[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Tirqishli baraban

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Tirqishli baraban


Tirqishli baraban — Osiyo, Afrika, Shimoliy va Janubiy Amerika, shuningdek, Okeaniyaga xos musiqiy anʼanalarning bir qismi sifatida keng tarqalgan zarbli va signalli cholgʻu asbobi; daraxt yoki bambuk tanasidan korpus qismida bir yoki bir nechta uzun tirqishlar yasash va zarurat tugʻilganda oʻzakni oʻyish yoki kuydirish orqali yasaladi[1][2].

Tirqishli barabanlarning oʻlchami turlicha boʻlishi mumkin, uning uzunligi bir metrdan oshmaydigan ichi boʻsh kichik bambuk bandidan tortib, 6×2 metrgacha boʻlgan katta yogʻoch boʻlagi koʻrinishidagi va bir vaqtda bir nechta odam kuy chaladigan[3] namunalari ham bor. Musiqachilar baraban koprusining turli qismlariga tayoq yoki oyoq bilan zarba berishadi, agar yogʻochning qalinligi bir tekis boʻlmasa, zarba berilgan joyga koʻra turli tembrdagi tovushlar hosil boʻladi[3][1].

Tirqishli baraban koʻpincha marosim musiqalarini chalishda va signal berish uchun (soqchilar tomonidan hamda uzoq masofada joylashgan qoʻshni qishloqlarga xabar yuborish uchun) ishlatiladi, asbobning tembri igbodagi kabi til ohanglarini ham yetkazib berishi mumkin[4][2]. 20-asrda Xitoy namunalari Gʻarb orkestr musiqasi tomonidan oʻzlashtirilgan[3].

Tirqishli barabanlar butun Janubiy va Sharqiy Osiyo, Assamning sharqiy qismidan Indoneziyaga va Tinch okeani orollarigacha boʻlgan hududlarda uchraydi; Afrikada Angola va Zambiyadan Mali va Senegalgacha boʻlgan hududlarda keng tarqalgan[1]. Mesoamerikada H shaklidagi tirqishli barabanlardan foydalanilgan (atseklardagi teponatsl, mayyalardagi tunkul va boshqalar)[3][1], shuningdek, Kuba, Kosta-Rika, Ekvador va Peruda ham ulardan foydalanilganini isbotlovchi dalillar mavjud[1][1]. Xitoy musiqasida marosimlar uchun ishlatiladigan templ blok (yogoʻch quticha turi) va yogʻoch baliqlarni ham tirqishli barabanlarga aloqador asboblar deb bilishadi[3]. Soʻnggi cholgʻu asbobining taraqqiy etishi samarasi oʻlaroq bitta asbob sifatida birlashtirilgan va turli tembrlarga ega yogʻoch baliqlar toʻplami ham yaratilgan[1].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 Cooke.
  2. 2,0 2,1 Blades 1992.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 Британника.
  4. Келдыш 1998.