[go: up one dir, main page]

Infratuzilma (lotincha: infra — „ostida“) — ishlab chiqarish va tovar muomalasi, shuningdek, inson hayot faoliyati uchun zarur boʻlgan meʼyoriy sharoitni taʼminlashga xizmat kiluvchi turli-tuman yordamchi xizmat koʻrsatuvchi sohalar (tashkilot, korxona va muassasa) majmui; nomoddiy ishlab chiqarish sektori. Infratuzilma xizmatlari moddiy shaklga ega boʻlmagan tovarlar boʻlib, ular hayotiy ehtiyojlarni qondiradi. Infratuzilma zaruriy shart boʻlganidan uning ishlab turishini taʼminlashga iqtisodiy resurslarning bir qismi jalb etiladi. Infratuzilma xizmat koʻrsatish sohasiga koʻra ishlab chiqarish infratuzilmasi (ishlab chiqarish ga xizmat koʻrsatuvchi sohalar — yuk tashish transporti, elektr va issiqlik taʼminoti, yoʻl xoʻjaligi, suv xoʻjaligi, ombor xujaligi, ilmiy konstruktorlik xizmati, axborot xizmati va boshqalar) va ijtimoiy-maishiy infratu-zilma (aholiga xizmat koʻrsatib, uning ehtiyojini qondiruvchi sohalar — maorif, sogʻliqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport, maishiy xizmat va boshqalar) ga ajraladi. Infratuzilma xizmati tovar boʻlganidan oldi-sotdi etiladi. Uning asosiy vazifasi insonga xizmat koʻrsatish, ammo bu ish pulli, bepul va imtiyozli tarzda bajarilishi mumkin. Infratuzilma xizmatlarini harakteriga koʻra guruxlaganda bozor infratuzilmasi ajralib turadi. Chunki unda bozor munosabatlarini amalga oshiruvchi xizmatlar koʻrsatiladi. Qaysi darajada xizmat koʻrsatilishiga koʻra, korxona, tarmoq ishlab chiqarish majmualari va hududiy infratuzilma ham mavjud. Infratuzilma sohasida yaratilgan xizmatlar ishlab chiqarish va inson uchun naf keltiradi. Infratuzilma xizmat koʻrsatishini tashkil etish uchun mablagʻlar sarflanadi. Shuning uchun ularni hisoblash mumkin va ular yalpi milliy mahsulot tarkibiga kiritiladi. Infratuzilma ni yaratuvchi mehnat ham unumli hisoblanadi. Infratuzilma ning samaradorligi koʻrsatilgan xizmatlarning sarf-harajatlarga nisbati orqali aniqlanadi[1].

Manbalar

tahrir
  1. Oʻlmasov, Ahmadjon. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.