[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Oy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Oy (tabiiy yoʻldosh)dan yoʻnaltirildi)
Ushbu maqola Yer yoʻldoshi haqidadir. Oy soʻzining boshqa maʼnolari uchun Oy (maʼnolari) maqolasiga qarang.
Oy ☾
Oyning Yerdan koʻrinishi
Oyning Yerdan koʻrinishi

Oyning Yerdan koʻrinishi

Mehvar tasnifi
Perimetr 2,413,402 km
(0.016 AB)
Ekssentrisitet 0.0554
Perigey 363,104 km
(0.0024 AB)
Apogey 405,696 km
(0.0027 AB)
Siderik davr 27.32166155 kun
(27 kun 7 soat 43.2 daq)
Sinodik davr 29.530588 kun
(29 kun 12 soat 44.0 daq)
Oʻrtacha orbital tezlik 1.022 km/s
Eng katta orbital tezlik 1.082 km/s
Eng kichik orbital tezlik 0.968 km/s
Cheklanish 28.60° va 18.30° oraligʻida
(ekliptikaga 5.145396° ostida)
Orbital tugun uzunligi 18.6 yilda 1 aylana
Perigey argumenti 8.85 yilda 1 aylana
Mehvarining markazi Yerda
Fizik tasnif
Ekvatorining diametri 3,476.2 km
(0.273 (Yer))
Polar diameter 3,472.0 km
(0.273 (Yer))
Siqiqligi 0.0012
Maydoni 3.793×107 km²
(0.074 (Yer))
Hajmi 2.1958×1010 km³
(0.020 (Yer))
Massasi 7.347 673×1022 kg
(0.0123 (Yer))
Oʻrtacha zichlik 3,346.2 kg·m−3
Tortish kuchi
(ekvatorda)
1.622 m·s−2,
(0.1654 g)
Birinchi kosmik tezlik 2.38 km·s−1
Aylanish davri 27.321 661 kun
Aylanish tezligi 16.655 km·soat−1
(ekvatorda)
Ekliptikaga ogʻish burchagi 1.5424°
Albedo 0.12
Koʻrinma yulduz kattaligi −12.74
Sirtidagi harorat
eng kam oʻrtacha eng koʻp
40 K 250 K 396 K
Mantiyasi tarkibi
(taxmin etiladi)
Kislorod 42.6 %
Magniy 20.8 %
Kremniy 20.5 %
Temir 9.9 %
Kalsiy 2.31 %
Alyuminiy 2.04 %
Nikel 0.472 %
Xrom 0.314 %
Marganets 0.131 %
Titan 0.122 %
Atmosfera tasnifi
Atmosfera bosimi 3 × 10−13kPa
Geliy 25 %
Neon 25 %
Azot 23 %
Argon 20 %
Metan

Ammoniy
Karbonat angidrid

oʻzgaruvchan

Oy – Yer sayyorasining yagona tabiiy yoʻldoshi. Oy Yerdan oʻrtacha 384 400 km uzoqlikda joylashgan. Orbitasining ekliptika tekisligiga qiyaligi burchagi 5° 8' 43" ni tashkil etadi. Massasi 7,35×1022 kg (1/81,3 Yer massasi). Oʻrtacha radiusi 1738km, sirtidagi erkin tushish tezlanishi 1,62 m/s2. Astronomik belgisi ☾. Oy orbitasi ekliptika tekisligiga oʻrtacha 5°8’43" burchak ostida yotib, 4°58’ dan 5°20’ gacha oʻzgarib turadi. Oy Yer atrofida gʻarbdan sharqqa harakatlanib, biror yulduzga nisbatan toʻla aylanish davri uning siderik (yoki yulduz) davri deb ataladi. Bu davr 27,32 oʻrtacha Quyosh sutkasiga teng. Oy orbitasining ekliptika tekisligi bilan kesishish nuqtalari uning chiqish va tushish tugunlari deyiladi. Oy tugunlari ekliptika boʻylab Oyning harakatiga qarama-qarshi yoʻnalishda (yaʼni gʻarbga tomon) siljib boradi va 18 yil-u 7 oy (6793 sutka)da ekliptikani toʻla bir marta aylanib chiqadi. Oyning biror tugundan chiqib, yana shu tugunga qaytib kelishi orasida oʻtgan vaqt ajdar oyi deyilib, u oʻrtacha 27,21222 sutkaga tengdir. Quyosh va Oy tutilishlarining davriyligi shu oy bilan bogʻliq.

Oy oʻz orbitasi bilan oʻrtacha 83°20’ burchak tashkil etuvchi oʻq atrofida aylanadi. Uning oʻz oʻqi atrofida aylanish davri (27,32 sutka) siderik oy (davr)ga teng, shu sababli Oy hamma vaqt Yerga bir tomoni bilan „qarab“ turadi. Bu davrlarning bir xil boʻlib qolganligi tasodifiy emas. Yerning tortish kuchi Oyning oʻz oʻqi atrofida aylanishiga taʼsir koʻrsatib (sekinlatib), million yillar davomida uni Yer atrofida aylanish davriga tenglashtirilgan.

Oy oʻz oʻqi atrofida tekis aylangani holda Yer atrofida aylanish orbitasining turli nuqtalarida uning tezligi turlicha boʻladi, natijada Yerdan qaraganda Oy bir oz tebranib harakatlanganday koʻrinadi. Tebranish uzunlama boʻyicha 7°54’, kenglama boʻyicha 6°50’ ni tashkil etadi. Bunday tebranish libratsiya deyiladi.

Oy shar shaklida boʻlib, radiusi 1737 km, yaʼni 0,2724 Yerning ekvatorial radiusiga teng. Oy sirti maydoni 3,8-107 km²ni, hajmi – 0,0743 = ʻ/49 Yer hajmini tashkil etadi. Oy sirtidagi nuqtalarning radiusini oʻlchash uchun libratsiyaga asoslangan kuchsiz stereoskopik effektdan foydalaniladi. Libratsiyani oʻrganish Oy ellipsoidining bosh yarim oʻqlari farqini aniqlashga imkon berdi. Oyning qutbiy oʻqi Yerga yoʻnalgan ekvatorial oʻqdan 700 m, Yerga tomon yoʻnalishga perpendikulyar yoʻnalishdagi ekvatorial oʻqdan esa 400 m kichik. Shunday qilib, Yerning tortish kuchi taʼsirida Oy shaklida Yerga yoʻnalgan qabariqlik hosil boʻlgan. Yerdan uchirilgan sunʼiy yoʻldoshlar harakat trayektoriyalarini oʻrganish asosida Oy massasi eng aniq hisoblangan: u Yer massasidan 81,3-marta kichik, yaʼni 7,35-1025 g. Oʻrtacha zichligi 3,34 g/sm³ (0,61 Yer oʻrtacha zichligi)ga teng. Ogʻirlik kuchining tezlanishi, Oy sathida Yerdagidan 6-marta kichik, yaʼni 162,3 sm/s2 boʻlib, Oy sathidan har bir km koʻtarilgan sari 10,187 sm/s2 ga kamayib boradi. Oyda birinchi kosmik tezlik 1680 m/s, ikkinchi kosmik tezlik 2375 m/s. Oyning tortish kuchi kichik boʻlganligi sababli, uning atrofida gaz qobigʻi va erkin holdagi suv boʻlishi mumkin emas.

Oy sirti birmuncha qora-oq rangda, uning albedosi (nurni qaytarish darajasi) 0,073, yaʼni Quyoshdan tushayotgan nurlarning faqat 7,3% ini qaytaradi. Oyning Yerdan oʻrtacha uzoqlikdagi koʻrinma yulduz kattaligi 12,7. Toʻlin Oy Quyoshga qaraganda 465000-marta xira. Oyning oʻz oʻqi atrofida Quyoshga nisbatan bir marta toʻla aylanish davri sinodik oy deyilib, u 29,53059 sutkani tashkil etadi. Oyning boshqa fazalarida esa uning yoritilishi yanada kam. Mas, 7 va 22 kunlik Oy yorugʻligi toʻlin Oy yorugʻligining 8% iga teng. Oyning rang koʻrsatkichi +1,2. Oy oʻz oʻqi atrofida Quyoshga nisbatan bir sinodik oyda bir marta toʻla aylanib chiqadi. Shuning uchun Oyda bir kunduzi va kechasi salkam 15 sutka davom etadi. Oyda atmosfera boʻlmaganligi uchun tuprogʻi temperaturasi kunduzi (Quyosh koʻrinishiga nisbatan) +120°, kechasi – 150° gacha boradi. Radiotoʻlqinlar yordamida kuzatish shuni koʻrsatdiki, Oy tuprogʻi temperaturasining bunday oʻzgarishi faqat sirtqi qatlamlarga xos boʻlib, bir necha dm chuqurlikda temperatura deyarli oʻzgarmaydi.

„Oy geografiyasi“ni selenografiya fani oʻrganadi. Oyning mukammal xaritalari tuzilgan. Ayniqsa, Oyning Yerdan koʻrinadigan tomoni yaxshi oʻrganilgan, sirtidagi 32000 ta turli togʻ, krater va dengizlarga nom berilgan. Bundan tashqari, 200000 ga yaqin mayda nomlanmagan tuzilmalar Oy xaritasiga tushirilgan. Quvvatli teleskoplarda Oy sirtida kattaligi 100 m keladigan toshlar yoki yoriqlarni koʻrish mumkin (2-rasm). Oddiy koʻz bilan Oy diskida „dengizlar“ deb nomlangan katta-katta qora dogʻlar koʻrinadi. Dengizlar chetidagi kichik shoxobchalar „qoʻltiqlar“, katta yorugʻ dogʻlar „qitʼalar“ va oʻrtacha yorugʻlikdagi dogʻlar „botqoqliklar“ deb ataladi. Bunday nomlarni 17-asrda yashagan italiyalik astronom Richcholi taklif qilgan. Oyni birinchi marta 1610-yilda G. Galiley teleskopdan kuzatgan, 1647-yilda Ya. Geveliy (Gdansk) birinchi Oy xaritasini tuzgan. Oy dengizlari oʻrtacha sathdan pastroq joylashgan, qitʼalari esa, asosan, togʻli rayonlardir. Kuzatishlar natijasida qitʼa va dengizlar boshqa-boshqa moddalardan tashkil topgan, degan xulosaga kelindi. Oydagi eng katta dengiz „Boʻronlar okeani“ deb ataladi. Oy xaritasida „Moʻl-koʻlchilik dengizi“, „Sokinlik dengizi“, „Bulutlar dengizi“, „Ravshanlik dengizi“, „Yomgʻirlar dengizi“, „Moskva dengizi“, „Orzu dengizi“ kabi nomlar bor.

Oy sirti teleskopda benihoya notekis, oʻnqir-choʻnqir boʻlib koʻrinadi (3-rasm). Ayniqsa qitʼalarda zich joylashgan va baʼzan „dengizlar“da uchraydigan aylana yoki ellips shaklidagi halqasimon togʻlar koʻp. Diametrlari bir necha yuz m dan bir necha yuz km gacha keladigan halqasimon togʻlarning 30000 tadan ortigʻi Oy xaritalarida aks ettirilgan.

Baʼzi halqasimon togʻlar qoramtir moddalar bilan qoplangan. Ularga sirklar deb nom berilgan. Sirklarning maksimal diametri 250 km gacha yetadi. Oy sharsimon boʻlganligi sababli, katta sirklarning ichi teleskopda qabariq boʻlib koʻrinadi. Halqasimon togʻlar orasida, markaziy qismida chudili tepaliklar boʻlgan togʻlar ajralib turadi. Ular kraterlar deb ataladi. Odatda, kraterlar sirklardan kichik boʻladi, lekin diametri 100 km ga yetadiganlari ham uchraydi.

Oyda tizma togʻlar kraterlardan kamroq uchraydi. Oydagi tizma togʻlarga Yerdagi togʻlarning nomlari berilgan. Masalan, Oy xaritalarida Alp, Karpat, Oltoy, Kavkaz va boshqa togʻlar bor. Oyning Janubiy qutbi atrofida togʻlar benixoyat koʻp, balandi Leybnits togʻi – 9 km. Oyning bizga koʻrinmaydigan tomonida togʻli joylar koʻp, krramtir tekislik va dengizlar juda kam. Oy orqa tomonining qitʼalarida diametri 200—500 km li katta-katta kraterlar kup. „Zond-3“ yordamida olingan 5 mln. km² ga yaqin hudud aks ettirilgan fotosuratda 484 tadan ortiq krater bor.

Oy sunʼiy yoʻldoshlari yordamida Oydan keltirilgan ayrim vulqon jinslarining yoshi qariyb 4,5 milliard yilligi aniqlandi. Bu yillar davomida Oyning tuzilishi, fizik tabiati, kimyoviy tarkibida katta oʻzgarishlar yuz bergan. Lekin shular asosida Oyning paydo boʻlishi haqida uzil-kesil biror fikr aytish qiyin. Oyning paydo boʻlishi va taraqqiyotini muhim maʼlumotlarga tayangan ilmiy gipotezalar asosida kosmogoniya fani tushuntiradi.

Oyni tadqiq qilishning yangi bosqichi Oyga sayyoralararo avtomatik stansiyalar (SAS)ni uchirishdan boshlandi. Oyni „Luna“ va „Zond“ tipidagi SASlar bilan, „Lunar Orbiter“, „Serveyer“ va asosan, „Apollon“ dasturi yordamida tadqiq qilindi. Oyning toʻliq xaritasi va globusini yasash imkoni tugʻildi. 1966-yil 31-yanvarda uchirilgan SSSRning „Luna-9“ KK 1966-yil 3-fevralda Oyga birinchi marta yumshoq qoʻndirildi. Uning yordamida O. panoramasi Yerga uzatildi. Oy atrofida aylanuvchi sunʼiy yoʻldosh 1966-yil 31-martda uchirilgan „Luna-10“ stansiyasi bilan boshlandi. U 1966-yil 3-aprelda Oyning birinchi sunʼiy yoʻldoshiga aylantirildi. Oyga qoʻndirilgan SASlar Oy tuprogʻini, uning kimyoviy tarkibini va mexanik xossalarini, fizik sharoitini oʻrganishga imkon berdi. Maʼlum boʻlishicha, Oy sirtqi qismining zichligi 1,1 – 1,2 g/sm³ boʻlib, 1 kg/sm³ nagruzkagacha chidaydi. 1969-yil 21-iyulda Oyga birinchi marta amerikalik astronavtlar N. Armstrong va E. OldrinApollo 11“ (AQSH) kosmik kemasi yordamida uchirildi va Oy sirtiga qoʻndirildi. Keyingi „Apollo“larda uchirilgan 18 ta astronavtdan 10 tasi Oyga qoʻndirilib, ular Oyda tekshirish olib bordilar va u yerdan bir necha yuz kg tuproq, togʻ jinslari, kristallar namunalarini Yerga olib tushdilar. 1970-yil 20-sentabrda „Luna-16“ stansiyasi Oy tuprogʻini 35 sm chuqurlikkacha qazib, undan olingan namunalarni Yerga olib keldi. Oy tuprogʻi va jinslaridan namunalar keyinchalik „Luna-20“ va „Luna24“ avtomatik stansiyalar tomonidan ham keltirib oʻrganildi. sirtining fizik sharoitlari, tuproq namunalari, shuningdek, SSSRning "Lunoxod-1,2 („Luna-17“ tomonidan Oyga 17.11,1970 va „Luna-21“ tomonidan 16.01.1973-yilda eltilgan) ilmiy tadqiqot laboratoriyalari tomonidan ham yaxshi oʻrganildi (qarang "Lunoxod"). Bu apparatlar yordamida Oyda issiklik oqimining oʻzgarishi, magnit maydoni, radiatsiya darajasi, Quyosh shamoli ning tarkibi va intensivligi oʻrganildi.

Oyning kosmik apparatlar qoʻndirilgan hamma joyida Oy sathi regiolit bilan qoplanganligi aniqlandi. Regiolit – yumshoq qoʻngʻir rangli tuproq qatlami boʻlib, qalinligi bir necha metrdan bir necha oʻn metrgacha. Regiolitning baʼzi boʻlaklarida meteorit zarralari topilgan. Yerga keltirilgan namunalar orasida ikki turli jinslarni uchratish mumkin: vulqon jinslari (lavalar) va meteoritlar tushganida maydalangan va erigan jinslar (shisha siniqlarini eslatuvchi jinslar – brekchiya). Vulqon jinslarining asosiy massasi Yerdagi bazaltlarga oʻxshaydi. Ularda plagioklaz, piroksen, ilmenit, olivin, shpinel, sirkon, apatit, metalli temir va mis uchraydi. Shuningdek, Oydan keltirilgan namunalarda norit, anortozit, datsit va kaliy, fosforlar borligi aniqlandi. Oy tuprogʻida kremniy oksidi (SiO2) 44% ga yaqinni, temir oksidi (FeO) – 19,5% ni, alyuminiy oksidi (A12O3) – 14% ni, titan oksidi (TiO2) – 4% ga yaqinini tashkil etadi. Jinslarning barcha turlari Oy qaʼrida uzoq vaqt davom etgan erish jarayonida hosil boʻlgan. Oy jinslari qator xossalari bilan Yernikidan farq qiladi. Ularda suv gʻoyat kam, natriy va uchuvchi elementlar esa juda oz miqdorda uchraydi, baʼzi namunalarda titan va temir juda koʻp[1]

Oy tuprogʻidan namuna

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xitoy milliy muzeyi „Chane-5“ kosmik kemasi tomonidan 2020-yilning dekabr oyida Yerga olib kelingan Oy tuprogʻi namunasini jamoatchilikka namoyish etdi. Maxsus kristallga oʻxshash shaffof idishga joylashtirilgan namunaning vazni 100 gramm, balandligi 38,4, kengligi 22,8 santimetrni tashkil etadi. Ushbu oʻlchamlar tasodifan tanlanmagan: birinchi raqam Yerdan Oygacha boʻlgan masofani (384 ming kilometr), ikkinchisi esa namunani yigʻish va yetkazib berish jarayonini oʻz ichiga olgan kunni anglatadi[2].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. „Хитой миллий музейи Ойдан олинган тупроқ намуналарини жамоатчиликка намойиш этди“. Bugun.uz. 13-iyul 2021-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021 йил 1 март. (Wayback Machine saytida 13-iyul 2021-yil sanasida arxivlangan)