[go: up one dir, main page]

Koʻshk (Koʻchik) — toʻrt ustunli, tomi gumbazli, asosan, yogʻochdan qurilgan yengil inshoot; pavilon, kiosk. Kelib chiqishi jihatidan oddiy oʻtovga borib taqaladi. Oʻrta asrlar Sharq meʼmorligida keng tarqalgan. Dastlab qadimgi koʻchmanchi xalqlarning koʻchib yurishiga qulay uy (koʻchik) sifatida paydo boʻlgan. Arava ustiga oʻrnatilgan koʻshklardan ham foydalanilgan. Keyinchalik koʻshklar badavlat kishilar, hukmdorlar uchun bezakdor qilib bogʻlar ichida qurilgan. Tarixiy manbalarda koʻshk namunalari haqida maʼlumotlar saqlangan. Vizantiya elchisi Zemarx 568-yilda Oʻrta Osiyo koʻchmanchilarining xoqoni oʻrdasida 4 tovus haykalini koʻtarib turgan koʻshkni koʻrgani haqida yozgan. 738-yilda Termiz yaqinida arab sarkardasiga oltin va kumush bilan bezatilgan 2 koʻshk taqdim etilgan va boshqa X—XV asrlarda koʻshk meʼmorligi rivojlanib, aksari bogʻ ichkarisidagi sinchkori yengil qurilmalar (koʻshklar) ustun, ayvon va boloxonali, zebu ziyvatli, hashamatli, koʻrkam imoratlari bilan koʻzga tashlangan. Amir Temur bunyod etgan bogʻlar ichidagi koʻshklar shaklu shamoyili bilan meʼmoriy taraqqiyotda yangi davr ochgan. Samarqand atrofida bunyod etilgan (XIV—XVI asrlarda) bogʻ-rogʻlar ichidagi koʻshklar haqida tarixiy manbalar aniq maʼlumot beradi. Samarqanddagi Koʻksaroy, Shahrisabzdagi Oq saroyni Bobur koʻshklar qatoriga kiritgan. Koʻshk meʼmorligi Turkiya, Xitoy, Yaponiya va boshqa mamlakatlarda keng tadbiq etildi. Yevropaga ham Sharq orqali ("kiosk shaklida") kirib kelgan[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil