Ilhomjon Inogʻomjonov
Bu maqolaga boshqa birorta sahifadan
ishorat yoʻq. (May 2024) |
Ilhomjon Inog'omjonov | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi | 1873-yil |
Vafoti | 1938-yil |
Fuqaroligi | SSSR |
Millati | oʻzbek |
Kasbi |
|
Ilhomjon Inogʻomjonov (1873—1938) — sovet xalq hofizi, atoqli sanʼatkor va musiqachi.
Hayoti va mehnat faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ilhomjon Inogʻomjonov xalq orasida „Ilhom samovarchi“ nomi bilan shuhrat qozongan. 1873-yilda bandak toʻquvchi oilasida dunyoga kelgan. Dastlab eski usuldagi maktabda tahsil olgan va oilasiga koʻmaklashish uchun turli kasblarni oʻrgangan. Shu oʻrinda oʻz davrining atoqli sanʼatkorlaridan hofizlik va sozandalik sir-asrorlarini oʻrgangan.
Keyinchalik oʻgʻli Ilyosjon bilan birga hofiz va sozanda sifatida nom qozongan va Buxoro amirligi hamda Turkiston oʻlkasining koʻplab shahar va qishloqlarida oʻtkazilgan tadbirlarda ishtirok etgan. Eng qiziqarlisi shundaki, unda doim yangiliklarni oʻrganishga katta ishtiyoq boʻlgan. Bir ovrupalik suratkashdan qish faslida koʻmir tashib berish evaziga fotosurat olish sir-asrorlarini oʻrganib oladi. Soʻngra 1902-yilda oʻzi boshqarib turgan eski shahardagi choyxonasida xususiy foto-studiya ochadi.
1903-yida Turkiston gubernatoriga murojaat qilib muhr yasash uchun ustaxona ochishga izn soʻraydi va uni matbaaga aylantiradi, nomini esa „Matbaai Ilhomiya“ deb ataydi. Bu yerda nafaqat muhr yasash, balki toʻylarga taklifnomalar, eʼlonlar va maromnomalar bosish bilan shugʻullangan. Inogʻomjonov topgan pullarini maʼlum bir qismini oʻz safdoshlari bilan birgalikda 1909-yilda tashkil etgan „Jamiyati imdodiya“ (Xayriya jamiyati) zahirasiga oʻtkazib turgan.
Shuningdek, 1902-yilda Varshava shahriga borib grammafon va plastinka chiqaruvchi zavod bilan aloqa bogʻlaydi. Zavodning Riga shahridagi ovoz yozish studiyasi bilan ham aloqa oʻrnatib, Toshkentda „Musulmon oʻlkalaridagi shirkat mugʻanniylari hofizlari“ shoʻbasining tashkil topishiga asos soladi.
Mulla Toʻychi hofiz, Sodirxon hofiz Xoʻjandiy, Hoji Abdulaziz Samarqandiy, Levicha hofiz, Hamroqul qori, Nabi qori, Mulla Islom Mirzohid oʻgʻli, opa-singil Mozodaxon, Netayxonlarning va mashhur ashulachi Adolchaxonning „Tanovvor“ qoʻshigʻini ilk bor yozib olgan va ommalashtirilishiga sababchi boʻlgan. Ushbu yozuvlarni sotishdan yigʻilgan daromadning bir qismini ham „Jamiyati immodiya“ga oʻtkazgan.
1913-yilda oʻz safdoshlari bilan hamkorlikda „Nashriyot“ firmasini tashkil etishda ishtirok etadi. 1917—1925-yillarda „Jamiyti hayriya“ raisi, ochlarga yordam uyushmasi aʼzosi, 1918—1919-yillarda esa soʻl es-erlar firqasiga aʼzo boʻlib, Toshkent eski shahar boʻlimini boshqargan. 1919—1921-yillar oraligʻida soʻl es-erlar va yangi aʼzo boʻlgan bolsheviklar firqasi bilan ham aloqasini mutlaqo uzadi. 1936-yilga qadar muhr yasash ustaxonasida faoliyatini davom ettiradi[1].
Ayblov
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ilhomjon Inogʻomjonov 1938-yil 23-yanvarda qamoqqa olindi. Unga maxfiy tashkilot bilan aloqada boʻlganlik va maxfiy bosmaxona saqlash aybi qoʻyildi[2].
Oʻlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1938-yilning 4-oktabrida otuvga hukm qilingan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Kutubxonachilik ishi tizimining rivojlanishi“. e-library.namdu.uz. Qaraldi: 12-may 2024-yil.
- ↑ Ahmad, Sirojiddin. Qizil mustamlaka: e'lon qilinmagan urush Katta qirg'in qomusi (1929-1950). Toshkent: Info Captal Books, 2022-yil — 635-bet. ISBN 978-9943-5789-3-7.