[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Xitoy—Tayvan aloqalari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Xitoy Xalq Respublikasining xaritadagi koʻrinishi
Tayvanning xaritadagi koʻrinishi

Xitoy xalq respublikasi Tayvanni o‘zining ajralib chiqqan provinsiyasi deb hisoblaydi va ertami-kechmi hududni o‘z tarkibiga qaytarishi haqida aytib keladi. Ammo ko‘plab tayvanliklar yetmish yillik alohida yashashdan keyin o‘zlarini alohida xalq deb, orolni esa alohida davlat deb hisoblashni boshlagan, ammo orol hozirgacha mustaqillik eʼlon qilmagan, shu bilan birga o‘zini butun Xitoyning qonuniy vorisi deb biladi[1].

Tayvanga ilk ko‘chib kelganlar avstroneziya qabilalari bo‘lib, maʼlumotlarga ko‘ra, ular hozirgi Xitoy janubidan ko‘chib o‘tishgan.

Orol xitoyliklarning solnomalarida, ayrim maʼlumotlarga ko‘ra, eramizning 239-yilida ilk bor qayd etilgan, o‘shanda xitoyliklar imperatori bu hududni o‘rganish uchun ekspeditsiya korpusi yuborgan — Pekin ushbu fakt bilan orolga egalik huquqini asoslamoqchi bo‘ladi.

Qisqa muddat davomida, 1624-yildan 1661-yilga qadar Tayvan gollandlar mustamlakasi bo‘lgan, keyin esa, 1683-yildan 1895-yilga qadar xitoyliklarning Sin sulolasi hukmida bo‘lgan[2].

O‘shanda, XVII asrda, Tayvanga Xitoyning materikdagi hududidan ko‘plab odamlar oqib kela boshlagan, odamlar tartibsizliklar va qashshoqlikdan qochib o‘tishgan. Ularning aksari Fuzyan provinsiyasi hududidagi xoklo xitoylari yoki Guandun provinsiyasida yashagan xakka xitoylari bo‘lishgan. Ularning avlodlari bugungi kunda oroldagi eng yirik demografik guruhni tashkil qilishadi. 1895-yilda, birinchi xitoy-yapon urushi boshlangach, Sin sulolasi Tayvanni Yaponiyaga qoldirishga majbur bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi yakunida Yaponiya Xitoydan tortib olingan hududlarni nazorat qilishdan voz kechadi. Urush g‘oliblaridan biri bo‘lmish Xitoy Respublikasi — o‘z ittifoqchilari AQSh va Buyuk Britaniya roziligi bilan Tayvanni boshqara boshlaydi.

Ammo keyin Xitoyda Chan Kayshi boshqaruvidagi Gomindan partiyasining milliy hukumati va Mao Zedong rahbarligidagi Xitoy Kommunistik partiyasi qo‘shinlari o‘rtasida fuqarolik urushi boshlanib ketadi. Yakunda Gomindan mag‘lubiyatga uchraydi.

1949-yilda Chan Kayshi o‘z tarafdorlari bilan — ularning soni bir yarim million atrofida bo‘lgan — Tayvanga qochib o‘tadi. U bu yerda surgundagi hukumat taʼsis etib, o‘ziga bo‘ysungan hududni Xitoy Respublikasi deb eʼlon qiladi va keyingi 25 yilda hukmronlik qiladi.

Chan Kayshi bilan birga materik hududidan qochib kelgan xitoyliklar butun aholining 14 foizini tashkil qilsa-da, ko‘p yillar mobaynida Tayvan siyosatida ustunlik qilishadi.

Chan Kayshidan keyin Tayvanda hokimiyat tepasiga uning o‘g‘li Jiang Jingguo keladi, u Nikolay Vladimirovich Yelizarov nomi bilan ham maʼlum edi. Bolalikda uni o‘qish uchun Moskvaga yuborishgan, u Leninning singlisining uyida yashagan, kollektivlashtirishda qatnashgan va hatto maʼlum vaqt „Uralmash“ zavodining mexanik sexida ishlagan, 1937 yilda esa qamoqqa olingan.

O‘sha 1937-yilda Jiang Jingguo vataniga rus rafiqasi bilan qaytadi (Tayvanda u Jiang Fanlyan nomini oladi).

Jiang Jingguo ochiqligi va demokratik qarashlari bilan ajralib turardi. Otasining Tayvandagi hukumatida ichki ishlar vaziri sifatida u bir necha bor kommunistlarning isyon uyushtirishga bo‘lgan urinishlarni bartaraf etgan.

Otasi o‘limidan keyin u avvaliga Gomindanni boshqara boshladi, keyin 1978 yilda Tavayn prezidenti bo‘ldi va umri oxirigacha — 1988-yilgacha yana ikki muddatga saylandi. Uning boshqaruvi davrida hukumat avtoritar shaklda saqlanib qolgan bo‘lsa-da, Tayvanda demokratik islohotlar o‘tkazildi.

Jiang Jingguoning o‘rniga uning hukumatida vitse-prezident bo‘lgan Li Denxuey keladi. Uni „Tayvan demokratiyasi otasi“ deb atashgan. U konstitutsion islohot o‘tkazadi va 2000 yilda mamlakatda ilk bor Gomindan partiyasi aʼzosi bo‘lmagan nomzod Chen Shuybyan prezidentlikka saylanadi[3].

Tayvanni tan oluvchilar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tayvan maqomi borasida ixtilof va chalkashlik mavjud. Orolning o‘z konstitutsiyasi, demokratik saylangan yetakchilari va 300 ming kishilik armiyasi mavjud.

Bir vaqtlar surgundagi hukumatni tuzgan Chan Kayshi bu hukumat butun Xitoyni ifodalashini va mamlakatni qaytadan o‘z izmiga olishini daʼvo qiladi. Tayvan hatto BMT Xavfsizlik kengashida Xitoyning o‘rnini egallagan, chunki G‘arbning ko‘plab mamlakatlari aynan uni Xitoyning haqiqiy hukmdori deb hisoblagan.

Hozirgi vaqtda Tayvanni 15 ga yaqin davlat tan olgan

Ammo o‘tgan asrning 70-yillarida Xavfsizlik kengashining ayrim aʼzolari Tayvan bundan buyon Xitoyning materikdagi qismida yashovchi yuz millionlab kishilarning manfaatlarini ifodalay olmasligi haqida ayta boshlashdi.

1971 yilda BMT bu joyni Pekinga qaytaradi, Tayvan esa kengashdan chiqariladi. 1978 yilda Xitoy o‘z iqtisodiyotini jahon uchun ocha boshlaydi. AQSh esa savdo imkoniyatlari va munosabatlarni rivojlantirish zarurligini tan olib, 1979 yilda Pekin bilan rasmiy diplomatik munosabatlar o‘rnatadi.

Shundan buyon Tayvanni rasman tan oluvchi mamlakatlar son keskin qisqaradi — hozirda ularning soni 15 ta atrofida.

Endilikda, mustaqil davlatning barcha xususiyatlariga va Xitoydan ajralib turadigan siyosiy tizimga ega bo‘lishiga qaramay, Tayvanning huquqiy maqomi noaniqligicha qolmoqda.

Hozirda Xitoy va Tayvan munosabatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1980-yilda Xitoy va Tayvan munosabatlari iliqlasha boshlagan: avvaliga Tayvan Xitoyga borish va sarmoya kiritish qoidalarini yumshatadi, 1991 yilda esa Xitoy Xalq Respublikasi bilan urush yakunlanganini eʼlon qiladi.

Xitoy „bir mamlakat, ikki tizim“ variantini taklif etadi, unga ko‘ra Pekin Tayvanni qayta birlashishga rozi bo‘lsa, avtonomiyani saqlab qolishga ishontiradi. Pekin shunday vaʼdalar bilan 1997 yilda Hongkongni o‘ziga qaytargandi — xitoyliklar yaqin vaqtgacha so‘zida turdi, ammo keyin kuch bilan demokratik Hongkongni o‘z tartiblariga bo‘ysundirdi.

Tayvan esa bunday taklifni rad etgan.

Tayvan prezidenti, 2000-yilda hokimiyatga kelgan Chen Shuybyan Xitoy uchun jiddiy bosh og‘rig‘iga aylanadi, chunki u va uning Demokratik taraqqiyot partiyasi ochiqchasiga alohida davlat tuzishni targ‘ib qiladi.

2004-yilda Chenni ikkinchi muddatga saylashadi, bir yil o‘tib esa Xitoy „ajralib chiqishga qarshi qonun“ nomli qonun qabul qiladi, bu agar Tayvan ajralib chiqishga harakat qilsa, Xitoy Tayvanga qarshi „tinchlikparvar bo‘lmagan vositalar“dan foydalanishiga imkon beradi.

2008-yilda Chenning o‘rniga hokimiyat Ma Inszyuga o‘tadi — u Gomindan partiyasi vakili bo‘lib, iqtisodiy kelishuvlar orqali munosabatlarni yaxshilashga harakat qilgan.

2016-yilda esa yana Demokratik taraqqiyot partiyasi vakili Say Inven prezidentlikka saylanadi, natijada Tayvanning Xitoy bilan munosabatlari yana yomonlasha boshlaydi.

2018-yilda vaziyat keskinlashadi, o‘shanda Pekin xalqaro kompaniyalarga bosimni kuchaytirib, agar o‘z saytlarida Tayvanni Xitoyning bir qismi sifatida ko‘rsatmasa, ularga Xitoyda biznes yuritishni taqiqlash bilan tahdid soladi.

2020-yilda Say rekord darajada 8,2 million ovoz qo‘lga kiritib, ikkinchi muddatga saylanadi va ko‘plar buni tayvanliklar XXR bilan birlashish g‘oyasidan butunlay soviganini anglatishini aytadi.

Bu vaqtda Hongkongda Xitoy taʼsiri kuchayishiga qarshi keng miqyosli namoyishlar avj olgandi va Tayvan bu voqealarni diqqat bilan kuzatib borayotgandi.

Keyinroq, o‘sha yil oxirida Xitoy Hongkongdagi milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi, bu esa hongkongliklar erkinligini bo‘g‘ishga qaratilgan navbatdagi qadam bo‘ldi[4].

Tayvanga mustaqillikning ahamiyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pekin va Taybey fundamental siyosiy masalada kelisha olmasa-da, so‘nggi o‘n yilliklarda iqtisodiyot borasida ularning munosabatlari faqat kengaygan va mustahkamlangan. Tayvan rasmiy maʼlumotlariga ko‘ra, 1991-yildan 2021-yil may oyi oxirigacha Xitoydagi Tayvan investitsiyalari hajmi 193,5 mlrd dollarni tashkil etadi.

Tayvandagilarning ayrimlari ularning iqtisodi endi Xitoyga qaram bo‘lib qolganidan xavotirlanadi. Boshqalar esa yanada qalin iqtisodiy aloqalar XXRning ehtimoliy hujumi xavfini kamaytiradi deb hisoblashadi.

2014-yilda Xitoy va Tayvan „Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo kelishuvi to‘g‘risida“gi hujjatni imzolagan. Bu „Kungaboqarlar harakati“ nomi ostida norozilik harakatini paydo qilgan. Harakat ishtirokchilari, talabalar va faollar Xitoy taʼsiri o‘sishi ehtimoliga qarshi namoyish o‘tkazib, maʼlum vaqtga Tayvan parlamentini egallab olishgan.

Hozirgi hukmron Demokratik taraqqiyot partiyasi hamon orol mustaqilligi tarafdori hisoblanadi, o‘z navbatida Gomindan birlashishga qarshi emas.

Yaqinda Tayvanda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar ko‘rsatishicha, aholining asosiy qismi — amalda suverenitet tarafdori hisoblanadi.

Ammo tayvanliklarning katta qismi, aftidan, qandaydir o‘rtalikni tutadi. 2022 yil iyunida o‘tkazilgan so‘rov faqat 5,2 foizlik aholi tez orada mustaqillik eʼlon qilinishini yoqlaydi va faqat 1,3 foizi — birinchi imkon tug‘ilgandayoq materikdagi Xitoy bilan birlashish tarafdori.

AQSHning oʻrni

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vashingtonning mintaqadagi azaliy siyosati strategik ikkilanish uchun namunadir: Qo‘shma Shtatlar rasman „yagona Xitoy“ siyosatiga amal qiladi va faqat Pekinni tan oladi hamda Taybey bilan emas, aynan u bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Ammo shu bilan birga Tayvan bilan ittifoqchilik munosabatlarini saqlab keladi.

Shu yil mayida prezident Baydendan Xitoy bosqini ro‘y bergan taqdirda, AQSh Tayvanni himoya qilishga qanchalik tayyor bo‘lishi to‘g‘risidagi savolga tasdiq javobini bergandi. Shundan keyin Oq uy zudlik bilan AQShning Tayvan bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarmasligi va „yagona Xitoy“ siyosatiga amal qilishini maʼlum qilishiga to‘g‘ri kelgandi. Shu kabi holat Baydenning Tayvanni harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasidagi avvalgi bayonotlaridan keyin takrorlangandi.

Pekin Vashington tomonidan Taybeyni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan har qanday harakatni qoralaydi va Baydenning bayonotlariga javoban Tayvan havo hujumidan mudofaa tizimi nazoratidagi hududga harbiy samolyotlarini yuborishni faollashtirgandi.