisun-nafois“, „Holoti Sayid Hasan Ardasher“, „Nasoyimul-muhabbat“, Xondamirning „Makorimul-axloq“ kabi asarlarida bor. Navoiyning „Majolis unnafois“ tazkirasida maʼlumot berilishicha, Lutfiy umrining oxirlarida „oftob“ radifli bir sheʼr yozgan, oʻsha zamonning koʻp shoirlari unga tatabbuʼ qilganlar, ammo ulardan hech biri Lutfiyning „panjasiga panja“ ura olmaganlar. Navoiyning yozishicha, Lutfiy 90 yoshdan oʻtganda, Abdurahmon Jomiy otigʻa radifi „suxan“ sajʼ qasidaye aytib erdiki, zamon xushgoʻylari barcha xoʻbliqqa musallam" tutmishlar („Nasoyim ul-muhabbat“).
Lutfiy ham zohiriy-dunyoviy, ham diniy tasavvufiy ilmlarni chuqur egallagan, davr va zamoniga ochiq nazar bilan qarashga qodir, haqiqat va maʼrifatga sodiq ijodkor edi. Navoiy soʻzi bilan aytganda, u forsiy va turkiyda naziri yoʻq“ shoir boʻlgan. Lutfiy garchi oʻz ona tili — turkiy tilda yaratilgan sheʼrlari bilan mashhurlikka yetishgan boʻlsada, forsiyda ham oʻzining shoirlik iqtidori va mahoratiga koʻpchilikni iqror eta olgan. Ikkinchidan, Lutfiy sheʼriyat bilan tariqatni, majoz bilan haqiqatni uygʻunlashtirgan edi. Ammo u soʻnggi nafasigacha shoirlik burchi va ilhomiga sodiq qolib, oʻzbek sheʼriyati xazinasini biri biridan qimmatli nazm durdonalari bilan boyitdi. Shu bilan bir qatorda, shoirlik nechogʻlik „maʼruf va mashhur“ boʻlmasin, „darveshlik tariqini dagʻi ilikdan“ (Navoiy) chiqarmagan edi. Xuddiki shu narsa uning nafaqat oʻz zamondoshlari va ijod ahli orasida, balki davr hukmdorlari oldida ham yuqori mavqega koʻtarilishiga bir asos boʻlgan.
Lutfiy ijodi
tahrirHaqiqatdan ham Lutfiyning sheʼriyati — xilma-xil shakllardan tarkib topgan mazmundor, rangin sheʼriyat. Bizgacha shoirning 16–20-asrlar mobaynida koʻchirilgan turkiy devonining 33 qoʻlyozma nusxasi yetib kelgan boʻlib, ular Toshkent, Dushanba, Istanbul, Tehron, London, Parij, Sankt-Peterburg kutubxonalari va qoʻlyozma fondlarida saqlanadi. Olim E. Ahmadxoʻjayevning aniqlashi boʻyicha, Lutfiy qalamiga mansub sheʼrlarning umumiy miqdori 2774 bayt yoki 5548 misradan ortiq. Ularning katta qismi (2086 bayti) gʻazal janrida yozilgan. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Lutfiy gʻazalnavis sifatida Sharq adabiyotida barqarorlashgan adabiy-estetik anʼanalar bilan xalq ogʻzaki ijodiyoti tajriba tamoyili va usullarini nihoyatda mohirlik bilan muvofiqlashtirgan. Shu boisdan ham uning gʻazallarida milliy his-tuygʻular nurlanib, insoniy dard, armon, qaygʻu va shodlik tasviri takrorsiz bir taʼsirchanlik kasb etgan. Lutfiy nainki gʻazallarida, ruboiy, tuyuq, qitʼa, fardga oʻxshash boshqa janrlardagi sheʼrlarida ham nafosat hissi shakllangan, did va saviyasi baland kishilarning – zukko va hayotsevar xalq vakillarining fikr-u tuygʻularini tarannum etgan. Shoirning: Sensan sevarim, xoh inon, xoh inonma, Qondur jigarim, xoh inon xoh inonma, — kabi misralari sodda, ogʻzaki nutqqa yaqin va kitobiy bezakdorlikdan yiroq va samimiy tarzda yozilgan.
