[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Virusologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Virusologiya (viruslar va ...logiya) — viruslar haqidagi fan, biologiyaning bir tarmogi. Virusologiya tarixi 1892-yilda rus olimi D. I. Ivanovskiyning tamakida mozaika kasalligini vujudga keltiradigan mikroblarni aniqlashidan boshlanadi. 1893-yilda nemis bakteriologlari F. Leffler va P. Frosh qoramollarda oqsil (yashchur) kasalligini, 1901-yilda amerikalik Rid va boshqa sariq isitmani paydo qiladigan mikroblarni oddiy bakteriologik filtrdan oʻtib ketishini aniqlashdi. "Virus" tushunchasi birinchi marta golland M. Beyerink (1898) va nemis genetigi E. Baur (1904) ishlarida uchraydi. 1911-yilda amerikalik F. T. Rous tovuklarda xavfli oʻsma paydo qiluvchi virusni topadi. Bakteriya viruslari (bakteriofaglar)ning topilishi vaksina virusini toʻqimalar kulturasida undirish, virus zarralarini kumush bilan boʻyash metodlarining ishlab chiqilishi, tamaki mozaikasi virusini kristall holida ajratib olib, uning oqsil tabiatini, virus tarkibiga nuklein kislota kirishining aniklanishi Virusologiyaning rivojlanishida katta rol oʻynadi. 20-asr oʻrtalarida viruslarning tuzilishi elektron mikroskop yordamida va rentgenstruktura analizi metodi bilan tekshirila boshlandi. Virusologiya tekshirish obʼektiga koʻra qishloq xoʻjaligi, veterinariya va tibbiyot Virusologiyasiga boʻlinadi. Virusologiyaning rivojlanishi molekulyar genetika bilan uzviy bogʻliq. 1952-yil virus DNKsi,1956-yil virus RNKsi, 1955-yil virus zarralarining RNK va oqsildan oʻz-oʻzidan toʻplanishi hodisasi aniqlandi,1957-yil viruslar interferensiyasi, DNK-sintezi kashf etildi.

Zamonaviy Virusologiya umumiy va maxsus Virusologiya ga boʻlinadi. Umumiy Virusologiya viruslarning tuzilishi prinsiplari, koʻpayishi, xoʻjayinhujayra oʻrtasidagi munosabatlarning kelib chiqishi, viruslarning tabiatda tarqalishini oʻrganadi. Molekulyar Virusologiya viruslar nuklein kislotalari tuzilishi va funksiyasini, virus genlarining ekspressiyasi mexanizmlarini, organizmning viruslar qoʻzgʻatadigan kasalliklarga chidamligi tabiati va viruslarning molekulyar evolyutsiyasini oʻrganadi. Maxsus Virusologiya odam, hayvon va oʻsimlik viruslari guruhlarini tadqiq qiladi.

Oʻzbekistonda Virusologiya sohasidagi tadqiqotlar 20-asr oʻrtalarida boshlangan. D. X. Vahobov, A. Yu. Abdukarimova, N. K. Tursumetova, M. Z. Isamuhamedov, Virusologiya Mirzahmedov va boshqaning ishlari gʻalla, gʻoʻza, sabzavot va boshqa ekinlar viruslarini ajratib olish, virus kasalliklarini aniqlash va ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqishga bagʻishlangan. Soʻnggi yillarda viruslarni interferon hosil qilish faolligini oshirish (A. Sayitqulov), gepatit virusi shtammlari va oqsillarining struktura hamda funksiyalarini oʻrganish va virusli kasalliklarning zamonaviy tashhisini ishlab chiqish (A. M. Ivanova) borasida bir qancha ishlar amalga oshirildi. Oʻsimlik viruslarini oʻrganish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar ishlari Oʻzbekistan fanlar akademiyasi Mikrobiologiya institutipya, OʻzMUning biologiya, tuproqshunoslik fakultetida, tibbiyot Virusologiyasi sohasidagi ishlar Virusologiya instituti va tibbiyot oliy oʻquv yurtlari kafedralarida olib boriladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil