[go: up one dir, main page]

Jaz (inglizcha: jazz) — professional musiqa turi, zamonaviy ommabop, xususan estrada musiqasining asosiy uslubiy manbalaridan biri. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Afrika va Yevropa musiqa madaniyatining elementlari bir-biriga qoʻshilishi natijasida AQShdagi Louisiana shtatidagi Yangi Orlean afroamerikaliklari ijodida yuzaga kelgan.[1][2][3] Afrika xalqlari folklorining belgilari — bir yoʻla turli usullarning yangrashi, deyarli har gal oʻzgarib turuvchi asosiy kuyning koʻp takrorlanishi, oʻziga xos nolalarga boyligi, hayajonli kuylash uslubi, muayyan yoʻnalishdagi ijroviy badihagoʻylik — jazning tub xususiyatlariga aylangan.

Dastlab, 7—8 sozandadan iborat ansambl qatnashchilari yaratgan va oʻzlari ijro etgan asarlar jaz yoki „jazband“ deb atalgan. Jaz asoschilari L.S. Armstrong, J.K. Oliver, J. Dode, E. K. Ori, J.R.Morton va boshqalar ana shunday ansambllarning rahbari boʻlgan. Keyinchalik ularga taklidan diksilend guruhlari paydo boʻlib, Jaz sanʼatini Amerika va Yevropa mamlakatlarida targʻib etgan. 1930-yillargi „sving“ (D. Ellington, U. K. Beysi), 40-yillari „bibop“ (Ch. Parker, D. D. Gillespi), keyinchalik „kul“ (M. Deyvis) va boshqa uslublar yuzaga kelgan, yirik Jaz orkestrlar tashkil topgan. B. Gudmen (1962-yil Toshkentda oʻz orkestri bilan gastrolda boʻlgan), G. Miller va J. Koltreyn (AQSH), J. Dankvort (Angliya), M. Legran (Fransiya), K. Vlax va G. Brom (Chexoslovakiya), K. Edelxagen (Germaniya), K. Komeda (Polsha), A. Sfasman, L.

Utyosov, O. Lundstrem (Rossiya) mashhur jaz orkestrlarining asoschilaridir. Oʻzbekistonda jaz musiqasi 1940-yillarning 2-yarmida yuzaga kela boshlagan. Toshkent, Samarqand, Fargʻona, Andijon kabi shaharlarning kinoteatr, madaniyat saroyi, shahar bogʻlarida D. Sokolov, A. Pozdnyakov, M. Azatyan va b. rahbarligida tashkil topgan musiqa ansambllari jaz va estrada musiqasi namunalarini ijro etgan. 1958-yilda Oʻzbekiston estrada orkestri, 1963-yilda Oʻzteleradio qoshida Estradasimfonik orkestrlarning tarkib topishi jaz rivoji uchun turtki boʻlgan. Bunda ayniqsa A. Kroll, A. Malaxov, Ye. Jivayev kabi dirijyorlarning qoʻshgan hissasi salmokli boʻlgan. „Namanganning olmasi“ (Sh. Ramazonov), „Qiz bola“ (E. Solihov) qoʻshiqlarining J. uslubida qayta ishlangan variantlari, A. Malaxovning oʻzbek ohang va usullaridan foydalnib yozilgan „Yulduz doirasi“, „Qora koʻzlar“ orkestr asarlari milliy jaz musiqasining ilk namunalaridandir. Jaz musiqasi keyingi davrda ham taraqqiy etdi. 1968-yilda Toshkentda 1-Jaz musiqasi festivali boʻlib oʻtdi; 1977, 1978, 1984-yillari Fargʻonada jaz musiqasi xalqaro festivallari oʻtazilgan; mazkur shaharlarda jaz klublari, Buxoro, Navoiy va boshqa shaharlarda jaz guruhlari tashkil topgan. Bulardan E. Qalandarov, S. Gilyov („Inter“), L. Otabekov („Sato“), B. Smetanov („Raduga“), G. Kapriyelov („Osiyo“) rahbarligidagi guruxlar xalqaro jaz festivali va estrada tanlovlarida sovrinli urinlarga ega boʻldilar. Hozirda jaz musiqasi ijrochilaridan „Oʻzbeknavo“ qoshidagi B. Zokirov nomidagi estrada orkestri (Y. Jivayev), Toshkent davlat konservatoriyasining big bendi (jaz orkestri) (B. Murtazayev), G. Bugdanov, A. Xabirxanov rahbarligidagi guruxlar faoliyat kursatmokda. Oʻzbekiston jaz musiqasi namunalari „Melodiya“ firmasi tomonidan gramplastinkaga yozilgan: „Sharq syuitasi“ (Toshkent jaz klubi guruhi), „Efsane“ („Sato“ guruhi) va b.[4]

Manbalar

tahrir
  1. „Jazz Origins in New Orleans – New Orleans Jazz National Historical Park“. National Park Service. Qaraldi: 20-mart.
  2. Germuska, Joe „"The Jazz Book": A Map of Jazz Styles“. WNUR-FM, Northwestern University. Qaraldi: 20-mart.
  3. Roth, Russell (1952). "On the Instrumental Origins of Jazz". American Quarterly 4 (4): 305–16. doi:10.2307/3031415. ISSN 0003-0678. https://archive.org/details/sim_american-quarterly_winter-1952_4_4/page/305. 
  4. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar

tahrir