[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Dissotsiatsiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Elektrolitik dissotsiatsiyadan yoʻnaltirildi)

Dissotsiatsiya, dissotsiatsiyalanish (lot. dissociatio— ajralish, parchalanish) — modda molekulalari radikallari yoki ionlarining qaytar holda parchalanishi. D. termik, elektrolitik va fotokimyoviy turlarga ajratiladi. Termik Dissotsiatsiya— moddaning issiqlik taʼsirida parchalanishi. Masalan, ammoniy gidrosulfid NH4HS qizdirilganda ammiak va vodorod sul-fidga parchalanadi. Neft krekingi, sanoatda koʻp moddalarni olish (masalan, kalsiy karbonatdan ohak olish) usullari termik Dissotsiatsiyaga asoslangan. Elektrolitik Dissotsiatsiya —elektrolitlar suvda eritilganda ulardagi molekulalarning musbat va manfiy zaryadli ionlarga parchalanishi. Erituvchi, jumladan suvning qutbli molekulalari elektrolit molekulalariga taʼsir etib, ularning parchalanishiga sabab boʻladi. Elektrolitik Dissotsiatsiyada hosil boʻlgan ionlar va erituvchi molekulalari bir-biriga taʼsir etadi; ionlar suv bilan birikib, gidratlar hosil qiladi (masalan: OH — gidroksoniy). Dissotsiatsialangan molekulalar sonining eritilgan modda molekulalari umumiy soniga nisbati elektrolitik Dissotsiyalanish darajasi deb ataladi, bu esa eritilgan modda (elektrolit)ning tabiatiga, shuningdek, eritma konsentratsiyasiga bogʻliq (eritma suyultirilgan sayin elektrolitik D. darajasi oshadi). Elektrolitik Dissotsiyalanish darajasi 1 ga teng boʻlganda kimyoviy muvozanat barqaror bo‘ladi. Elektrolitik Dissotsiyalanish darajasiga qarab, elektrolitlar kuchli (batamom dissotsiatsiyalanadigan) va kuchsiz (qisman dissotsiatsiyalanadigan) elektrolitlarga boʻlinadi, ammo bu shartli tushuncha, chunki bir elektrolitning oʻzi bir sharoitda kuchli, boshqa sharoitda esa kuchsiz boʻlishi mumkin (masalan: vodorod xlorid (HCl)suvda kuchli elektrolit, boshqa baʼzi erituvchilarda esa kuchsiz elektrolit xossalarini namoyon qiladi). Yoruglik nuri taʼsirida fotokimyoviy D. sodir boʻladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil