[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Yaponlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Yaponiyalikdan yoʻnaltirildi)
Yaponlar

Yaponlar (oʻzlarini nixondzin — quyoshli oʻlka odamlari deb atashadi) — xalq, Yaponiyaning asosiy aholisi (123,6 mln. kishi). Umumiy soni 125,6 mln. kishi (1990-yillar oʻrtalari). Yapon tilida soʻzlashadi. Dindorlari — asosan, sintoistlar va buddaviylar; xristianlar va sinkretik dinlarga eʼtiqod qiluvchilar ham bor. Antropologik jihatdan mongoloid irqiga mansub. Ya.ning oʻziga xos etnik xususiyatlari ayrim mayda orollarda va Ryukyu arxipelagida yashovchi aholida saqlanib qolgan. Ya. qabila sifatida mil. av. 1-mingyillikoʻrtalarida Janubiy Koreya yarim oroldan Yapon o.lariga eneolit davri madaniyati (Yayon madaniyati)ni tarqatuvchi katta guruhning koʻchib kelishi natijasida shakllangan. Bunga qadar bu yerda ayn va qisman malayyapolinez qabilalari yashagan. Ularning oʻzaro aralashuvi natijasida kelgindi qabilalar tili ustuvor mavqeni egallagan. qadimiy yapon qabilalarining elat boʻlib uyushuvi mil. 4-asrda birinchi umumyapon davlati (Yamato podsholigi)ning tashkil topishi bilan tugagan. Yapon elati Osiyoning qadimiy sivilizatsiyalari (Xitoy, Koreya, Hindiston) taʼsirida rivojlangan. Qishloq aholisining asosiy mashgʻuloti — sugʻorma dehqonchilik (sholi), baliq ovlash, shahar aholisida esa hunarmandchilik hisoblangan. Ya. chinni, loklangan buyumlar ishlab chiqarish, toʻqimachilik va badiiy hunarlar bilan shugʻullangan. Koʻpgina hunarlar saqlanib qolgan. Ya. qadimgi va eng yuqori darajada rivojlangan madaniyat va sanʼatga ega. Hozirda shaharlik Ya.ning katta qismi yuksak taraqqiy etgan sanoatda band.