[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Tut

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tut (Morus) — tutdoshlar oilasiga mansub daraxtlar turkumi; mevali daraxt; Oʻzbekistonda 5 turi oʻstiriladi. Oq T. (M. alba) va qora T. (M. nigra) mevasi isteʼmol qilinadi. Sershox T. (M. multicaulis), kagayama T. (M. Kagayamae) va ipak qurti T.i (M. bombycis) turlaridan, asosan, ipak qurti boqishda foydalaniladi. T. tez oʻsadi, qurgʻoqchilik va sovuqqa chidamli. Shoxshabbasi zich, keng yumaloq, oval va piramida shaklida. Boʻyi 15— 18, baʼzilariniki 20–25 m, yoʻgʻonligi 1,5 m gacha. Katta yoshdagi baland tanali T. daraxtlaridan 20–40 kg gacha barg, 50–60 kg meva hosili olinadi. T. ning egribugri (ilonoʻt) va pastga qarab oʻsadigan (majnun T.) xillari ham bor. Daraxti 300, ayrimlari 500 yil yashaydi.

Oq T. (qarang Balxi tut) va shotut mevasi shirin, shifobaxsh, har xil vitaminlarga boy. Oʻzbekistonda T. qadimdan ekib koʻpaytiriladi. Yangiligida isteʼmol qilinadi, shinni, murabbo, mayiz, spirtli ichimlik tayyorlanadi. Bargi tut ipak qurti boqishda ishlatiladi. T. ikki uyli oʻsimlik. Gullari bir jinsli. T. urugʻidan, qalamchasidan, payvand va parxish qilib koʻpaytiriladi.

Qurt boqish uchun ekiladigan T. navlari barg hosili moʻl, boʻyi baland, koʻp kallakli yoki buta shaklida oʻstiriladi. T. novdalari kesilganda tezda yangi novda chiqaradi. Har yili qurt boqish uchun kesilganligi tufayli 60—70 yilda qarib, hosildan qoladi. Bunday T. yoshartiriladi. T. tanasi mustahkam chidamli, T. yogʻochidan bochkalar, beshiklar, novdalaridan savatlar, zambillar, kajavalar, yengil stullar yasaladi. Ipak qurti boqish uchun T. nihollari va koʻchatlarini yetishtirish, tutzorlar barpo etish — tutchilik pillachilikning muhim sohasi hisoblanadi. 1970—91 yillardaIpakchilik uHcmumymuda ipak qurti boqishga moʻljallangan T. ning 9 navi (Mankent, Pioner, SANIISH33, Surxtut, Oʻzbekiston va boshqalar) va 3 duragayi chiqarilgan va rnlashtirish uchun davlat reyestriga kiritilgan.

Kasalliklari: bakterioz, vilt, ildiz chirishi, poʻkaklanish va boshqa

Zararkunandalari: tut odimchisi, tut parvonasi, Komstok qurti, kuzgi tunlam, tripslar, boʻrtma nematodlar, simqurtlar, oʻrgimchakkana.