[go: up one dir, main page]

Karib dengizi, Karaib dengizi (inglizcha: Caribbean Sea; ispancha: Mar Caribe; indeyslarning karib qabilasi nomidan) — Atlantika okeanidagi yarim berk dengiz. Markaziy va Janubiy Amerika oraligʻida. Shimoliy va sharqdan Katta Antil va Kichik Antil orollari bilan chegaralangan. Yukatan boʻgʻozi orqali Meksika qoʻltigʻi, boʻgʻozlar orqali Atlantika okeani va Panama kanali orqali Tinch okean bilan tutashgan. Maydoni 2777 ming km². Oʻrtacha chuq. 2491 m, eng chuqur joyi 7090 m. Suvining oʻrtacha hajmi 6860 ming km3. Qirgʻoq chizigʻi egri-bugri. Gʻarbida va Antil orollari yaqinida marjon riflari bor. Sohili togʻli, baʼzi joylari pasttekislik. Eng katta qoʻltiqlari: Gonduras, Daryen, Venesuela. Dengiz tubining relyefi ancha murakkab: Grenada (4120 m), Venesuela (5420 m), Kolumbiya (4532 m), Yukatan (5055 m) kabi soyliklar suv osti tizmalari va sayyozliklar orkali bir-biridan ajralib turadi. Yirik orollari: Kuba, Gaiti, Yamayka, Puerto-Riko. Dengiz tubining grunti ohakli balchiqdan, sayoz joylarda esa marjon choʻkindilaridan iborat. Iqlimi tropik iqlim, passat shamollari taʼsirida. Havoning oylik oʻrtacha temperaturasi 23—27°. Yillik yogʻin sharqida 500 mm dan gʻarbida 2000 mm gacha. Dengizning shim. qismida iyun — oktabrda tropik dovullar boʻlib turadi. Oqim tezligi 1–3 km/soat, Yukatan boʻgʻozida 6 km/soat. Suv yuza qismining oylik oʻrtacha temperaturasi 25—28°. Shoʻrligi 36 ‰ ga yaqin. Suvining rangi yashil va koʻk-yashil. Suv koʻtarilishi har yarim sutkada takrorlanadi (balandligi 1 m gacha). Karib dengizida akulalar, uchar baliqlar, dengiz toshbaqasi, kit va kashalotlar, Yamayka orol yaqinida tyulen, lamantin va koʻplab endemik hayvonlar yashaydi.

Karib dengizi
Yuzasi 2 753 000 km2
Oʻrtacha chuqurligi 2 500 m
Eng katta chuqurligi 7 686 m
Suv hajmi 6 860 000 km3

Karib dengizi muhim iqtisodiy va strategik ahamiyatga ega. Dengiz orqali Tinch okean va Atlantika okeani portlarini bogʻlovchi eng qisqa dengiz yoʻli oʻtgan. Eng muhim portlari: Marakaybo, LaGuayra (Venesuela), Kartaxena (Kolumbiya), Limon (Kosta-Rika), Santo-Domingo (Dominikana Respublikasi), Kolon (Panama), Santyago-de-Kuba (Kuba) va boshqa[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil