[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Kinofestival

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kinofestival (kino… va frans. festival — bayram) — kino sanʼati asarlarining turli shaklda oʻtkaziladigan koʻrigi. Kinematografiyasi rivojlangan koʻpgina davlatlar milliy kino sanʼatining eng yaxshi yutuqlarini namoyish etish, keyingi rivojlanish yoʻnalishini belgilab olish, xalqlarning oʻzaro yaqinlashuvi, sanʼat rivojiga oʻz hissalarini qoʻshish maqsadida kinofestivallar uyushtiradi.

Kinofestivalning anʼanaviy turi — xalqaro kinofestivallardir. Ular konkursli yoki konkurssiz, ixtisoslashgan va ixtisoslashmagan boʻladi. Konkursli xalqaro kinofestivallarda hakamlar hayʼati film yaratuvchilari (rejissyor, aktyor, operator, rassom va boshqalar)ni mukofot, sovrin, diplom va boshqa bilan takdirlaydilar. Konkurssiz festivalda koʻrsatilgan har bir film „festival katnashchisi“ degan diplom, shuningdek, turli tashkilotlar taʼsis etgan mukofot va sovrinlarga ega boʻladilar.

Maxsus xalqaro kinofestivallar janrlar (hujjatli, multiplikatsion, ilmiy-ommaviy, reklama filmlar va boshqalar), regionlararo (Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi, Boltiq boʻyi va MDH, arab mamlakatlari va boshqalar), boshqa ajratib turuvchi jihatlar (yosh rejissyorlar filmi, festivallar festivali, ayol rejissyor kabi) asosida oʻtkaziladi. Har bir kinofestivalning aniq belgilangan vaqti („kun“, „dekada“, „turkum“, „oylik“, „haftalik“ kabi) hamda koʻrsatiladigan filmlar soni (konkursga kiritilgan yoki informatsion filmlar) oldindan maʼlum boʻladi. Reglamentga asosan ilgari biror kinofestivalda mukofotlangan filmlar konkursga kiritilmaydi.

Jahonda oʻtkaziladigan eng yirik kinofestivallardan qad.si Venetsiya (Italiya) kinofestivalidir (1932). Bu festivalning Bosh. sovrini „Avliyo Markning oltin sheri“ (eng yaxshi filmga, eng yaxshi debyutga, eng yaxshi ayol va erkak roliga). Cannes xalqaro kinofestivali 1946-yil dan har yili aprel—may oylarida oʻtkaziladi. Bosh sovrini „Oltin palma shoxi“, Katta maxsus sovrin „Oltin kamera“ (eng yaxshi ayol va erkak roli, eng yaxshi rejissura, eng yaxshi operatorlik ishi, eng yaxshi debyut uchun).

Berlin xalqaro kinofestivali 1951-yildan mavjud. Eng katta sovrin „Oltin ayiq“, keyingisi „Kumush ayiq“. Har yili SanSebastyan (Ispaniya)da oʻtkaziladigan xalqaro kinofestival 1953-yildan faoliyat koʻrsatadi. Sovrinlari: „Katta oltin chigʻanoq“, „Oltin chiganoq“, „Kumush chigʻanoq“.

Moskva xalqaro kinofestivali 1959-yildan oʻtkaziladi. Bosh sovrini „Avliyo Georgiy“.

Birinchi Toshkent xalqaro kinofestivali 1968-yilda oʻtkazilgan. Shundan buyon Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari festivali sifatida faoliyat koʻrsatadi. Bosh sovrini: „Oltin semurgʻ“ (eng yaxshi film uchun), „Xoʻja Nasriddin“ (eng yaxshi rejissura uchun), „Kumush semurgʻ“ (eng yaxshi debyut uchun), „Oltin archa“ (eng yaxshi erkak roli uchun), „Oltin lola“ (eng yaxshi ayol roli uchun) (yana qarang Toshkent xalqaro kinofestivali)[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil