[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Karadrina

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Karadrina, kichik quruqlik tunlami — tunlamlar oilasiga mansub kapalak. Tanasining uzunligi 11–13 mm, qanotlari yoyilganda 23–34 mm. Tuxumini (16–150 ta) toʻp-toʻp qilib oʻsimlikka, kuzda esa tuproqqa qoʻyadi. Yashil yoki qoʻngʻir kulrang tusdagi qurtining uzunligi 2,5–3,0 sm, 16 ta oyogʻi bor. Havo haroratiga qarab yilda 2–8 avlod beradi. Rivojlanish davri uchun samarali harorat yigʻindisi 350° boʻlishi shart. Rivojlanish sikli Oʻrta Osiyoda issiq oylarda 19–20, kech kuzda esa 60 va undan koʻproq kunda tugaydi. Karadrinaning yashash areali juda keng. Har xil iqlim mintaqalarida va yil fasliga qarab kapalagi maʼlum ozuqa oʻsimligini tanlaydi. Dukkakdoshlar, galladoshlar, shoʻradoshlar, piyozguldoshlar va boshqalar oilaga mansub oʻsimliklar bilan oziqlanadi. Gʻoʻza va boshqalar oʻsimliklarning xavfli zararkunandasi. Begona oʻtlardan shoʻra, pechak va yantoqni yoqtiradi. Ekinlarga, ayniqsa, maysalik va gʻunchalash davrida katta zarar keltirib, ularni baʼzan butunlay quritib qoʻyadi.

Kurash choralari: kuzda agrotexnik choralar (kuzgi haydash, qishki sugʻorish va boshqalar) ni oʻz vaqtida oʻtkazish. Bahor va yozda karadrina borligi aniqlanganda insektitsidlar (2–2,5 kg/ga) bilan kimyoviy ishlov berish; biologik vositalardan dendrobatsillin (4–6 kg/ga), shuningdek, trixogrammadan foydalanish mumkin.