Lutfiy devonidagi bosh mavzu ishq va asosiy maqsad oshiqning kasb-u holini tasvirlashdan iborat boʻlsada, shoir deyarli har bir sheʼrida mavzuga yangicha yondashib, betakror ohanglar yaratadi, mohiyatiga mos poetik obrazlar topadi, bir-biriga oʻxshamaydigan badiiy sanʼatlarni qoʻllaydi. Lutfiy devonida tashbeh, talmeh, tazod, iyhom, xususan, irsoli masal sanʼati namoyon boʻlgan. Lutfiy ruboiy, tuyuq, qitʼalarini ham sanʼat namunasi maqomiga koʻtara olgan.
Yaqin-yaqingacha „Gul va Navroʻz“ dostoni Lutfiy asari deb kelingan edi. Keyingi tadqiqotlar natijasida bu doston muallifi Haydar Xorazmiy ekanligi aniqlandi. Lutfiy — turkiy sheʼriyatda maktab yaratgan sanʼatkor. Bu ijod maktabidan Alisher Navoiy va Mirzo Bobur saboq olishgan. Roqim, Amiriy, Sultonxon toʻra Ado, Tabibiy singari shoirlarning devonlaridan.
Lutfiy gʻazallari ilhomida bitilgan muhammaslar joy olgan.
Lutfiy sheʼriyatining taʼsiri faqat Oʻrta Osiyo bilan chegaralanib qolmasdan, Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlariga ham yetib borgan. Atoqli turk olimi M. F. Koʻprulizodaning eʼtirof etishicha, Lutfiyning sheʼrlari yolgʻiz chigʻatoy shoirlari orasida emas, balki „Harobot“ muallifi Ziyo Poshoga qadar boʻlgan usmonli turk shoirlari orasida ham zavq bilan oʻqilgan.
15 asr oʻzbek sheʼriyati takomilida oʻziga xos oʻringa ega, katta isteʼdod sohibi, „Malikul-kalom“ (Navoiy), tuyuq janrining ustasi.
Lutfiydan katta adabiy meros qolmagan. Manbalarda shoirning 200 dan ortiq asar yozgani aytiladi, biroq bizgacha birgina devoni maʼlum (Turkiyaning Koʻniyo shahrida saqlanadi). Sharafiddin Ali Yazdiyning „Zafarnoma“(1437) asarini Shohruh Mirzoning taklifi bilan sheʼriy tarjima qilgan.
Shoir ijodi bilan Fitrat, E.Rustamov, E.Fozilov, S.Erkinov, Y.Is’hoqov, E.Ahmadhoʻjaev va boshqalar shugʻullanganlar.
Nashr qilingan asarlari
tahrir- Lutfiy. Devon. – T.: 1965.
- Lutfiy. Sensan sevarim. – T.: 1987.
Adabiyotlar
tahrir- E.Rustamov. Uzbekskaya poeziya v pervoy polovine 15 veka. – M.; 1963.
- S.Erkinov. Lutfiy. Hayoti va ijodi. – T.: 1965.
- X.Zarif. Lutfiy va Navoiy. Kitobda: Ulugʻ oʻzbek shoiri. – T.: 1948.
- S. Erkinov, H. Muhammadxoʻjaev. Turkiyda yagonai davron. „Til va adabiyot taʼlimi“ jurn.-1996, № 4.
- Tanlangan asarlar [2-nashri], T., 1968; Sensan sevarim… T., 1987.
Manbalar
tahrirHavolalar
tahrirVikiiqtibosda Lutfiyga tegishli iqtiboslar mavjud. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |