Al-Mustakfiy
al-Mustakfiy billoh المستكفي بالله | |||||
---|---|---|---|---|---|
Xalifa Moʻminlar amiri | |||||
al-Mustakfiyning kumush dirhami (945-yil) | |||||
Abbosiylar xalifaligining 22-xalifasi | |||||
Saltanat | 944-yil sentyabr — 946-yil 29-yanvar (yoki 9-mart) | ||||
Oʻtmishdoshi | al-Muttaqiy | ||||
Davomchisi | al-Mutiy | ||||
Tugʻilishi |
908-yil 11-noyabr Bagʻdod, Abbosiylar xalifaligi | ||||
Vafoti |
949-yil sentyabr Bagʻdod, Iroqdagi Buvayhiylar amirligi | ||||
Farzandlari | Muhammad ibn al-Mustakfiy | ||||
| |||||
Sulola | Abbosiylar | ||||
Otasi | al-Muktafiy | ||||
Onasi | Gʻusn | ||||
Dini | Islom (Sunniylik) |
Abulqosim Abdulloh ibn Ali (arabcha: أبو القاسم عبد الله بن علي) (908—949-yil sentyabr/oktyabr), al-Mustakfiy billoh (arabcha: المستكفي بالله[1]) hukmdorlik nomi bilan mashhur, 944—946-yillarda hukmronlik qilgan Bagʻdoddagi Abbosiy xalifa.
Al-Mustakfiy xalifa al-Muktafiyning kenja oʻgʻli boʻlib, shuning uchun ham Abbosiylar xalifaligi deyarli qulab, xalifalr oʻzaro raqib sarkardalar qoʻlidagi qoʻgʻirchoqqa aylanib qolgan davr, 908—944-yillarda hukmronlik qilgan xalifa al-Muqtadir avlodiga raqib boʻlgan. Al-Mustakfiyni taxtga avvalgi xalifa al-Muttaqiyni taxtdan ag‘darib, ko‘r qilgan turk sarkardasi Tuzun chiqargan. Al-Mustakfiy 945-yil avgustida Tuzunning oʻlimidan soʻng paydo boʻlgan hokimiyat boʻshligʻi sharoitida shialarga qarshi choralar koʻrib, harakat erkinligining bir qismini qayta tiklashga harakat qilgan. Biroq xuddi shu boʻshliq buvayhiylarga Bagʻdodni egallash imkonini bergan. Al-Mustakfiy buvayhiylarni qonuniy hukmdorlar deb tan olib, ularga shohlik unvonlarini berishga majbur boʻlgan. Biroq, tez orada ularga qarshi fitna uyushtirganlikda ayblanib, 946-yilning yanvarida (yoki martida) taxtdan chetlatilgan. Hayotining soʻnggi yillarini qamoqda oʻtkazgan. Oʻgʻlining tax. 968-yilda xalifalikka daʼvo qilish uchun urinishi muvafaqqiyatsiz yakunlangan.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yoshlik davri va xarakteri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Al-Mustakfiy 908-yil 11-noyabrda[2] xalifa al-Muktafiy (h. 902–908) va yunon kanizak Gʻusndan tugʻilgan[3]. Solnomachilar sport va oʻyinlarni yaxshi koʻradigan, nabidga (achchiq ichimliklar) ixlos qoʻygan deb taʼriflashgan. Aytishlaricha, shialarga xayrixoh boʻlgan va Bagʻdod ayyorlari (shahar daydilari va jangchilari) bilan yaqin aloqada boʻlgan[3]. Uning ayyorunlar bilan aloqasi, „qo‘pol“ o‘yinlarda qatnashishi jamiyatning taqvodor qatlamlarini haqorat qilish hisoblangan[4].
Kelib chiqishi: Abbosiylar xalifaligining tanazzulga uchrashi
[tahrir | manbasini tahrirlash]930-yillarga kelib, bir vaqtlar qudratli boʻlgan Abbosiylar xalifaligi tanazzulga yuz tutgan. Mahalliy sulolalar taʼsiriga oʻtayotgan mamlakatning chekka viloyatlari moliyaviy ahvol yomonligi sababli sarkardalarga boy berilgan. Jumladan, Mosulda hamdoniylar, Basrada baridiylar, gʻarbiy Eronda buvayhiylar kabi turli kuchlar mamlakatning turli qismlarini egallab olgan. Turli kuchlar xalifalik poytaxti Bagʻdodni nazorat qilish va Abbosiylar hukumati ustidan nazoratni amalda oʻz zimmasiga olgan amir ul-umaro unvoni uchun raqobatlashgan[5][6]. Shu bilan birga, hukmron Abbosiylar sulolasining o‘zi ham bir tomondan al-Muktafiy avlodlari, ikkinchi tomondan uning ukasi va vorisi al-Muqtadir (h. 908–932) avlodlari o‘rtasidagi raqobat va janjallarga duchor bo‘lgan. Al-Muqtadirning oʻgʻli ar-Radiy (h. 934–940) davrida al-Muktafiyning uchta oʻgʻli qatl etilgan yoki qamoqqa tashlangan. Xalifaning oʻzi esa ikki ukasi va garovda ushlab turilgan Abbosiy shahzodalar tufayli qiyinchiliklarga duch kelgan[7].
Ar-Radiyning ukasi al-Muttaqiyni (h. 940–944) esa amir ul-umaro Bajkam taxtga chiqargan. Xalifa oʻz idorasi mustaqilligi va obroʻ-eʼtiborini tiklash uchun mintaqa qoʻmondonlarining raqobatidan foydalanishga uringan, ammo urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchrab, 944-yil sentyabrda amir ul-umaro Tuzun tomonidan taxtdan agʻdarilib, koʻr qilingan[8][9]. 11-asr tarixchisi al-Xatib al-Bagʻdodiyga koʻra, bu misli koʻrilmagan ish xalifa hokimiyatining yakuniy qulashi boʻlgan[10]. Al-Muttaqiy oʻrniga 36 yoshli al-Mustakfiy taxtga oʻtirgan[3].
Al-Mustakfiy xalifaligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Al-Mustakfiyning taxtga o‘tirishi 36 yildan so‘ng al-Muktafiy naslining taxtga qayta tiklanishini anglatib, yangi xalifa boshidanoq ataylab otasiga ishora qilgan. Tanlangan hukmdorlik ismi atayin al-Muktafiy nomini aks ettirib, xalifa Bagʻdodga kirishda otasining tantanali bosh kiyimini (qalansuva) kiygani aytiladi[11]. Bu voqea va o‘g‘li Abulhasan Muhammadning tezda merosxo‘r etib tayinlanishi al-Mustakfiy otasining muvaffaqiyatli hukmronligiga ishonch bilan taqlid qilmoqchi bo‘lganini koʻrsatadi[12]. Biroq, aslida yangi xalifa turkiy qo‘shinlar qo‘g‘irchog‘i bo‘lib, hukmronligi boshidayoq xazina boʻshab qolgan va natijada paydo boʻlgan tartibsizlik va qashshoqlik hatto Bagʻdodga ham tahdid sola boshlagan[3]. Bu davr xalifalari ixtiyorida qolgan yagona siyosiy manevr erkinligi qaysi sarkarda bilan ittifoq tuzishni tanlash boʻlgan. Harbiy qo'mondonlar uchun xalifa qonuniylik manbai boʻlib, zukko xalifa oʻzidan oldingilar vazirlarni oʻzgartirganidek, turli sarkardalar oʻrtasida raqobatdan oʻz mavqeini mustahkamlashda foydalanishi mumkin boʻlgan[13].
Shu bilan birga, al-Mustakfiy al-Muqtadirning qolgan oʻgʻillarining kattasi va oldingi ikki xalifaning akasi al-Muttaqiy va ar-Radiy al-Fadl kabi potentsial raqiblarini taʼqib qilgan. Yosh shahzodalar al-Mustakfiy va al-Fadl Tohiriy saroyida yashaganlaridayoq bir-birlaridan nafratlanishgan. Al-Mustakfiy taxtga o‘tirgach, al-Fadl ehtiyotkorlik bilan yashiringan. Qasoskor al-Mustakfiy uning uyini yoqib yuborgan[4][3][14]. Bag‘doddagi yangi tuzumga Basra baridiylari bilan ittifoq tuzgan buvayhiylar sharq va janubdan tahdid solar edi[3][15]. Buvayhiylarning 944-yil bahorida Vositni egallashga urinishi ham, 944-yil yozida Tuzun shimolda band boʻlgan vaqtda Bagʻdodga bostirib kirishi ham muvaffaqiyatsizlikka uchragan. 945-yil bahorida buvayhiylar Vositni egallashga muvaffaq boʻlsa-da, Tuzun Hamdoniylar bilan sulh tuzgach, chekinishga majbur boʻlishgan[16].
Tuzun Bagʻdod ustidan nazoratni saqlab qolish uchun turli raqiblarga qarshi tura olgan. Biroq, u 945-yil avgustida vafot etib, uning oʻrniga qoʻshinlar bilan bir xil hokimiyatga ega boʻlmagan kotibi Ibn Shirzod kelgan[3][17][18]. Ibn Shirzodning zaifligidan xalifa tezda foydalanib, oʻzining islom yetakchiligiga boʻlgan daʼvosini kuchaytirish uchun yangi unvon, yaʼni „Haqli Imom“ (Imom ul-Haq) unvonini olgan. Shuningdek, xalifa shialarga qarshi choralar koʻrgan. Jumladan, shialar yetakchisi ash-Shofeiyni qamoqqa tashlagan. Buzuq qozilar, jumladan, bosh qozi Muhammad ibn Abu ash-Shavoribni ishdan boʻshatgan[19].
Ibn Shirzod oʻzi nazorat qilishni eplay olmaganini sezib, Mosuldagi Hamdoniy Nosir ad-Davladan yordam soʻragan[3]. Aynan shu vaqtda Vosit hokimi buvayhiylar rahbari Ahmad ibn Buyoga taslim bo‘lib, Bag‘dod yurishiga qo‘shilgan[20]. Yoʻlboshchisiz qolgan poytaxt turkiy qoʻshinlari qarshilik koʻrsatishga tayyorgarlik koʻrmagan. Yashirinib olgan Ibn Shirzod va xalifa turkiylar Hamdoniylarga qoʻshilish uchun shaharni tark etgach, paydo boʻldilar. Poytaxtga Ahmad ibn Buyoning elchisi yetib kelganda, al-Mustakfiy ularning kelganidan xursanddek koʻringan[21].
Qulashi va vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Buvayhiy qoʻshinlari Bagʻdodga qarshiliksiz kirib kelgach, 21-dekabrda al-Mustakfiy buvayhiylar hokimiyatini tan olishga majbur boʻlgan. Ahmad Muizz ud-Davla (Sulolani sharaflantiruvchi) sharafli nomini qabul qilgan. Shuningdek aka-ukalari Hasan (Rukn ud-Davla, „Sulola ustuni“) va Ali (Imod ad-Davla, „Sulola tayanchi“) ham shu kabi sharafli nomlar olishgan[3][16][22]. Buvayhiylar oilaviy tizimiga ko‘ra, amir ul-umaro unvoni Muizz ud-Davlaga emas, balki to‘ng‘ich akasi Imod ud-Davlaga o‘tib, u bosh buvayhiy amiri bo‘lgan[23]. Al-Mustakfiy endi buvayhiylar nazorati ostida boʻlgani sababli, Hamdoniylar uni xalifa deb tan olishni darhol toʻxtatib, sobiq xalifa al-Muttaqiyga bayʼat eʼlon qilgan[24][25].
Xabarlarga ko‘ra, Al-Mustakfiyning o‘zi buvayhiylarning Daylamiy zobitlaridan bir nechasi bilan Muizz ud-Davlaga qarshi harakat qilgan. Natijada 946-yil 29-yanvarda (boshqa maʼlumotlarga koʻra, 9-martda) Muizz ud-Davlaning buyrugʻi bilan taxtdan chetlatilgan[2][26]. Al-Mustakfiy hibsga olinishi uchun keltirilgan sabab shunchaki bahona boʻlishi ham mumkin[26]. Tarixchi Garold Bouen bu harakatni „siyosiy zarurat“ deb atagan. Bu harakat juda ramziy maʼnoga ega boʻlib, hokimiyat markazi qayerda ekanligini aniq koʻrsatib bergan[14].
Garchi buvayhiylar va ularning tarafdorlari shialarga xayrixoh boʻlishsa-da, Muizz ud-Davla odamlari oʻziga emas, balki xalifaga boʻysunishidan qoʻrqib, shia xalifasini taxtga chiqarib (yoki Ismoiliy Fotimiy xalifalarini tan olib), tavakkal qilmaslikni afzal koʻrgan. Buning oʻrniga yashirinib yurgan al-Fadl al-Mutiy nomi bilan xalifa etib tayinlangan. Haqiqiy hokimiyatga ega boʻlmagan yangi xalifa amalda buvayhiylar rejimiga qonuniylik bergan qoʻgʻirchoq hukmdor boʻlgan[14]. 946-yil yozida tinchlik shartnomasi tuzilganidan keyin Hamdoniylar al-Mutiyni xalifa deb tan olsa-da, sharqda Somoniylar 955-yilgacha al-Mustakfiyni xalifa deb tan olishda davom etgan[27].
Al-Mutiyning qasos harakati tufayli al-Mustakfiyning ham koʻzi koʻr qilingan boʻlishi mumkin[28]. Sobiq xalifa umrining qolgan qismini xalifalik saroyida mahbuslikda oʻtkazib, 949-yil sentyabrda vafot etgan[2][26][29]. Al-Muktafiy avlodlarining al-Mutiydan xalifalikni qaytarib olishga urinishlari muvafaqqiyatsizlikka uchragan. Al-Mustakfiyning jiyanlaridan biri Abu Nasr Isʼhoq 960-yilda Ozarbayjonda isyon ko‘tarmoqchi bo‘lgan. Al-Mustajir billoh („Xudodan madad so‘ragan“) hukmronlik nomini qabul qilgan. Biroq mahalliy Musofiriy hukmdorlardan mag‘lubiyatga uchragan[30]. 967-yilda Muizz ud-Davla vafot etgach, al-Mustakfiyning oʻgʻli va tayinlangan merosxoʻri Abulhasan Muhammad Iroqqa kelgan. Shaxsini yashirib, oʻzini Mahdiy deb daʼvo qilgan va koʻplab tarafdorlar toʻplashga muvaffaq boʻlgan boʻlsa-da, oxir-oqibat topilib, qoʻlga olingan. U qochishga muvaffaq boʻlgan boʻlsa-da, taxtni egallash umidlari hech qachon amalga oshmagan. Shu tariqa al-Mustakfiy naslidagi xalifalik daʼvolariga ham barham berilgan[30][31].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Bowen 1928, s. 385.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 Özaydin 2006, s. 139.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 3,6 3,7 3,8 Bosworth 1993, s. 723.
- ↑ 4,0 4,1 Busse 2004, s. 25.
- ↑ Kennedy 2004, ss. 191–197.
- ↑ Busse 2004, ss. 17–19.
- ↑ Busse 2004, ss. 20–21.
- ↑ Busse 2004, ss. 21–24.
- ↑ Kennedy 2004, ss. 196, 312.
- ↑ Busse 2004, s. 23.
- ↑ Busse 2004, ss. 23–24.
- ↑ Busse 2004, ss. 24, 29.
- ↑ Donohue 2003, s. 8.
- ↑ 14,0 14,1 14,2 Bowen 1928, s. 392.
- ↑ Kennedy 2004, s. 196.
- ↑ 16,0 16,1 Busse 2004, s. 19.
- ↑ Busse 2004, ss. 19, 25.
- ↑ Kennedy 2004, ss. 196, 215.
- ↑ Busse 2004, ss. 25–26.
- ↑ Bowen 1928, s. 386.
- ↑ Bowen 1928, ss. 386–387.
- ↑ Bowen 1928, s. 388.
- ↑ Donohue 2003, ss. 13–14, 18.
- ↑ Bosworth 1993, ss. 723–724.
- ↑ Busse 2004, s. 27.
- ↑ 26,0 26,1 26,2 Bosworth 1993, s. 724.
- ↑ Busse 2004, s. 28.
- ↑ Busse 2004, s. 158.
- ↑ Busse 2004, ss. 158–159.
- ↑ 30,0 30,1 Busse 2004, s. 29.
- ↑ Donohue 2003, s. 56.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Bosworth, C. E. (1993). "al-Mustakfī". in Bosworth, C. E.. Encyclopaedia of Islam. Volume VII: Mif–Naz (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. 723–724 b. doi:10.1163/1573-3912_islam_SIM_5621. ISBN 978-90-04-09419-2. https://referenceworks.brillonline.com/search?s.q=al-Mustakf%C4%AB&s.f.s2_parent=s.f.book.encyclopaedia-of-islam-2&search-go=Search.
- Bowen, Harold. The Life and Times of ʿAlí Ibn ʿÍsà, ‘The Good Vizier’. Cambridge: Cambridge University Press, 1928. OCLC 386849.
- Busse, Heribert. Chalif und Grosskönig - Die Buyiden im Irak (945-1055) (German). Würzburg: Ergon Verlag [1969], 2004. ISBN 3-89913-005-7.
- Donohue, John J.. The Buwayhid Dynasty in Iraq 334 H./945 to 403 H./1012: Shaping Institutions for the Future. Leiden and Boston: Brill, 2003. ISBN 90-04-12860-3.
- Kennedy, Hugh. The Prophet and the Age of the Caliphates: The Islamic Near East from the 6th to the 11th Century, Second, Harlow: Longman, 2004. ISBN 978-0-582-40525-7.
- Özaydin, Abdülkerim (2006). "Müstekfî-Bi̇llâh" (Turkish). TDV Encyclopedia of Islam, Vol. 32 (el-Münci̇d – Nasi̇h). Istanbul: Turkiye Diyanet Foundation, Centre for Islamic Studies. 139–140 b. ISBN 978-975-389-454-8. https://islamansiklopedisi.org.tr/mustekfi-billah.
- Qirollik bilgiqutisida nomaʼlum parametrlar qoʻllangan sahifalar
- Abbosiy xalifalari
- 908-yilda tugʻilganlar
- 949-yilda vafot etganlar
- 10-asr Abbosiy xalifalar
- Abbosiy xalifalarning oʻgʻillari
- Buvayhiylar sulolasi kishilari
- Buvayhiylar sulolasining mahbuslari va asirlari
- Taxtdan tushirilgan monarxlar
- 10-asr Iroqda
- X asr Abbosiy xalifalari